--

Hayotiy mas’uliyat sari

Hayotiy mas’uliyat sari
Chop etilgan 26 август, 2026

Bugun yoshlar bilan ishlash faqat ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan cheklanmaydi. Yosh avlodda mustahkam iroda, mas’uliyat, vatanparvarlik va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish, eng muhimi, kelajagini to‘g‘ri qurishi uchun imkoniyat yaratish muhim. Viloyatimizda tashkil etilgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv-yig‘ini ana shu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Mirzaobod tumanidagi 532-sonli safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida tashkil etilgan o‘quv-yig‘inning ochilish marosimida yoshlar uchun harbiy xizmat tartib-qoidalari, yig‘inning maqsad va vazifalari tushuntirildi. Harbiy orkestr chiqishlari, qo‘l jangi namoyishlari hamda zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi yoshlarning harbiy sohaga qiziqishini yanada oshirdi.

Viloyat harbiy-ma’muriy sektori yig‘ilishining tegishli bayoniga ko‘ra, o‘quv-yig‘in 19-28-avgust kunlari o‘tkazilib, unda ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan hamda huquqbuzarlikka moyil 100 nafar yoshni harbiy-vatanpar-varlik ruhida tarbiyalash ko‘zda tutilgan. Muhimi, yoshlarni faqat nazorat qilish emas, balki ularni ijobiy muhitga olib kirish, qobiliyatini aniqlash va kelajagi uchun imkoniyat yaratishdir.

Dastlabki olti kun davomida yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, harbiy kiyim-kechak bilan ta’minlandi, belgilangan tartib asosida mashg‘ulotlarga jalb etildi. Saf tayyorgarligi, cho‘l sharoitida yo‘nalish olish, xarita va mo‘ljallardan foydalanish, o‘qotish tayyorgarligi kabi mashg‘ulotlar ularning jismoniy va amaliy ko‘nik-malarini oshirdi. Shu bilan birga, intizom, vaqtni qadrlash, topshiriqni mas’uliyat bilan bajarish va qiyinchi-liklarga bardosh berish kabi hayotiy fazilatlar shakllandi.

“Jasorat maktabi”ning yana bir muhim jihati — yoshlarning qiziqish va qobiliyatiga e’tibor qaratilganidir. Ishtirokchilar yosh startapchilar, IT dasturchilar, santexniklar va mebelsozlar guruhlariga ajratilib, tegishli yo‘nalishlarda kasbiy mashg‘ulotlarga jalb etildi. Qarorda kasb-hunarga o‘qitilgan yoshlar uchun 10 kunlik nazariy mashg‘ulotlardan so‘ng 20 kunlik amaliyot tashkil etish va ularni kafolatlangan ish joylari bilan ta’minlash vazifasi ham belgilangan.

Yig‘in davomida radikalizm va terrorizmning tahdidi, internet firibgarligi, axborot xavfsizligi, diniy bag‘rikenglik va insoniylik kabi mavzularda uchrashuv va seminarlar ham o‘tkazilmoqda. Bu mashg‘ulotlar yoshlarni axborotni tahlil qilish, mustaqil fikrlash va zararli ta’sirlarni farqlashga o‘rgatishga xizmat qiladi.

Mini-futbol, milliy kurash, shaxmat va shashka musobaqalari orqali yoshlarda g‘alabaga intilish, jamoaviylik, raqibga hurmat va mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqa-rish kabi fazilatlar shakllanmoqda.

Dastlabki olti kunlik jarayonlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar bilan ishlashda faqat tanbeh yoki nazoratga tayanish yetarli emas, balki ularga imkoniyat berish, qiziqishini aniqlash, kasb o‘rgatish, sportga jalb qilish va o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish samarali yo‘ldir.

Bugun safda turgan, harbiy tartibga moslashayotgan, sport bilan shug‘ullanayotgan yoki kasb o‘rganayotgan yosh ertaga qanday yo‘lni tanlaydi? O‘rgangan hunari bilan ish topadimi? Amaliyot davo-mida olgan ko‘nikmasini daromad manbaiga aylantira oladimi? Yig‘in davomida shakllangan intizom va mas’uliyatni kundalik hayotida saqlab qoladimi? Ana shu savollarga beriladigan javob “Jasorat maktabi”-ning haqiqiy natijasini belgilaydi. Shuning uchun qarorda belgilangan 20 kunlik amaliyot va kafolatlangan ish bilan ta’minlash vazifalari nihoyatda muhim. Chunki yoshni bir necha kunlik tadbirga jalb qilish-dan ko‘ra, uni mustaqil hayotga tayyorlash, kasbga ega qilish va bandligini ta’minlash uzoq muddatli natija beradi.

Olti kun davomida “Jasorat maktabi” ishtirokchilari harbiy tartib,sport, kasb, ma’naviyat va jamoaviy-likni bir muhitda his qilishdi. “Jasorat maktabi”ning eng katta vazifasi ham shunda — yoshlarga shunchaki tartibni o‘rgatish emas, balki ularga hayotda o‘z o‘rnini topish uchun yo‘l ko‘rsatish. Agar bugungi harbiy intizom ertangi hayotiy mas’uliyatga, bugungi kasbiy mashg‘ulot kelajakdagi ishga, bugungi ma’naviy saboq esa to‘g‘ri tanlovga aylansa, “Jasorat maktabi” o‘z oldiga qo‘ygan eng muhim maqsadga erishgan bo‘ladi.

Diyora Ismoilova

Diyora ISMOILOVA
Diyora ISMOILOVA
Muxbir
Teglar::