Bugun viloyatimiz tijorat banklari balansida 73 ta bino va inshootlar mavjud. Ularning umumiy qiymati — 162,8 milliard so‘m. Bu shunchaki balansdagi raqamlar emas, balki kreditini qaytara olmagan tadbirkorlardan bankka o‘tgan, ammo bugun ham to‘liq iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan mol-mulklardir.
Ular viloyatning deyarli barcha hudud-lariga mavjud: Guliston shahrida — 12 ta, Boyovut va Sardoba tumanlarida — 10 tadan, Sirdaryo tumanida — 9 ta,
Sayxunobodda — 8 ta, Oqoltinda — 7 ta, qolgan hududlarda yana 17 ta. O‘rtacha hisobda har bir obyektning qiymati 2,2 milliard so‘mdan ortiq.
Binolarning aksariyati dastlab bankdan kredit olgan tadbirkorlarning kreditlarini ta’minlash uchun garovga qo‘yilgan mol-mulklar bo‘lgan. Kredit qaytarilmaganligi bois qarzdorlik undirilishi uchun sud qarorlari va Majburiy ijro byurosining ijro hujjatlari asosida garovdagi mulklar bir necha bor auksionga chiqarilgan. Lekin xaridor topilmagan. Auksionda sotilmagan mulk oxir-oqibat bank balansiga o‘tgan.
Shu bilan muammo tugamagan, albatta. Aksincha, yangi bosqich boshlangan. Bankning vazifasi ko‘chmas mulk saqlash
emas, balki moliyaviy resurslarni iqtiso-diyotga aylantirish. Sotilmayotgan bino esa bank uchun aktivdan ko‘ra xarajatga aylanishi mumkin. Binoni qayta baholash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, savdoga tayyorlash, ayrim hollarda qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa xarajatlarni qoplashiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni bir paytlar qaytmagan kreditning o‘rnini bosish uchun bankka o‘tgan mulk, vaqt o‘tishi bilan bankning o‘ziga ham yuk bo‘lib bormoqda.
2026-yil iyulida 6 ta obyekt 29,3 milliard so‘mga sotilgani ijobiy natija. Ammo 73 ta obyektning atigi 6 tasi sotilgan. Qolaversa, sotilgan mulklarning qayta baholash va boshqa xarajatlari hisobga olingandan keyin bankka qancha real tushum qolgani haqida ma’lumot yo‘q. Shuning uchun faqat “29,3 milliard so‘mlik mulk sotildi” degan raqam bilan samarador-likka baho berib bo‘lmaydi.
Bugun 61 ta obyekt auksionga chiqa-rilgan. Demak, asosiy muammo ularni savdoga qo‘yishda emas, nima uchun xaridor topilmayotganida. Narx bozor talabiga mos emasmi? Texnik holati yomonmi? Hujjatlarida muammo bormi? Joylashuvi tadbirkor uchun jozibadormi? Yoki binoni ishga tushirish uchun xaridor yana katta mablag‘ sarflashi kerakmi? Bu savollarga javob berilmasa, auksionga qayta-qayta chiqarishning o‘zi muammoni hal qilmaydi.
Qolgan 6 ta obyekt esa hali savdoga chiqarilmagan. Ularning ayrimlari bank balansiga yaqinda olingani sababli hujjatlari rasmiylashtirilmoqda va sotish
shartlari belgilanmoqda. Ayrim obyekt-larda esa mavjud taqiqlar sabab ularni
auksionga chiqarish jarayoni yakunlan-magan.
Yana bir muhim masala — binolarning texnik holati. 162,8 milliard so‘mlik umumiy qiymatning o‘zi obyektlarning real jozibadorligini ko‘rsatmaydi. Foydalanishga tayyor bino bilan kapital ta’mir talab qiladigan bino bir xil aktiv emas. Shuning uchun har bir obyekt bo‘yicha bozor qiymati, texnik holati va uni ishga tushirish uchun talab qilinadigan qo‘shimcha investitsiya ochiq ko‘rsatilishi kerak.
Banklar esa obyektlarni sotish uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash, reklama, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va investorlar uchun taqdimotlardan foydalanayotganini bildirgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-apreldagi PQ-142-sonli qaroriga asosan davlat ulushiga ega tijorat banklariga bunday mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ri-dan-to‘g‘ri, jumladan bo‘lib-bo‘lib to‘lash, kredit yoki lizing orqali sotish imkonini ham bergan.
Agar obyekt auksionda sotilmayotgan bo‘lsa, uni shunchaki navbatdagi savdoga qo‘yish bilan cheklanib qolmaslik kerak.
Foydalanishga tayyor binolarni ijaraga berish, investor uchun tayyor loyiha sifatida taklif qilish yoki xaridor zimma-sidagi ta’mir xarajatlarini hisobga olgan holda narx va shartlarni qayta ko‘rib chiqish kabi mexanizmlar ham ishlashi kerak.
Chunki bo‘sh bino “tekin” turmaydi. U qo‘riqlanadi, soliqqa tortiladi, kommunal va texnik xizmat talab qiladi. Demak, sotilmay turgan har bir kun bank uchun qo‘shimcha xarajat degani.
Eng muhimi, bu obyektlarni faqat sotiladigan mulk sifatida ko‘rish ham yetarli emas. Ularning har biri yangi ishlab chiqarish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish loyihasiga aylanishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi mumkin. Shuning uchun binoni sotish emas, balki uni iqtisodiyotga aylanishtirish borasida o‘ylash kerak. 2026-yil oxirida 73 ta obyektning qanchasi sotilgani emas, nechta obyekt haqiqatan ishga tushgani, qancha investitsiya jalb qilingani va qancha yangi ish o‘rni yaratilgani muhim.
Ularning ortida esa qaytmagan kre-ditlar, bank zimmasiga tushayotgan xarajatlar va eng muhimi, hali iqtisodiy faoliyatga jalb etilmagan imkoniyatlar turibdi.
Zero, bank balansida uzoq vaqt turadigan bino o‘z-o‘zidan qiymat yaratmaydi. Uning haqiqiy qadri tadbirkor qo‘liga o‘tib, yangi faoliyat va yangi ish o‘rinlariga xizmat qilganidagina bilinadi.
Sevinch G‘ANIYEVA
Maqola viloyat hokimligi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi