Test jarayoni. Yuzlab nigohlar. Qo‘llarda ruxsat-noma, qalblarda esa yillar davomida ulg‘aygan orzular. Kimdir ota-onasining ishonchini oqlash uchun, kimdir o‘zi tanlagan kasb sari ilk qadamni tashlash uchun imtihon zaliga kiradi. Tashqarida esa har bir daqiqa soatdek cho‘ziladi. Chunki bu yerda oddiy test emas, minglab yoshlarning ertangi kuni sinovdan o‘tmoqda.
Viloyatimizda 2026-2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassa-salariga kirish test sinovlari 22-iyul sanasida yakunlandi. Bu yilgi qabul mavsumida viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari uchun ham salmoqli qabul kvotalari ajratildi. Jumladan, Guliston davlat universitetiga 3 250 ta, Guliston davlat pedagogika institutiga 967 ta hamda Toshkent kimyo-texno-logiya instituti Yangiyer filialiga
1 300 ta belgilandi. Bu viloyat yoshlari uchun oliy ta’lim olish imkoniyatlari kengayib borayot-ganini ko‘rsatsa-da, yuqori raqobat sharoitida har bir ballning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
To‘qqiz kun davom etgan jarayonda 21 ming 101 nafar abitu-riyent bilimini sinovdan o‘tkazdi. Imtihonlar belgilangan tartib asosida shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga amal qilgan holda tashkil etildi. Nazoratchilar, xavfsizlik choralari, tibbiy xizmat va texnik ta’minot — barchasi puxta yo‘lga qo‘yildi. Bu borada e’tirozlar deyarli bildirilmadi.
Ammo test sinovlari tugashi bilan boshqa muhokamalar boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlar, telegram guruhlari va abituriyentlar davrasida eng ko‘p takrorlangan xabar savollarning murakkab tuzilganligi haqidagi bahs-munozaralarda bo‘ldi.
Ayniqsa, huquq yo‘nalishiga hujjat topshirgan yoshlarning e’tirozlari keng muhokama qilinmoqda. Ayrim-lar tarix va huquq fanlari bo‘yicha tayyorlangan topshiriqlar kutilganidan murakkab ekanligini aytishmoqda. Hatto test jarayonidan chiqiboq ko‘zlarida yosh bilan ota-onalarga qo‘ng‘iroq qilgan yoshlar ham bo‘ldi. Xo‘sh, muammo nimada?
Haqiqatan ham test topshiriqlari murakkablashdimi? Yoki bugungi qabul tizimi endi shunchaki yodlangan bilimni emas, fikrlashni, tahlil qilishni va xulosa chiqarishni talab qilyaptimi?
Agar bir-ikki nafar abituriyent savollar qiyin bo‘lganini aytsa, buni hayajon bilan izohlash mumkin.
Ammo bir xil e’tiroz turli hudud-lardan va aynan bir yo‘nalish vakillari orasida yangrayotgan bo‘lsa, bu holatni shunchaki tasodif deyish ham to‘g‘ri emas. Demak, bu holatda chuqurroq tahlil talab etiladi.
Boshqa tomondan bugungi test tizimi ham o‘zgarib bormoqda. So‘nggi yillarda topshiriqlar faktni yod olganlarni emas, bilimni qo‘llay oladiganlarni saralashga xizmat qilmoqda. Ammo maktab va maxsus o‘quv markazlaridagi tayyorgarlik usullari ham shu o‘zgarishlar bilan hamohangmi? Agar ta’lim jarayoni bir yo‘nalishda, test tizimi esa boshqa yo‘nalishda rivojlansa, eng avvalo abituriyent qiynaladi.
Imtihondan chiqqan abituriyent-larning fikrlari ham bir-biridan farq qiladi. Guliston tumanidan tashrif buyurgan Dilnoza X. huquq yo‘nalishi bo‘yicha test topshirgan.
— Ikki yil davomida maxsus o‘quv kurslarida tayyorlandim. Test sinoviga kirishdan oldin o‘zimga ishongan edim. Lekin ayrim savollarni o‘qib, hayron qoldim. Ayniqsa, huquq fani bo‘yicha berilgan ayrim topshiriqlar oddiy yodlashni emas, chuqur tahlil qilishni talab qildi. Vaqt ham sezilmay o‘tib ketdi, — deydi u.
Sayxunobod tumanidan kelgan Shahzod R. esa vaziyatga boshqacha baho berdi.
— Savollarni juda qiyin deb ayta olmayman. To‘g‘ri, osoni ham bo‘lmadi. Menimcha, kim muntazam tayyorlangan bo‘lsa, to‘g‘ri javob topa oldi. Hayajon esa eng katta raqib ekan, — deydi u.
Mirzaobodlik Mohinur A.ning fikricha, eng katta bosim testning o‘zi emas, undan oldingi ruhiy zo‘riqish bo‘lgan.
— Natijadan ko‘ra, ota-onamning ishonchini oqlash haqida ko‘proq o‘yladim. Test boshlanguncha qo‘l-larim titradi. Ichkariga kirganimdan keyingina o‘zimni qo‘lga oldim, — deydi bo‘lajak talaba.
Abituriyentlarning bu fikrlari bugungi test sinovlari faqat bilimni emas, ruhiy tayyorgarlikni ham sinovdan o‘tkazganini anglatadi. Kimdir murakkab savollardan, yana kimdir hayajondan qiyin vaziyatga tushmoqda. Shunday ekan, qabul jarayoniga baho berishda faqat test topshiriqlarining murakkabligi yoki osonligiga emas, yoshlarning ruhiy holati va tayyorgarlik usullariga ham e’tibor qaratish lozim.
Yana bir muhim jihat. Test sinovi tugadi, degani qabul yakunlandi, degani emas. Oldinda yo‘nalish tanlash, ustuvorlikni belgilash, mandat kunini kutish jarayonlari turibdi. Demak, bugungi hayajon hali bir muddat davom etadi. Shu bois abituriyentlar hissiyotga berilmasdan, o‘z javoblarining natijasini xolis baholashi afzal.
Test — bu imkoniyat. Ammo u insonning butun taqdirini belgilab beradigan yagona mezon bo‘lib qolmasligi kerak. Shu bilan birga qabul tizimi ham doimo tahlil qili-nishi, jamoatchilik fikri tinglanishi va zarur xulosalar chiqarilishi lozim. Chunki adolat faqat tartibli o‘tkazilgan imtihon bilan emas, balki har bir abituriyent “men bilimimga yarasha ball to‘pladim”, degan ishonch bilan imtihon maydonidan chiqishi bilan ta’minlanadi.
Qadrli abituriyentlar, oliy ta’lim — muvaffaqiyat sari eltuvchi yo‘llardan biri, xolos. Test natijasi hayotga qo‘yilgan yakuniy baho emas.Mandat har kimning taqdirini belgilamaydi. Bugun talabalikka erisha olmagan abituriyent ertaga mohir mutaxassis, malakali tadbirkor yoki o‘z kasbining ustasiga aylanishi ham mumkin. Hayot esa har doim ikkinchi imkoniyatlarni taqdim etadi. Muhimi, bir sinov tufayli orzulardan voz kechmaslikdir!
Sevinch NIYOZBEK qizi