--

SHIRINDAGI  NORDON HAQIQATLAR

SHIRINDAGI  NORDON HAQIQATLAR
Chop etilgan 12 август, 2026

Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 9-sonli qarori mazkur yo‘nalish taraqqiyotiga yangi impuls bag‘ishladi. Mazkur muhim hujjatni qabul qilishdan asosiy maqsad 2026-2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga 10 ta kitobga yetkazishdir. Qaror ijrosini ta’minlash borasida Shirin shahrida ham sa’y-harakat-lar boshlanib ketgan.

KO‘P NARSA KUTUBXONACHINING KITOBXONLIGIGA BOGʻLIQ
Keng xalq ommasi o‘rtasida kitobxonlikni yo‘lga qo‘ymoq uchun nima qilmoq kerak? Oilalarda ota-onalarning shaxsiy namunasi, mahallalarda risoladagidek kutubxonalar, shu bilan birga yaxshi kitoblarning targ‘iboti hamda
mutolaaga mehr qo‘ygan o‘qirman-larni rag‘batlantirib borish kifoya qilsa kerak, degan fikrdamiz. Nurchilar shahri Shirinning yettita mahallasidan faqat bittasida jamoat kutubxonasi faoliyat olib borarkan. Aynan shu mahallaga yo‘l oldik.
“Farhod” mahallasida ikki ming-dan ziyod aholi umrguzaronlik qiladi. Kutubxonaning kitob fondi 4 ming jild atrofida. Bu har bir o‘qirmanga o‘rtacha 2 tadan kitob to‘g‘ri kela-di, degan so‘z. Kutubxonachi Man-zura Mustafoqulova to‘rt yildan buyon ziyo maskanida faoliyat olib boradi. Mutaxassisligi bo‘yicha kutub-xonachi. Guliston San’at kollejining kutubxonashunoslik yo‘nalishini bitirgan. Ziyo maskanining yaxshi-gina qiroatxonasi bor. Manzura Mustafoqulovadan:
— Fuqarolar qaysi paytda kutub-xonaga ko‘proq keladi? — deb so‘radik.
— Ertalab, salqinda, — deya javob qildi suhbatdoshimiz.
Soat 11.00 larda qiroatxonada 6 nafar bolakay kitob varaqlab o‘tirgani ustidan chiqdik. Ular bilan gurunglashgach, kutubxonachi bizning kelishimiz shovurini eshitib
yig‘ib o‘tirganligi oydinlashdi.
—Bizlarni kutubxonaga chaqirishgandi, keldik, — deydi yosh kitobxonlardan biri Gavhar Usmonaliyeva.
Biz bu xatti-harakatimiz bilan tirnoq tagidan kir qidirmoqchi emasmiz. Biroq xo‘jako‘rsinchilik bilan biror narsaga erishish qiyinligini qancha tez anglasak, shuncha yaxshi.
Manzuraxondan keyingi paytlarda qanday kitoblar mutolaa qilganini so‘raganimizda bir necha diniy
kitoblarning nomini tiliga chiqardi. Din ham ahloq. Biroq kutubxonachi avvalambor bugungi kunda yaratila-yotgan, tilga tushgan kitoblarni o‘qishi va uqishi lozim bo‘ladi. Bugungi kunda trendda bo‘lgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” romanini o‘qigan-o‘qimaganini so‘raganimizda tili kalimaga kelmadi. Vaholanki, mazkur kitobning kutubxona javonlaridan o‘rin olganiga ancha bo‘lgan ekan.
Kutubxona hovlisida aylana o‘rindiqlar o‘rnatilgan ikkita ayvon bor ekan. Odamning havasi keladi. Mana shunday tinch, salqin joyda kitob o‘qisang maza qilasan, kishi.
Shu mahalla hududida joylashgan 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kutubxonasini ko‘zdan kechirib, ko‘nglimiz ko‘tarildi. Ziyo maskani boshlang‘ich sinflar tahsil oladigan binoning 2-qavatida joylashgan ekan. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov maktabga tashrif buyurganlarida: “Kutubxona o‘quvchilar ko‘ziga yaqin qulay joyda faoliyat olib borishi kerak”, deya tanbeh bergan ekanlar. Shundan keyin maktabning asosiy binosi kiraverishidagi yo‘lakning so‘l tomonida yig‘ma konstruksiyali imorat qad rostlabdi. Mazkur bino havoni moʻtadil saqlaydigan zamonaviy konditsioner bilan jihozlangan. Binoning ichi esa zamonaviy stol-stullar, kitob javonlari bilan to‘ldirilgan. O‘quvchilarning yozgi ta’tili munosabati bilan e’lon qilingan “Zarbdor 90 kunlik”da bino juda asqotmoqda. Kuzatishlarimizdan shu narsa ayon bo‘ldiki, bino ayni paytda asosan qiroatxona vazifasini o‘tamoqda. Kutubxona hamon avvalgi joyida faoliyat olib borayotir.
Maktabda 682 nafar o‘g‘il-qiz tahsil oladi. Kutubxonaning badiiy adabiyotlar fondi 4200 jildni tashkil qiladi. Bu o‘rtacha har bir o‘quvchiga 6,1 jilddan kitob to‘g‘ri keladi, degan so‘z. Kutubxonachi Zuhra Xolmatova kitob fondini boyitishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘lganligi haqida yozilib-sochilib so‘zlab berdi. Bu yil maktab jamoasi “Kelajak maktabi” tanlovida qatnashib, eng ko‘p ovoz to‘plagan maktablar qatorida 201 jild badiiy kitob yutib olibdi. (Mazkur tanlovda “Ochiq byudjet” tanloviga o‘xshab ovozlar yig‘ilar ekan). Bir oy bo‘libdi kitoblar kutubxona javonlaridan joy olibdi. Harakatda — barakat, degan naqlning amaliy ifodasidir bu, albatta.     
Suhbat asno, har to‘kisda bir qusur, naqlining asl qiyofasi ochilib qoldi. Kutubxonachining o‘zi maqta-nadigan darajada kitobxon emas ekan. Vaholanki, viloyat Maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi har yili “Eng kitobxon maktab kutubxo-nachisi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazadi. Mazkur tanlovning tuman-shahar bosqichlarida barcha maktablar kutubxonachilari qatnashadi. Ular belgilangan badiiy kitoblarni mutolaa qilib, o‘zaro bellashadilar. Shu
o‘rinda haqli savol tug‘iladi: mazkur
tanlov nega kutubxonachilar saviya-sini ko‘tarishga yetarlicha ta’sir ko‘rsatmayapti?!
 KITOB  O‘QIMAYDIGAN  RAHBARLAR
Shirin shahar hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Kamoliddin Azimjonov bizni kitobxonlikni yo‘lga qo‘yishga mas’ul bir necha tashkilotlarning rahbarlari bilan yuzlashtirdi. Birinchi suhbatdoshimiz  Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasining bosh mutaxas-sisi Ravshan Akramov (boshliq xasta bo‘lganligi bois ayni paytda vazifasini bajaruvchi lavozimida ekan) bo‘ldi. U Nukus davlat texnika universitetining muhandis-dasturchi yo‘nalishini masofaviy ta’lim olish yo‘li bilan tamomlagan ekan. To‘rt oydan buyon bosh mutaxassis lavozimida faoliyat olib borayotgan ekan. Prezidentning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi
o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan qanday ishlar olib borilayotgani haqida so‘raganimizda tili aylanmay qoldi. Suhbatdoshimizni xijolatpazlikdan qutqarish maqsadida, qanday kitoblar o‘qigansiz, deya bergan savolimizga sukutdan boshqa
javob ololmadik. Uyingizda kutubxo-nangiz bormi, degan savolimizga, 4 ta diniy kitobim bor, deya javob qaytardi.
Galdagi suhbatdoshimiz shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining darsliklar bo‘yicha metodisti Jonpo‘lat Tursunboyev bo‘ldi.
Mutaxassisning shahodat berishi-cha, 4 ta umumta’lim maktablarining kutubxonalarida 21 ming jild badiiy kitob mavjud ekan. Bu 3420 nafar o‘quvchiga taqsimlanganda o‘rtacha 6,1 ta kitob to‘g‘ri keladi, degan so‘zdir. Bu yomon natija emas. Metodistdan oxirgi o‘qigan kitobini so‘raganimizda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini peshkash qilib keltirdi. Shaxsiy kutubxonasida 5 jild kitob bor ekan. Ular orasida “Farzandnoma” kitobini alohida qadrlashini aytdi.
Metodist keltirgan yana bir fakt bizni o‘yga toldirdi. Keyingi paytlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14-aprel 2022-yildagi 180-qaroriga binonan bir necha nomdagi 200 jild diniy mavzudagi kitoblar maktab kutubxonalari fondidan yig‘ishtirib olinibdi. Ular orsida hatto mavlono Jaloliddin Rumiyning asarlari ham bor ekan.
 BIR OYGINA ISHLAGAN
KITOB DO‘KONI
 Nodira Bekmurotova yetti yildan buyon shahar Axborot-kutubxona markazi direktori vazifasida faoliyat
olib boradi. Prezidentning yuqorida nomi zikr etilgan qarori bo‘yicha shahardagi eng kitobxon tashkilot, eng kitobxon fuqaroni aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
haqida so‘radik. Kitobxon formu-lyarlari va “Kitob o‘qish soati” bayonnomalariga asoslanib shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati markazi g‘olib deb topilibdi. Qarorda zikr etilgan eng ko‘p kitob o‘qigan xodimni rag‘batlantirish bo‘yicha ishlar hali yechimini topganicha yo‘q.
— Bu masalada shahar hokimli-giga murojaat qilganmiz, — deydi
N. Bekmurotova. —To‘qqiz oy orasida orttirilgan mablag‘ hisobidan yordam ko‘rsatishga va’da berishgan.
Shahar Axborot-kutubxona markazida 23 518 jild kitob mavjud ekan. Shundan 12 511 jildi badiiy adabiyotlar sirasiga kiradi. Shahar aholisi 19 ming 400 nafardan oshganini hisobga olsak, badiiy adabiyotlarni ko‘paytirishni sharoit taqozo etmoqda.
Yana bir fakt. Suhbat asno shahar AKMning shaxsiy kutubxonasi mavjud fuqarolar bilan aloqasi yo‘qligi oydinlashdi.
Yaqinda shahar Axborot-kutub-xona markazi tomonidan “Nurobod” mahallasi hududidagi 4-umumta’lim maktabining eski binosidan kutub-xona uchun bitta xona ajratilib, 1000 jild kitob bilan ta’minlanibdi. Mazkur kutubxona Xovos tumanining yondosh “Qoraqum” va “Fayzobod” mahallalari aholisiga ham xizmat ko‘rsatar emish.
2025-yilning oktyabr oyida xusu-siy tadbirkor Mohinur Ma’murova shaharda kitob do‘koni ochgan ekan. Savdoning cho‘g‘i past bo‘lganligi tufayli do‘kon bir oy yashabdi, xalos.

To‘g‘ri, xaridorni kitob sotib olishga majburlab bo‘lmaydi. Biroq kitob do‘koni uchun aholi gavjum joydan bino ajratish, tashkilotlarda o‘tadigan kitob yarmarkalarini o‘tkazishni o‘sha kitob do‘koniga yuklash samara berar balki.
Bozor iqtisodiyoti davrida man-faatdorlik birinchi planga chiqishi oddiy haqiqat. Bu yil shahar hokimi
qarori bilan umumta’lim maktab-larining 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Eng kitobxon sinf” tanlovi o‘tkazilibdi. 1,3 hamda 4-maktablar jamoalari sovrinli uchlikni tashkil etibdi. Birinchi o‘rin sohiblariga 50 jild kitob javoni bilan, 2-o‘ringa televizor, 3-o‘ringa esa zamonaviy doska taqdim etilibdi. Bunday tanlov-larning soni va sifatini oshirmoq joizdir.
Qissadan hissa shulki, nurchilar shahri Shirinda Prezidentimizning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlan-tirish va aholi o‘rtasida o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori birmuncha sust amalga oshirilmoqda. Biz bildirgan fikrlar kitobxonlik harakatining rivojlanishi uchun turtki berishiga umid qilib qolamiz.
 Muhammadali AHMAD

Tasvirlarda: “Farhod” mahallasi kutubxonasining yosh kitobxonlari; 2-umumta’lim maktabida bunyod etilgan yangi zamonaviy kutubxona ayni paytda qiroatxona vazifasini bajarmoqda, kutubxonachi Zuhra Xolmatova yangi kitoblarni ko‘zdan kechirmoqda.

Teglar::