--

DO‘STLIK RISHTALARINI BOG‘LAGAN QADRIYATLAR

DO‘STLIK RISHTALARINI BOG‘LAGAN QADRIYATLAR
Chop etilgan 14 октябр, 2026

Millatlararo totuvlik turli xalqlarning bir yurtda ahil yashashigina emas, balki har bir millatning tili, milliy qadriyatlari va urf-odatlariga hurmat bilan qarashda ham namoyon bo‘ladi. Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan ozarbayjon, rus, koreys, qirg‘iz, tojik va qozoq milliy madaniy markazlari ana shu qadriyatlarni asrash, avloddan avlodga yetkazish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. O‘zbekiston Milliy nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi rahbari Alisher Irismetov taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida markazlar vakillari qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar va umumxalq bayramlarida ishtirok etdi. Ushbu tadbirlarda millatlararo hamjihatlik bilan bir qatorda turli xalqlarning madaniy merosi va an’analarini keng targ‘ib etishga ham e’tibor qaratildi.
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Guliston shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston — yagona Vatan!” festivali shunday tadbirlardan biri bo‘lgan. Viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan “Qardoshlik mushoirasi”da turli millat vakillari milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari orqali o‘z madaniyatini namoyish qildi. Dasturda “Yulduzcha”, “Jan-Janay”, “Sayxun yigitlari”, “Oltin meros”, “Gunes”, “Yoshlik” kabi ijodiy jamoalar hamda boshqa san’atkorlar qatnashishdi. “Kalinka” raqsi, qirg‘iz folklor namunalari va ozarbayjon xalq qo‘shig‘i turli xalqlarning o‘ziga xos san’ati va an’analarini taqdim etdi.
Aslida milliy madaniyat faqat kuy-qo‘shiq yoki raqslardan iborat emas. Har bir xalqning o‘ziga xos salomlashish odobi, oilaviy an’analari, bayramlari, milliy taom-lari, kiyimlari va kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlari bor. Ularni asrash va yosh avlodga o‘rgatish milliy madaniy markazlar oldidagi muhim vazifalardan biridir. Chunki o‘z ildizini bilgan, boshqa xalqlarning qadriyatlarini ham hurmat qilgan avlod jamiyatdagi totuvlikni yanada mustahkamlaydi.
Ozarbayjon milliy madaniy markazi tomonidan “O‘zbekiston 24” telekanali bilan hamkorlikda tayyorlangan ko‘rsatuv ham milliy merosni keng targ‘ib etish nuqtayi nazaridan ahamiyatli. Ko‘rsatuvda ozarbayjon xalqining madaniyati, markaz faoliyati va yutuqlari, O‘zbekistonda yashayotgan ozarbayjon millati vakillarining turmush tarzi haqida so‘z yuritish ko‘zda tutilgan. Bunday yorituvlar orqali keng jamoatchilik turli xalqlarning hayoti, an’analari va qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Avgust oyida ham milliy madaniy markazlar vakillari umumxalq tadbirlarida ishtirok etishdi. “Umummilliy birdamlik” festivali va “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” gala-konsertida qozoq milliy madaniy markazi raisi hamda faollari qatnashdi. O‘tgan oy davomida Sirdaryo tumanidagi “O‘zbekiston–Xitoy” milliy bog‘ida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilib, rus, koreys, ozarbayjon va boshqa milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etishdi. “Qovun sayli” va Mustaqillik bayrami ham turli jamoalar va millat vakillarini birlashtirgan tadbirlardan bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar milliy madaniyatni namoyish etish uchun imkoniyat yaratadi. Biroq qadriyatlarni asrash faqat bayramlarda milliy libos kiyish yoki sahnada folklor namunasini ijro etish bilangina cheklanmasligi kerak. Ona tilida so‘zlashish, xalq og‘zaki ijodini o‘rganish, milliy taomlar va hunarmandchilik an’analarini saqlash, oilaviy urf-odatlarni yoshlarga yetkazish ham bu jarayonning muhim qismidir. Milliy madaniy markazlar ana shu yo‘nalishlarda muntazam ish olib borsa, ularning faoliyati yanada mazmunli bo‘ladi. Shu bois yoshlarni milliy merosni o‘rganishga jalb etish, turli xalqlarning urf-odatlari bilan tanishtiruvchi uchrashuvlar va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish muhim. Bir xalqning qadriyatini bilish boshqa xalqni tushunishga yo‘l ochadi. O‘zaro hurmat esa turli madaniyat vakillarini birlashtiradigan eng mustahkam rishtadir.

Viloyatimizdagi oltita milliy madaniy markaz faoliyatini birlashtirgan maqsad— har bir xalqning o‘zligini, tili va an’analarini asrab, Vatan ravnaqi yo‘lida hamjihatlikni mustahkamlash. Zero, milliy qadriyatlar avlodlar xotirasida yashasa, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ham yanada mustahkam bo‘ladi.
Sevinch G‘ANIYEVA

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Teglar::