--

TASVIRIY OYINA —DAVRNING KO‘ZGUSI

TASVIRIY OYINA —DAVRNING KO‘ZGUSI
Chop etilgan 11 август, 2026

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimiz bo‘ylab bayram shukuhi tobora yaqqol sezilmoqda. Mahallalarda obodonlashtirish ishlari, ko‘cha va xiyobonlarning fayzli qiyofa kasb etishi, davlat ramzlari va bayram shiorlari bilan bezatilgan hududlar yurtdoshlar qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Bu jarayonda ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, biroq jamoatchilik kayfiyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan muhim vositalardan biri tasviriy vositalardir.

Mustaqillik bayramini munosib kutib olish maqsadida viloyatimizda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilinib, atrof-muhitni obod qilish, ko‘cha-ko‘ylar hamda ariq-zovurlarni tozalash, aholi yashash maskanlarida bayramona muhit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida tasviriy targ‘ibot vositalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Respublika bo‘yicha Mustaqillikning 35 yilligi shiori 1372 ta banner va 751 ta LED ekranda aks ettirilayotgan bo‘lsa, viloyatimizda 52 ta banner hamda 15 ta LED ekranda bayram shiorlari namoyish etildi. Shuningdek, 200 dan ortiq mustaqillik ruhini ifodalovchi zamonaviy yonuvchi chiroqlar o‘rnatildi. Bu jamiyatda yagona g‘oya va umumxalq bayrami muhitini shakllantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning amaliy ifodasidir.
Ko‘pchilik banner yoki LED ekranlarni oddiy bezak sifatida qabul qiladi. Aslida esa tasviriy vositalar — zamonaviy axborot makonining eng ta’sirchan ko‘rgazmalaridan biridir. Inson miyasi matndan ko‘ra tasvirni tezroq qabul qiladi. Psixologlar ham vizual axborot inson xotirasida uzoqroq saqlanishini ta’kidlaydi. Shu bois davlat siyosati, ijtimoiy g‘oyalar, ma’naviy qadriyatlar va muhim tashabbuslarni aholiga yetkazishda tasviriy targ‘ibotning o‘rni tobora ortib bormoqda.
Har kuni ishga, o‘qishga yoki
bozorga ketayotgan inson ko‘chalar-dagi tasviriy vositalarga beixtiyor nigoh tashlaydi. Ba’zan birgina qisqa shior yoki mazmunli tasvir inson qalbida Vatanga mehr, milliy qadriyatlarga hurmat yoki ezgu ishlarga daxldorlik hissini uyg‘otishi mumkin. Demak, tasviriy oyinalar nafaqat axborot beradi, balki tarbiyalaydi, ruhlantiradi va jamiyat kayfiyatini shakllantiradi. Bayram kunlarida uning ahamiyati yanada ortadi. Ko‘chalar bir xil uslubda bezatilgani, yagona g‘oya asosida tayyorlangan bannerlar va yorqin LED ekranlar aholida umumxalq bayrami hissini uyg‘otadi. Bu esa Mustaqillik g‘oyalarining keng ommaga singishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, yosh avlodning Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy xotira ruhida tarbiyalanishida bunday vizual targ‘ibot vositalarining hissasi katta.
Tasviriy oyinalarning ahamiyati faqat bayramlar bilan cheklanmaydi. Bugungi iqtisodiy hayotda ham u tadbirkorlikning ajralmas qismiga aylangan. Har qanday korxona yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasining muvaffaqiyatida sifatli tashqi reklama muhim rol o‘ynaydi. Joziba-li banner, zamonaviy peshlavha yoki LED ekran orqali berilgan reklama iste’molchini o‘ziga jalb etadi, mahsulot yoki xizmat haqidagi dastlabki tasavvurni shakllantiradi. Shu bois rivojlangan davlatlarda tashqi reklama biznesning eng samarali marketing vositalaridan biri sifatida qaraladi.
Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Tasviriy oyina ko‘p bo‘lishi emas, uning sifati, mazmuni va estetik talablarga mosligi muhim.
Imlo xatolari, sifatsiz dizayn, tartib-siz joylashtirilgan reklama vositalari shahar qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, milliy uslubni aks ettirgan, yagona konsepsiya asosida tayyorlangan banner va
elektron ekranlar hududning zamonaviy qiyofasini namoyon etadi, estetik didni shakllantiradi va shaharning vizual madaniyatini yuksaltiradi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi
munosabati bilan amalga oshiri-layotgan tasviriy bezatish ishlari ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Obod mahallalar, fayzli ko‘chalar, mazmunli bannerlar va zamonaviy LED ekranlar nafaqat bayram kayfiyatini yaratadi, balki xalqimizning bunyodkorlik ruhini, Vatanga sadoqatini va ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Zero, shahar va qishloqlar qiyofasi faqat bunyod etilgan binolar bilan emas, balki ularda aks etayotgan g‘oyalar bilan ham baholanadi. Tasviriy vositalar esa ana shu g‘oyalarni xalq qalbiga yetkazuvchi eng ta’sirchan ko‘zgulardan biridir.
Diyora ISMOILOVA

Diyora ISMOILOVA
Diyora ISMOILOVA
Muxbir
Teglar::