O‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq. Chaqaloqni ko‘rdikmi, bas, suyamiz, erkalaymiz, boshimizga ko‘taramiz. Axir bolalik – poshsholik, deb shunga aytishadi-da. Onalarimiz ko‘chada qaysidir bolakayning yig‘layotganini ko‘rishsa, jim o‘tib keta olmaydilar. Otalarimiz nabiralarini yelkalarida ko‘tarib, yotgan joylarida ham “Dorbozi falak” (bu o‘yin ikki kishi: yosh bola va ota yoki bobo o‘rtasida amalga oshiriladi. Odatda katta yoshli kishi yotgan holatda bolaning qorin qismini o‘z oyog‘iga moslaydi va qo‘lidan mahkam ushlab, avaylab tepaga ko‘taradi. Bola tepaga ko‘tarilayotgan paytda ota tomonidan “Dorbozi falak, o‘ppala” deyiladi. Bu so‘zlardan keyin bola ham beixtiyor qiqirlab, kulib yuboradi) o‘ynab o‘tiradi.
Ha, bu kabi odatlarimiz bor bo‘lsin. Bu odatlar, shubhasiz, xalqimizning bolajon xalq, mehribon xalq sifatida dunyo hamjamiyatida obro‘ qozonishida muhim ahamiyat kasb etgan. Ammo bugun...
Odatda bolajonlar gapirishga harakat qilayotgan paytda unga “ota”, “ona”, “dada”, “bobo”, “buvi”, “ena” so‘zlari o‘rgatiladi. Bolaning tili dunyodagi eng go‘zal so‘zlar bilan chiqadi. Ya’ni farzand uchun ota-onani dunyodagi eng aziz inson sifatida bilsak, ushbu mukarram so‘zlar ham so‘zlarning qaymog‘idir. Biroq ba’zi hollarda yosh bolalarga so‘ktirish holatlarining guvohi bo‘lamiz.
So‘kinishni o‘rgatadigan “aqllilar” esa o‘zimiz. Yoqa ushlaysizki, oila kattalarining o‘zlari bolasiga “Ha, polvon, bir so‘kib qo‘ying”, “Polvonim so‘kinishni biladi-da, tog‘asi”, deydi. Bu harakatlar ong-u shuuri endigina shakllanayotgan, dunyoning ranglarini taniyotgan va barcha narsani yaxshi deb o‘ylaydigan go‘dakning ma’naviy olamini zaxarlash emasmi? “Shumi bizning bolajonligimiz? Shumi yoshlarga ibratimiz? Shumi ma’naviyatga munosabatimiz? Shumi asrlar davomida shakllangan axloqiy tarbiyamiz? Bu kabi gaplar hazil o‘rnida aytiladi-ku”, deb o‘zimizni oqlaymiz. Ammo tarbiya masalasida hazil qilishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Sababi, ertamizning qandayligi, biz so‘kinishni o‘rgatayotgan bolalarimizga bugun berilayotgan tarbiyaga, dastlabki qadamga bog‘liqdir.
Xalqimizda farzand dunyoga kelsa, “bolaning qadami qutlug‘ kelsin”, deb, o‘g‘il uylantirilsa, “kelinning qadami qutlug‘ kelsin”, deb bir qancha urf-odatlar amalga oshiriladi. Nega endi farzand tug‘ilganda qutlug‘ niyatlar bilan qilingan urf-odatlar uning tili chiqayotgan paytda yoki endi-endi gapirayotgan paytda biz yuqorida keltirgan salbiy odatlarga aylanib qoladi? Axir xayrli ishlar bardavom bo‘lishi kerak emasmi? Albatta, bardavom bo‘lishi kerak. Ammo bu ishni biz qilishimiz kerak-da, qadrdon. Bu masalaga shunchaki e’tiborsizlik bilan yondashib bo‘lmaydi. Axir gap farzandlar tarbiyasi, bolalar kamoloti haqida ketmoqda. Qani endi ayting-chi, tili ezgu va go‘zal so‘zlar bilan emas, so‘zlarning eng xunugi, insonni eng pastki tabaqada ko‘rsatuvchilari bilan chiqqan bolakay kelgusida kim bo‘lib yetishadi? Xo‘sh, u ana shunday muhitda katta bo‘ldi deylik, so‘ngra o‘zi muhit yaratadigan yoshga yetdi, deylik. Keyin nima bo‘ladi?
Bolaligidan “o‘zidan kattalarni so‘kish mumkin ekan, men so‘ksam, atrofdagilar xursand bo‘lar ekan, ularga bu so‘zlar yoqar ekan”, deb o‘sgan bola ertaga yonidagilardan ham shuni talab qiladi. Eng yomoni – u atrofdagilar bu so‘zlarimni eshitishga va bundan xursand bo‘lishga majbur, degan qolipni o‘zi uchun shakllantirib oladi.
Mana shu zaylda jamiyatga yana bir nosog‘lom, atrofdagilarning fikri bilan hisoblashmaydigan, yonidagilarning tuyg‘ularini toptaydigan a’zo kirib keladi. Xo‘sh, bunday a’zodan kimga ne naf? Naf yo‘q bo‘lsa, nega bolalarni bolaligidan so‘kishga o‘rgatyapmiz? Nega ota-bobolarimiz asrlar davomida shakllantirgan qadriyatlarni oyoqosti qilyapmiz? Nega o‘zimizni ko‘rsatish uchun bolalardan, ularning endigina shakllanayotgan tillaridan qurol sifatida foydalanyapmiz?
Nega bolalardan bolaligini o‘g‘irlayapmiz?
To‘g‘ri, bu masala hammaga tegishli emas, bizning oilada boshqacha, deyishingiz mumkin. Ammo bu masala hammamizga, menga ham, sizga ham, unga ham tegishlidir. Sababi, bolaning begonasi yo‘q. Dunyoda o‘zbekka-o‘zbek umuman barcha millat bir-biriga begona emasdir.
Siz nima deysiz, zamondosh?
“BITTA SO‘KIB QO‘Y…”
Chop etilgan
17 июл, 2026
12
Teglar::