--

PO‘TA YANA YIGITLAR EGNIDA

PO‘TA YANA YIGITLAR EGNIDA
Chop etilgan 9 август, 2026

Garchand keyingi yillarda milliy qadriyatlarimizni asrashga e’tibor kuchaygan bo‘lsa-da, asrlar davomida shakllangan ayrim xalqona liboslar va hunarmandchilik an’analari unutilish xavfi ostida qolmoqda. Ana shunday noyob meroslardan biri – bir vaqtlar yigitlar libosining ajralmas qismi bo‘lgan po‘ta (fo‘ta)dir.

Ammo o‘tmishdan qolgan boyliklarni jonli qadriyat sifatida ko‘rib, ularga hayot bag‘ishlayotgan fidoyi insonlar ham bor. Ular o‘z mehnati bilan nafaqat bir hunarni, balki xalqimizning boy ma’naviy xotirasini ham asrab kelmoqda.

Ana shunday fidoyi insonlardan biri – Sayxunobodlik hunarmand, nomoddiy madaniy meros saqlovchisi Asiba Botirova asriy hunarlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

U yillar davomida milliy hunarmandchilik an’analarini, xususan, qo‘lda gilam, sholcha, julbaroq, olacha, julqurs va julpat kabi milliy to‘qimalar tayyorlash san’atini rivojlantirib, yoshlarga o‘rgatib va keng targ‘ib qilib kelmoqda. Uning faoliyatidagi e’tiborli jihatlardan biri esa deyarli unutilib ketgan milliy liboslarimizdan biri – po‘ta to‘qish an’anasini viloyatimizda qayta jonlantirganidir.

Fo‘ta (po‘ta) paxta, ipak yoki jun iplaridan qo‘l mehnati bilan to‘qiladigan, yo‘l-yo‘l naqshlari bilan ajralib turadigan qadimiy to‘qima hisoblanadi. Ilgari u yigitlar belbog‘i sifatida mashhur bo‘lgan bo‘lsa, ayrim hududlarda dasturxon, ro‘mol va sochiq o‘rnida ham foydalanilgan. Fo‘tani tayyorlash jarayoni iplarni tabiiy bo‘yoqlar bilan ranglash, qo‘l dastgohiga tortish va bir necha kun, hatto haftalab davom etadigan mashaqqatli to‘qish bosqichlarini o‘z ichiga olgan. Fo‘tadagi qizil, ko‘k, yashil, oq va sariq ranglar hamda yo‘l-yo‘l naqshlar xalqimizning hayot, baraka, poklik va birdamlik haqidagi tasavvurlarini ifoda etgan. Shunday noyob an’ana qayta tiklanib, milliy hunarmandchilikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida rivojlanmoqda.

Milliy liboslarimiz tarixi mumtoz adabiyotimizda ham o‘z aksini topgan. Jumladan, Gulxaniyning “Ber menga” g‘azalida:

“Gulxaniyni, er yigitlar to‘pidan kamsit-magil,

Fo‘ta ber, ot ber, qilich ber, to‘nu chak-mon ber menga.”

Mazkur misralar fo‘ta (po‘ta) xalqimiz-ning qadimiy kiyinish madaniyatida muhim o‘rin tutgan libos unsurlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.

Demak, po‘ta oddiy belbog‘ emas, balki yigitlik, mardlik va or-nomus ramzi sifatida qadrlangan. Ilgari yigitlar uni bellariga bog‘lab, zarur buyumlarini qistirib yurgan. Shu bois Gulxaniy g‘azalida fo‘ta ot, qilich, to‘n va chakmon kabi yigitga munosib anjomlar qatorida tilga olinadi. Bu esa po‘taning xalqimiz hayotida yuksak o‘rin tutganini anglatadi.

— Surxondaryolik folklor ijrochisi Shodmon Davlatov ikki nafar shogirdi uchun po‘ta tayyorlab berishimni so‘radi. Bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildim. Yaqin kunlarda mening qo‘l mehnatim bilan yaratilgan ushbu po‘talar folklor ijodkorlarining sahna libosiga aylanadi. Bu buyurtma yillar davomida unutilib kelgan milliy liboslarimizdan birining hayotimizga qaytishiga turtki bo‘ldi, — deydi Asiba Botirova.

Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand, Qo‘qon va Surxondaryo kabi hududlar qatorida Sirdaryoda ham hunarmandlar qadimiy to‘qish an’analarini saqlab, fo‘ta va boshqa milliy to‘qimalarga zamonaviy ruh bag‘ishlashmoqda.

Asiba Botirovaning mehnati ana shunday ezgu ishlarga namuna bo‘la oladi. Chunki bir insonning tashabbusi ham unutilayotgan milliy qadriyatni asrab qolishga xizmat qilishi mumkin.

Meros yashashi uchun uni faqat asrash emas, balki hayotga tatbiq etish ham kerak. Bugun bobolar belbog‘i yana yigitlar egniga qaytmoqda.

Muallif izohi: “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da (3-jild, Toshkent: “G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, 2022, 842-bet) “po‘ta, fo‘ta” shakllari qayd etilgan. Unda “fo‘ta” so‘zi “belga bog‘laydigan belbog‘” ma’nosida izohlangan. Maqolada qo‘llangan po‘ta atamasi ham aynan shu ma’nodagi milliy libos unsuri sifatida ishlatilgan. 

Bahrom BOYMURODOV

Teglar::