--

Shukronaning ulkan orzulari

Shukronaning ulkan orzulari
Chop etilgan 31 август, 2026

Mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar bugun o‘z amaliy natijasini bermoqda. Barcha hududlardagi kabi Sirdaryo viloyatida ham sport maktablari orqali o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotgan jajji qizlarimizdan biri — 6 yoshli Shukrona Namazovadir.

U 2026-yil 16-avgust kuni sportning badiiy gimnastika bo‘yicha  “Mustaqilligimizning 35 yilligi” bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan Mirzo Ulug‘bek tumani 1-son sport maktabi ochiq turniri musobaqasida  jamoaviy   faxrli  I- o‘rinni egalladi.

    Shukrona hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, bugun uning bo‘ynida 14 ta medal jilo sochib turibdi. Bu mukofotlar shunchaki g‘alabalar emas, balki moʻjazgina qizaloqning matonati,  mehnati va katta orzulari mevasidir.

​— Qizalog‘im Shukronaning yutuqlari uning juda yosh bo‘lishiga qaramay, tinimsiz qilgan mehnati natijasidir, — deydi onasi Zulxumor Namazova. — U mashg‘ulotga borish uchun har kuni barvaqt uyg‘onadi. Yagona va eng katta orzuim — farzandim kelajakda O‘zbekiston bayrog‘ini jahon shohsupalarida baland ko‘tarishidir.

  Shukronaning sportga bo‘lgan qiziqishi 3 yoshida uyg‘ongan. U ijtimoiy tarmoqlarda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlarni havas bilan kuzatar, ularning nafis harakatlariga taqlid qilishga urinardi. Bolalarcha samimiy qiziqish vaqt o‘tishi bilan aniq maqsadga aylandi va uni sport zali sari yetakladi.

Aslida, katta sportdagi ko‘plab yutuqlarning ilk poydevori ham ana shunday kichik qiziqishlardan boshlanadi. Bolaning nimagadir havasi borligini o‘z vaqtida payqash, unga sharoit yaratish va to‘g‘ri yo‘naltirish — uning kelajakdagi imkoniyatlarini belgilab beruvchi muhim omillardan biridir.

 Ayni paytda Shukrona Viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida tahsil olmoqda. Ikki yil davomida yakka tartibda shug‘ullanib, o‘zining intiluvchanligi bilan ajralib turgan sportchi hozirda guruh tarkibida mahoratini oshirmoqda.

Jajji gimnastikachining mahorat bilan chiqish qilishi va murakkab elementlarni bexato bajarishida uning tajribali ustozi Nafisa Hamroqulovaning mehnati va to‘g‘ri yo‘naltirishi natijasidir. Ustozining talabchanligi va g‘amxo‘rligi tufayli Shukrona har bir harakatda aniqlik va muvozanatni saqlashni o‘rganmoqda.

  Medal — musobaqa yakunida qo‘lga kiritiladigan mukofot, xolos. Uning ortida esa har kuni takrorlanadigan mashqlar, bir xil harakatlarni qayta-qayta bajarish, muvozanatni saqlash, xatolarni tuzatish va murabbiy talablariga amal qilish kabi mashaqqatli jarayon turadi.

Badiiy gimnastika egiluvchanlik, nafosat va muntazam intizomni talab etadi. Shukrona mashg‘ulotlarga katta mas’uliyat bilan yondashib, murabbiylarining har bir ko‘rsatmasini qunt bilan bajarib kelmoqda. Bo‘ynidagi 14 ta medal — shu mashaqqatli jarayon va g‘alabaga bo‘lgan mustahkam ishonchning yorqin dalili.

  6 yoshli Shukronaning ilk qadamlari katta zafarlarning debochasidir. Bugungi kichik zahmat ertangi dunyo maydonlaridagi ulkan g‘alabalarga zamin yaratadi. Bu kabi intiluvchan yoshlarimiz bor ekan, yurtimiz bayrog‘i xalqaro arenalarda mudom baland hilpirayveradi.

Adolat AXMADJANOVA

Adolat AHMADJANOVA
Adolat AHMADJANOVA
MUXBIR
Teglar::