Bugungi kunda har bir tashkilot faoliyatining samaradorligi, avvalo, unda ishlayotgan xodimlarning bilim va salohiyatiga bog‘liq. Shu bois xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish professional rivojlanishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislar nafaqat o‘z ishini sifatli bajaradi, balki tashkilotning umumiy taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi.
Malaka oshirish jarayoni xodimlarning nazariy bilimlarini boyitish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish, ish jarayonida xatoliklarni kamaytirish hamda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tizimida kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil davomida bosh boshqarma xodimlarining muayyan qismi respublikaning nufuzli ta’lim muassasalari va onlayn platformalar orqali bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Jumladan, 15 nafar xodim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi Guliston fillialida tahsil olib, davlat boshqaruvi, menejment va zamonaviy boshqaruv uslublari bo‘yicha bilimlarini oshirdi. Shuningdek, 53 nafar xodim my.argos.uz portali orqali turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ushbu portal orqali olingan bilimlar xodimlarning kasbiy kompetensiyasini oshirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, 3 nafar xodim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi”da tahsil olib, davlat tilida hujjatlarni yuritish bo‘yicha sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tizimida kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil davomida bosh boshqarma xodimlarining muayyan qismi respublikaning nufuzli ta’lim muassasalari va onlayn platformalar orqali bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Malaka oshirishning yana bir muhim jihati – jamoada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdir. Doimiy o‘qib-o‘rganishga intilgan xodimlar o‘z bilimini yangilab borishga harakat qiladi, bu esa butun jamoaning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada tashkilotda bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatli kadrlar soni ortadi.
Umuman olganda, xodimlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirib, o‘z kasbiy salohiyatini yanada mustahkamladi. Bu esa bosh boshqarma faoliyatida xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, xodimlarning malakasini oshirish professional rivojlanishning mustahkam poydevori bo‘lib, tashkilot faoliyatining barqarorligi va samaradorligini ta’minlaydi. Bu jarayon orqali nafaqat alohida xodim, balki butun jamoa taraqqiy etadi. Shu bois malaka oshirishga yo‘naltirilgan tizimli ishlar har bir tashkilot uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishi lozim.
D.ALLAYOROV,
Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish bo‘yicha bosh mutaxassisi
PROFESSIONAL RIVOJLANISHNING MUSTAHKAM POYDEVORI
Chop etilgan
10 август, 2026
6
Teglar::