--

52-MAVSUM OCHILDI

52-MAVSUM OCHILDI
Chop etilgan 15 август, 2026

Yaqinda Sirdaryo  viloyati musiqali drama teatrining 52-mavsumi ochili-shiga bag‘ishlangan tantana bo‘lib o‘tdi. Sahnaga teatrning ijodiy jamoasi taklif etildi. Ular orasida ustoz san’atkorlar: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar  Rahim Hasanov, Sharif Jumayev, Zulfiya Eshmurodova, Mavluda Mamatillaoxunova, shuningdek, teatrdagi ko‘p yillik xizmatlari uchun  davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan san’atkorlar hamda yosh aktyor va aktrisalar bor edi.

Viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jasur Egamberdiyev teatr jamoasi hamda muxlislarni yangi mavsum bilan tabriklab, teatrning viloyat madaniy hayotida tutgan o‘rni, jamoaning o‘tgan yillardagi yutuqlari haqida qisqacha to‘xtaldi.

Shundan so‘ng yaqindagina ijodiy jamoa tomonidan tomoshabinlarga tuhfa  etilgan yangi sahna asari - Ozarbayjon dramaturgi Uzeir Hojibekov qalamiga mansub  “Arshin mol olon” spektakli namoyish etildi.  Yangi spektaklni teatrning bosh rejissyori, “Shuhrat” medali sohibasi Nigora Gʻoyibnazarova sahnalashtirgan.  Qiziqarli voqealarni o‘z ichiga olgan, yumorga boy, jozibali kuy va qo‘shiqlarni  jamlagan sahna asari  muxlislarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, asardagi asosiy qahramonlar: Sultonbek, Asqar, Gulchehra, Sulaymon kabi obrazlarni yaratgan Qandiyor Rustamov, O‘ktam Isoqov, Dilorom  Mirsoliyeva, Ulug‘bek Ahmedov va boshqalarning chiqishlarini tomoshabinlar qizg‘in olqishladilar.

Shu o‘rnida teatr tarixidagi  ba’zi ma’lumotlarga to‘xtalamiz. Bundan 52 yil avval viloyat teatri tashkil etilganida Toshkent teatr va rassomchilik (hozirgi O‘zbe-kiston davlat san’at va madaniyat instituti) oliygohining bir guruh bitiruvchilari yo‘llanma bilan shu san’at dargohiga ishga kelgandilar. Ularni hanuzgacha “birinchi qaldirg‘ochlar” deyishadi. Yangi jamoa o‘zining ilk ish faoliyatini talabalikdagi diplom spektakli bo‘lgan  aynan ushbu “Arshin mol olon” spektakli bilan boshladi. O‘shanda yangi sahna asarini tomoshabinlar juda iliq qarshi olishgan va spektakl necha kunlab qayta-qayta namoyish etilgan edi. Asarning bosh qahramonlaridan biri Gulchehra obrazini yaratgan o‘sha ilk qaldirg‘ochlardan biri aktrisa hamda vokal xonandasi Ozoda Abdullayeva (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist) spektaklga o‘zgacha ruh va mazmun bag‘ishlagan Gulchehra ariyasini mana necha yildirki, hamon kuylab, muxlislar olqishlarini olib kelmoqda. Afsuski, spektaklda ustoz aktrisa kuylagan ariyalar  xor jamoa tomonidan ijro etildi. Agar ushbu chiqishlar yakka ijrochi (xonanda) tomonidan yangraganida tomosha yanada jonli va ta’sirli bo‘lar edi.

Xolida PARDABOYEVA

Teglar::