Ta’lim tizimida haqiqiy raqobatni shakllantirish faqat yangi maktablar barpo etish yoki zamonaviy jihozlar xarid qilish bilangina emas, balki o‘qituvchining mehnatini munosib qadrlash orqali ham ta’minlanadi. So‘nggi yillarda aynan pedagogning nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlar natijasida kasbiy tanlovlar yangi bosqichga ko‘tarildi. “Yil o‘qituvchisi” tanlovi esa ana shu islohotlarning amaliy ifodasiga aylanmoqda.
Joriy yildan boshlab Vazirlar Mahkamasining 264-sonli qaroriga muvofiq mazkur tanlov har ikki yilda bir marta uch bosqichda tashkil etiladi. Tanlovning tantanali va yuqori saviyada tashkil etilgani ham davlatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning yaqqol dalilidir. Barcha bosqichlarning shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilishi, baholash mezonlarining aniq belgilanishi hamda mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati pedagoglarda tanlov natijalariga nisbatan ishonchni yanada mustahkamladi.
Dastlabki ikki bosqichda peda-goglarning fan bo‘yicha nazariy bilimlari, pedagogik mahorati hamda dars jarayonidagi faoliyati sinovdan o‘tkazildi. Yakuniy bosqich esa ustozning shaxsiy fazilatlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlari va kitobxonlik madaniyatini baholashi bilan avvalgi tanlovlardan tubdan farq qilishi muqarrar.
Bu yil respublikamizning 208 ta tuman va shaharlaridan jami 416 nafar pedagog uchinchi bosqichda ishtirok etishmoqda. Demak, har bir hududdan ikki nafardan eng sara o‘qituvchi final bosqichiga yo‘l olgan. Biroq ularning faqat biriginasi g‘olib bo‘la oladi. Ya’ni 416 nafar ishtirokchidan 208 na-fari g‘oliblikni qo‘lga kiritadi.
Viloyatimizdan ham 22 nafar pedagog final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan. Ular orasida esa atigi 11 nafari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tariladi. Bu esa tanlovning naqadar kuchli raqobat asosida o‘tayotganini bildiradi.
Yakuniy bosqichda ishtirok-chilarning bilimlari 100 ballik tizim asosida baholanadi. Ballarning 80 foizi kitobxonlik bo‘yicha test sinoviga, 20 foizi esa pedagogning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, salohiyatining yuksalishi, olib borgan tarbiyaviy ishlari va tashabbuslariga beriladi. Bu yondashuv bugungi o‘qituvchi faqat o‘zining fanini yaxshi bilishigina emas, balki ma’naviy yetuk, kitobxon va jamiyatda faol shaxs bo‘lishi kerakligini anglatadi.
Tanlovning yana bir e’tiborli jihati — g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi. Har bir g‘olib bazaviy hisoblash miqdorining 1400 bara-vari, ya’ni 576 million 800 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu nafaqat moddiy rag‘bat, balki jamiyatning ustoz mehnatiga bergan yuksak bahosidir.
Aslida bu tanlovning eng katta yutug‘i pul mukofotida emas. Uning asosiy qiymati pedagoglarni doimiy izlanishga, zamonaviy metodlarni o‘zlashtirishga, kitob mutolaasiga va o‘z ustida ishlashga undayotganidadir. Bugun dars sifati va samaradorligi uchun kurashayotgan o‘qituvchi ertaga butun bir avlodning bilim darajasini belgilaydi.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi endilik-da shunchaki kasbiy bellashuv emas.
U ta’lim sifati, sog‘lom raqobat, inno-vatsion yondashuv va ustoz nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan yirik kasbiy loyiha sifatida shakllanmoqda. Chunki ta’lim tizimidagi eng katta yutuqlar, avvalo, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan o‘qituvchilar bilan boshlanadi.
Shubhasiz, bunday tanlovlarda qo‘lga kiritilgan g‘alaba faqat birgina pedagogning muvaffaqiyati emas. Bu o‘sha ustoz faoliyat yuritayotgan maktab jamoasi, tumani va viloyatining ta’lim sohasidagi salohiyati, mehnati hamda yutuqlarining e’tirofi hisoblanadi. Shu bois final bosqichida ishtirok etayotgan har bir pedagog o‘z hududining sha’nini himoya qilayotgan bilim va mahoratni namoyon qiluvchi elchi sifatida maydonga chiqmoqda.
Bellashuvda eng yuqori natijani qayd etgan pedagoglar uchun eng hayajonli lahzalar hali oldinda. Ular 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali marosimda taqdirlanib, yuksak e’tirof va katta miqdordagi pul mukofotlarini qabul qilib oladi. Bu esa ustoz mehnatiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va hurmatning yana bir yorqin ifodasidir.
Sevinch G‘ANIYEVA
MILLIARDLARGA ELTUVCHI IMKONIYAT
Chop etilgan
4 август, 2026
3
Teglar::