Ba’zan bir libosga qarab, butun bir xalqning
tarixini his qilish mumkin.Atlasning mayin jilosi, adrasning rangin tovlanishi, do‘ppidagi nafis naqshlar bularning har birida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan xotira, did, orzu va qadriyatlar yashaydi. Milliy libos millatning o‘zligini ko‘rsatadigan, uning ma’naviy qiyofasini aks ettiradigan meros. Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi muno-sabati bilan viloyat Musiqali drama teatrida tashkil etilgan “Milliy liboslar festivali” ana shu haqiqatni yanada teranroq his qilish imkonini berdi. Festival bir sahnaga turli hududlarning o‘ziga xosligi, qadimiy urf-odatlari, hunarmandchiligi, pazandalik san’ati va milliy libos-larini jamladi. Tadbirda ranglar gapirdi, kuylar so‘zladi, dasturxonlar o‘z tilida hikoya qildi. Boyovutdan Gulistongacha, Mirzaoboddan Oqoltin va Sardobagacha, Sayxun-obod, Sirdaryo, Xovos tumanlari, Guliston, Yangiyer va Shirin shahar-lari vakillari o‘z hududlariga xos milliy an`anani namoyon etdilar. Har bir jamoaning chiqishida o‘ziga xoslik, izlanish va milliy merosga bo‘lgan hurmat sezilib turdi.
Milliy libosga qaragan inson uning yaratilishi ortidagi mehnat, did va qancha avlod xotirasi borligini birdek anglayvermaydi. Atlas va adrasdan tikilgan nafis liboslar, milliy naqshlar bilan bezatilgan kiyimlar, bejirim do‘ppilar, zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirilgan an’anaviy liboslar festival sahnasini o‘ziga xos ranglar olamiga aylantirdi. Kecha va bugun bir libosda uchrashgandek taassurot uyg‘ondi. Ayniqsa, an’anaviy liboslarning zamonaviy uslub bilan uyg‘unlashgani milliy kiyim san’ati faqat tarix sahifalarida qolib ketmaganini ko‘rsatdi. Aksincha, u bugungi kun ayolining didi, dunyoqarashi va zamonaviy hayot tarzi bilan hamohang rivojlanib borayotganini namoyon etdi.
“Oqila ayollar” guruhi rahbari Mamlakat Begmanovaning milliy liboslarning xalq hayotidagi o‘rni haqidagi fikrlari ham festivalning ma’naviy mazmunini yanada boyitdi. Zero, milliy kiyimda xalqning ko‘p asrlik tarixi, estetik qarashlari, didi va madaniyati mujassam. Shu bois milliy libosni asrash aslida o‘zligimizni asrashdir.
Festivalda milliy taomlar ham alohida o‘rin egalladi. Rang-barang dasturxonlar atrofida xalqimizning yana bir qadriyati mehmondo‘stlik namoyon bo‘ldi. Pazanda ayollar tomonidan tayyorlangan taomlar nafaqat ta’mi, balki bezatilishi, tortilishi va o‘ziga xosligi bilan ham e’tibor tortdi. Chunki o‘zbek dasturxoni oddiygina taomlar jamlanmasi emas. Unda xonadon fayzi, ona mehri, mehmon hurmati, saxovat va mehr mujassam. Har bir hudud o‘zining pazandalik an’analarini namoyish etar ekan, go‘yo Sirdaryoning turli go‘shalaridan kelgan ta’mlar bir dasturxon atrofida birlashdi. Festival natijalariga ko‘ra, milliy taomlar yo‘nalishida Yangiyer shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi jamoasining birinchi o‘rinni egallagani ham ana shu mehnat va mahoratning e’tirofi bo‘ldi.
Shirin shahridan tashrif buyurgan “Afsona” kichkintoylar guruhining samimiy chiqishlari, sho‘x raqslari va beg‘ubor ijrosi tomoshabinlarga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Ularning sahnadagi harakati bolalikning beg‘uborligi bilan milliy san’atning jozibasini uyg‘unlashtirdi. San’atkorlarning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari esa festival ruhini yanada ko‘tardi. Sahna bezagida atlas va adras matolari, milliy naqshlar, gullar, hunarmandchilik buyumlari va dekorativ bezaklar bir-birini to‘ldirib, bayramona muhit yaratdi. Katta ekranda Sirdaryo viloyatining tarixi, madaniy merosi, hunarmandchiligi va milliy liboslariga oid videolavhalarning namoyish etilishi esa tadbir mazmunini yanada boyitdi.
Darhaqiqat, milliy qadriyatlarning avloddan-avlodga o‘tishida ayolning o‘rni beqiyos. Ona qiziga libos tikishni, dasturxon yozishni, hunar o‘rganishni, kattaga hurmat va kichik-ka izzatni o‘rgatar ekan, aslida u bir avlodning ma’naviy xotirasini keyingi avlodga topshiradi. Shu ma’noda, Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival ayollarning mahorati va iste’dodini namoyon etish bilan birga, milliy qadriyatlarni zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish uchun o‘ziga xos maydon bo‘ldi. Milliy liboslar yo‘nalishida Sirdaryo viloyati nomidan ishtirok etgan Dilshoda Mamatqulovaning birinchi, Sardoba tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi vakili Maqsuda Mo‘minovaning ikkinchi o‘rinni egallagani ham festivalda namoyon bo‘lgan mahorat va izlanishlarning munosib e’tirofi bo‘ldi. Dunyo tez o‘zgarayotgan bir paytda milliy qadriyatlarni asrash yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki zamonaviylik va milliylik bir-biriga zid tushunchalar emas. Aksincha, o‘zligini anglagan xalq zamonaviy taraqqiyot yo‘lida yanada dadil qadam tashlaydi. Milliy liboslar festivali ham ana shu fikrni tasdiqladi. Atlas va adrasning ranglari faqat sahnani bezamadi ular milliy xotirani uyg‘otdi. Milliy taomlar shunchaki dasturxonni to‘ldirmadi xalqning mehmondo‘stligi va mehrini namoyon etdi. Hunarmandchilik buyumlari oddiy bezak bo‘lib qolmadi ajdodlar qo‘l mehnati va mahoratining davomiyligini ko‘rsatdi. Kuy-qo‘shiqlar esa qalblarda milliy ruhni uyg‘otdi.
Festival yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar diplom, tashak-kurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu milliy qadriyatlarning yana bir bor e’zoz topgani, ayollar ijodining qadrlangani, yosh avlod qalbiga milliy merosga mehr urug‘i qadalgani edi. Zero, qadriyatlar muzey javonida saqlanadigan buyum emas. U hayotda yashasa, avlodlar qalbi-
da davom etsa, ma’no kasb etadi.
Milliy libos kiyilganida, taom tayyorlanganida, hunar o‘rgatil-ganida, milliy kuy yangraganida tarix yana bir bor uyg‘onadi. Sirdaryoda o‘tgan “Milliy liboslar festivali” ana shu nafasni his qildirgan, kecha bilan bugunni, bugun bilan ertani bog‘lagan ma’naviy ko‘prik bo‘ldi.
Marjona MIRZABEKOVA