9-sinf bitiruvchilari uchun qay biri avzal: 11 yillik ta’limni maktablarda davom ettirishmi yoki o‘rta maxsus diplomini olish uchun texnikumlarda o‘qishmi?
2026–2027-o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining 31 foizi (o‘tgan yili 27 foizi) kasbiy ta’limga hujjat topshirishgan qolgan 69 foizi maktabda 11 yillik ta’limni davom ettirishni tanlashgan.
Aslida kasbiy ta’lim bitiruvchilari oliygohga qabul qilinmasa-da, muayyan sohada kasb-hunar egallab, mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi mumkin. Biroq 11 yillik ta’lim bo‘yicha o‘qishni tamomlab, oliygohga o‘qishga qabul qilinmagan yoshlarning ahvoli nima kechadi? Bu, afsuski, ishsizlar sonini oshirishdan boshqa narsa emas. Shuni bilaturib, nima sababdan bitiruvchilar texnikumlardan ko‘ra, maktablarda o‘qishni davom etirishni avzal bilishmoqda? Nahotki texnikumlar maktablardan farqli o‘laroq faqat quruq nazariy darslar bilan cheklanayotgan bo‘lsa?
“Aslida viloyatimizda kasbiy ta’lim tizimida tahsil olayotgan o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmasi qay darajada va ular uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda? Nima sababdan barcha kasbiy ta’lim tashkilotlari dual ta’lim bilan qamrab olinmagan? Kasbiy ta’lim o‘zi bizga kerakmi?” kabi savollar yuzasidan viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasidagi soha mutasaddilari bilan yuzlashdik.
–Hozirgi kunda o‘rta bo‘g‘in mutaxas-sislariga ehtiyoj katta. Tasavvur qiling, hamma oliy ta’limda o‘qisa, hamma rahbar bo‘lsa, kim o‘rta bo‘g‘in mutaxassisi bo‘ladi? Birgina shifokorlarni olaylik. Hammasi oliygohda o‘qisa-yu texnikumda tahsil olmasa, hamma bosh shifokor bo‘ladimi? Unda kim hamshiralarning vazifalarini bajaradi? 11 yillik ta’lim bitiruvchilarimi? Mana shu sababdan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash uchun kasbiy ta’lim tashkilotlari zarur,— deydi viloyat ta’lim jarayonini boshqarishni tashkil etish va kasbiy rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Qo‘ziboyev.Darhaqiqat, o‘rta bo‘g‘in muta-xassisilari mehnat bozoridagi kerakli kadrlardir. Biroq kasbiy ta’lim tashkilotlari bu zaruriyatni o‘quvchilarga to‘laqonli his ettira olyaptimi? Texnikumni tamomlagan yoshlar haqiqatan ham mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan amaliy ko‘nikmalarga ega kadr sifatida yetishayaptimi?
Hozirgi kunda viloyatimizdagi 27 ta texnikumdan 25 tasi faoliyat yuritmoqda. Joriy o‘quv yilida bu dargohlarda jami 910 nafar pedagog xodim va ishlab chiqarish ta’limi ustalari faoliyat olib borishmoqda. Ulardan 153 nafari o‘rta maxsus, 52 nafari to‘liqsiz oliy, qolgan 77,5 foizi esa oliy ma’lumotli mutaxassislardir.
Respublika hududidagi texnikumlarda 350 ta kasb va ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lsa, bizning viloyatimizda ehtiyojdan kelib chiqqan holda 83 ta yo‘nalish bo‘yicha
3 686 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shundan 1 254 nafari ya’ni 34 foizi aynan qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu sohada kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan bir paytda mutaxassislarni tayyorlash bazasi qay ahvolda?
Sayxunobod tumanidagi 1-sonli texnikumi direktorining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha o‘rinbosari Muhriddin Anorqulovning aytishicha, ular faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim dargohida qishloq xo‘jaligi ishlarida hozirda foydalaniladigan ikkita “MTZ” traktori mavjud. Biroq ular ham texnik nosozliklar sababli yani gidravlik tizimi, uzatmalar qutisi, podshipniklari ta’mirga muhtoj. Bu albatta texnikaning zaruriy qismlaridir. Bundan tashqari, zamonaviy texnikalar, elektron doskalar va diagnostika uskunalarining yetishmasligi, ehtiyot qismlar hamda yoqilg‘i-moylash materiallarini xarid qilishdagi moliyaviy cheklovlar amaliy ta’lim sifatiga soya solmoqda. Ishlab chiqarish korxonalarida o‘quvchilarga kasb sirlarini o‘rgatadigan ustoz-mutaxassislarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish masalasi esa hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. GPS tizimi bilan jihozlangan texnikalarni chuqur o‘rganish uchun agroklasterlar va servis markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ushbu texnikumning oldiga qo‘yilgan muhim vazifalaridan biridir.Afsuski, bu kabi muammolar deyarli barcha texnikumlarda ilgaridan yuzaga kelgan. Xususan, viloyatdagi 27 ta texni-kumda jami 74 ta avtotransport mavjud bo‘lsa, ulardan 24 tasi nosoz, 7 tasi esa butunlay yaroqsiz holatda. Shuningdek, mavjud 517 ta ustaxona jihozlaridan 21 tasi nosoz, 27 tasi esa yaroqsiz ahvolda ekanligi aniqlangan.
Yaroqsiz avtotransport va eskirgan jihoz-larning asosiy qismi Sardoba tumanidagi 1-sonli hamda Xovos tumanidagi 3-sonli texnikumlarga to‘g‘ri keladi. Vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida Sardoba tumani hokimligi tomonidan texnik bazani yaxshilash uchun 82 million 848 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratildi.
Viloyatimizdagi kasbiy ta’lim tashkilot-larida binolarning moddiy-texnik holatini yaxshilash hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun mahalliy budjet hisobidan 2 milliard 261 million so‘m, Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan esa 450 million so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Mehnat bozori va ta’lim integratsiyasi bosh mutaxassisi Muzaffar Asqarovning ta’kidlashicha, bugungi kunda texnikum-larimizning 80 foizida dual ta’lim muvaf-faqiyatli yo‘lga qo‘yilgan.
— Viloyat hokimligi tomonidan tanqidga
uchragan Xovos tumanidagi 3-sonli texni-
kumda dual ta’lim hali yo‘lga qo‘yil-maganining sababi mazkur ta’lim maskani 2026-yil sentyabr oyida ish boshlagani va hali moliya tomonidan shtat ajratilishiga ulgurilmagani bilan izohlanadi, — deydi mutaxassis. — Kelgusi yilda har bir texni-kumda, jumladan, Xovos tumanida ham ikkitadan dual ta’lim shakli to‘liq ishga tushiriladi.Bugungi kunda texnikum bitiruvchilarining 62 foizi ish bilan ta’minlanmoqda. mehnat bozorida IT sohasi, qishloq xo‘jaligi, avtomo-
bilsozlik va tibbiyot yo‘nalishlariga talab nihoyatda yuqori. Eng achinarli va past ko‘rsatkich esa sud-huquq va yuridik xizmatlar yo‘nalishida kuzatilmoqda, bu sohada viloyat bo‘yicha atigi 86 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
9-sinf bitiruvchilari maktabda o‘qishni davom ettirishi uchun o‘qituvchilar harakat qilishsa, kasbiy ta’lim xodimlari o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini ko‘paytirish ilinjida tinim bilishmayapti. Ammo nosoz texnika va ustaxonalarda hunar o‘rganayotgan o‘quvchilardan qanday yetuk kadr chiqishi mumkin? Bu ketishda mehnat bozorini “diplomli ishsizlar” egallab olmaydimi? Texnikumlar mahorat maktabi bo‘lmog‘i lozim. Amaliy ko‘nikma bermasa-da, diplom beradigan maskan emas. Ishlab chiqarishga salohiyatli o‘rta bo‘g‘in kadr kerak. Quruq diplom kamlik qiladi.
Marjona HAYITBOYEVA