Qonunchilikka ko‘ra, 14 yoshdan 30 yosh-gacha bo‘lgan fuqarolar yoshlar sifatida e’tirof etiladi. Mazkur yosh davri inson hayotida jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jihatdan shakllanishning eng muhim bosqichi hisoblanadi. Aynan shu davrda shaxsning dunyoqarashi, huquqiy ongi, hayotiy maqsadlari va jamiyatdagi o‘rni shakllanadi. Biroq ayrim hollarda hayotiy tajribaning yetarli emasligi, noto‘g‘ri muhit ta’siri, oilaviy muammolar yoki bo‘sh vaqtning samarasiz o‘tkazilishi yoshlarning huquqbuzarlik va jinoyatchilikka moyil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash davlat organlari, xususan prokuratura organlarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ma’lumki, har qanday jinoyatning oldini olish uni sodir etilgandan keyin jazolashdan ko‘ra ancha samaralidir.
Shu ma’noda, prokuratura organlari tomonidan yoshlar jinoyatchiligining oldini olish borasida tizimli va kompleks yondashuv asosida huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlari muntazam tashkil etilmoqda. Prokurorlar ta’lim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida uchrashuvlar o‘tkazib, yoshlar orasida qonunchilik mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda huquqbuzarlik va jinoyatning salbiy oqibatlari, jinoiy javobgarlik masalalari, yoshlarning huquq va majburiyatlari hamda qonunga rioya etishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Bunday targ‘ibot ishlari yoshlarning huquqiy bilimini oshirish va ularda qonunga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan yoshlar bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Nazoratsiz qolgan, ta’lim muassasalarida darslarga muntazam qatnashmaydigan, ijtimoiy og‘ir ahvoldagi oilalar farzandlari bilan individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ishsizlik va bekorchilik ayrim hollarda yoshlarni huquqbuzarlikka undovchi omillardan biri bo‘lishi mumkin. Shu bois prokuratura organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, bandlik xizmatlari va yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashtirish va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish choralarini ko‘rmoqda. Yoshlarning bandligini ta’minlash nafaqat ularning iqtisodiy mustaqilligini oshiradi, balki turli salbiy ta’sirlardan himoya qilishga ham xizmat qiladi. Bugungi raqamli davrda internet va axborot makonidagi xavflar ham alohida e’tibor talab etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va internet orqali tarqalayotgan ekstremistik g‘oyalar, noqonuniy faoliyatga undovchi material-lar, firibgarlik sxemalari va kiberjinoyatlar yoshlar
uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli
prokuratura organlari aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida axborot xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, internetdan oqilona foydalanish va kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirmoqda.
Farzand tarbiyasi avvalo oiladan boshlanadi,
mahalla esa bu jarayonning muhim ijtimoiy tayanchidir. Shu bois prokuratura organlari mahalla faollari, ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Muammoli yoshlarni erta aniqlash, ularning muammolarini o‘rganish va profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish orqali jinoyatchilikning oldini olish samaradorligi oshirilmoqda.
Aslida yoshlar jinoyatchiligining oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu jarayonda ota-onalar, pedagog-lar, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari va keng jamoatchilikning mas’uliyati ham nihoyatda katta. Yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport, madaniyat va ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etish, huquqiy ongini yuksaltirish orqali huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish mumkin.
Shamsibek JO‘RAQOBILOV,
viloyat prokurorining katta yordamchisi
Yoshlar bilan ishlashda prokuratura organlarining vazifalari
Chop etilgan
13 август, 2026
5
Teglar::