Bir direktor o‘z mahallasidagi rahbarning kabinetiga ish yuzasidan kirib, javonlarni to‘ldirib turgan kitoblarga havas bilan tikildida, “Maktabimiz kutubxonasida ham shuncha kitob bo‘lmasa kerak. Imkonim bo‘lsa, mana shu kitoblarni o‘g‘irlab ketsam...” dedi. Direktorning bilib yoki bilmay aytgan bu hazili ortida jinoiy ish emas, balki bolalarga bo‘lgan cheksiz mehr mujassam edi. Biroq o‘zi aytgan so‘zlar xona devorlari ichida qolmasligini u xayoliga ham keltirmagandi.
Bu gapni eshitgan rahbar oradan ko‘p vaqt o‘tmay aynan o‘sha maktab kutubxonasi uchun 300 ta kitob sovg‘a qildi. U faqat shu bilan cheklanib qolmay, o‘sha mahallada tug‘ilib, o‘sgan bugungi kunlarda turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritayotgan barcha sobiq o‘quvchilarni o‘z qadrdon maktabining kitob javonlarini to‘ldirish uchun homiylik qilishga da’vat etdi. Bugunga kelib, saxovatpesha homiylar va mahalla faollari ko‘magida yig‘ilgan kitoblar soni 2 mingtadan oshdi. Xayrli ishga yo‘naltirilgan maskan Oqoltin tumanidagi “Andijon” mahal-lasining 7-umumta’lim maktabi edi.
Maktab direktori Sherzod Eshboyevning aytishicha, ta’lim dargohida “Har bir bolaga — bir kitob” ezgu tashabbusi ham yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, har bir o‘quvchining ota-onasi farzandining kamoloti uchun maktabga kitob sovg‘a qilishmoqda. Hozirgi kunga kelib, maktab kutubxonasidan nafaqat o‘quvchilar, balki mahalliy aholi ham unumli foydalanishi uchun sharoit yaratilmoqda. Hattoki kelgusida MFY binosida ham nuroniylar va tashrif buyuruvchilar uchun alohida kichik kutubxona ochilishi rejalashtirilgani mahallada mutolaa madaniyati qanchalik chuqur ildiz otayotganidan dalolat beradi.
Jadid bobolarimiz xalqni jaholat-dan qutqarish, farzandlarni ilmli va ma’rifatli etib tarbiyalash yo‘lida jon kuydirgan edilar. Hozirgi davrda ularning orzu-intilishlari mana shunday ibratli tashabbuslarda davom etayotgani quvonarli, albatta. Homiylar tomonidan boyitilgan kutubxonani ko‘z bilan ko‘rmaslik, uning nafini xalqqa keng targ‘ib qilmaslikning o‘zi bo‘lmaydi, deya maktab sari oshiqdik.
Ayni paytda maktabda PQ-393-sonli qaror ijrosini ta’minlash doira sida 8 milliard 300 million so‘m mablag‘ evaziga keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoq-da. 924 nafar o‘quvchi o‘rniga mo‘l-jallangan ta’lim maskanida bugun 751 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.
Maktabning ko‘rkam binosi, bir xil libosda kelayotgan o‘quvchilar kishida havas uyg‘otadi. Biroq ta’lim dargohining asl bahosi uning tashqi jilosi bilan emas, balki o‘quvchilarning chuqur bilimi va erishilgan yutuqlari bilan o‘lchanadi. Bu borada ham ijobiy o‘zgarishlar bor: maktab bitiruvchilarining oliygohlarga qabul qilinish ko‘rsatkichi o‘tgan o‘quv yilida 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 30 foizga yetdi. Bir yil davomida bitiruvchilarning ilmiy salohiyati 12 foizga oshgani e’tiborga molik. Biroq buni katta yutuq deb ham bo‘lmaydi. Kengayib borayot-gan imkoniyatlar, kutubxonaning boyitilishi kelgusida o‘quvchilarning intellektual salohiyati yanada yuksalishiga zamin yaratishi shubhasiz. Yutuqlardan yana biri — maktab jamoasi respublika miqyosida umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Zakovat” intellektual o‘yinida 2025-2026-o‘quv yilidan buyon g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Sport sohasida ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Maktab sport zalida yopiq voleybol maydonchasi, 22x42 metr o‘lchamdagi ochiq futbol maydoni va yengil atletika uchun maxsus moslamalar mavjud. Xususan, joriy yilda “Ochiq budjet” loyihasining birinchi bosqichida mahalla yoshlarining tashabbusi bilan 30x12 metr o‘lchamdagi, sendvich panellaridan kurash maydonchasi bunyod etilmoqda. Loyihaning ikkinchi mavsumida esa mahalla hududida 110x90 metr o‘lchamdagi sun’iy qoplamali ochiq futbol maydonchasi qad rostlamoqda. Bir yilning o‘zida ikki mavsumda ham g‘olib chiqish ulkan intilish va birdamlik natijasidir. Bu jarayonda mahalla yoshlar yetakchisi Sarvar Eshonqulovning jonkuyarligi tahsinga loyiq. Bunday loyihalarning bosh maqsadi ham shunda: yoshlar nafaqat yaratilgan qulayliklardan foydalanishmoqda, balki o‘zlarining porloq kelajaklari uchun faollik namunalarini ko‘rsatishmoqda.
Bu galgi tashrifimiz davomida “Andijon” mahallasida yoshlarning ta’lim olishi, jismo-nan va ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga guvoh bo‘ldik. Kelgusi uchrashuvimizda yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanib, mahalla nomini sharaf bilan himoya qilayotgan yuksak marra egalari bilan diydor ko‘rishish nasib etsin!
Marjona HAYITBOYEVA