--

SUV TEJALMOQDA, BALIQCHILIK RIVOJLANMOQDA

SUV  TEJALMOQDA, BALIQCHILIK  RIVOJLANMOQDA
Chop etilgan 23 июл, 2026

Bugun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng muhim strategik vazifalardan biriga aylangan. Aholi sonining ortishi, iqlim o‘zgarishi va suv resurs-larining cheklangani mamlakatlarni qishloq xo‘jaligining har bir tarmog‘ida samara-dorlikni oshirishga undayapti. Shu ma’noda inson salomatligi uchun muhim oqsil manbai hisoblangan baliqchilikni rivojlantirish davlat siyosatida alohida o‘rin egallamoqda.
Viloyatimizda ham ushbu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshiri-layotir. 430 ta baliqchilik subyektidagi ishchilar 11 ming 204 gektar suv havzasida faoliyat yuritib, joriy yilda 40 ming tonna baliq yetishtirishni maqsad qilishgan.
Yaqin yillargacha viloyatda asosan ekstensiv usulda baliq yetishtirilar, bir gektardan atigi 1,5-2 tonna hosil olinar edi. Bu usul ko‘p miqdorda yer va suv resurslarini talab qilar, iqtisodiy jihatdan ham yuqori samara bermas edi. Bugun esa yer va suv tanqisligi sharoitida intensiv va yarim intensiv texnologiyalarga o‘tish davr talabi sifatida maydonga chiqdi. Ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy aeratsiya tizimlari, sifatli ozuqa va ilmiy yondashuv natijasida bir gektardan 8-10 tonna, ayrim xo‘jaliklarda esa undan ham yuqori hosildorlikka erishilmoqda.
Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan xo‘jaliklardan biri Yangiyer shahridagi “Yangiyer baliq” fermer xo‘jaligidir. Umumiy 12 ming gektar maydonda faoliyat yurituvchi xo‘jalik 2025-yildan intensiv texnolo-giyaga o‘tishni boshladi. Dastlab 200 tonna baliq yetish-tirilgan bo‘lsa, joriy yilda 12 gektarlik intensiv havzadan 800 tonna mahsulot olish ko‘zda tutilgan.
— Avval ekstensiv usulda gektaridan 1, 2 tonna baliq olar edik,— deydi xo‘jalik bosh baliqchisi Husanjon Babayev.— Intensiv texnologiyada esa bu ko‘rsatkich 10 tonnagacha yetadi. Baliqlarni maxsus tayyorlangan havzalarda xorij-dan keltirilgan yuqori sifatli ozuqa bilan parvarishlaymiz. Kislorod bilan boyitish tizimi tufayli baliq tez katta bo‘ladi va sifatli mahsulot olinadi.
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, xo‘jalikda yetishtirilayotgan sazan, oq do‘ngpeshona va oq amur nafaqat mamlakatimiz hudud-lariga, balki Afg‘oniston va Tojikiston bozorlariga ham eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Sirdaryo tumanidagi “Nodirxon fish farm” fermer xo‘jaligida ham baliqchilik ilg‘or texnologiyalar asosida yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Bir gektar intensiv havzaga sakkizta aerator o‘rnatilishi natijasida har mavsumda 30-40 tonna baliq yetishtirilmoqda. Bu nafaqat yuqori hosildorlik, balki har bir tomchi suvdan oqilona foydalanish namunasidir.
Bugungi kunda viloyatda 900 gektardan ortiq suv hav-zalari bosqichma-bosqich intensivlashtirilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxini pasaytirish va aholini arzon hamda sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’min-lashga imkon yaratadi.
Sohani yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 20,1 milliard so‘m bo‘lgan 15 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular doirasida intensiv va yarim intensiv texnologiyalar keng joriy etiladi.
Mirzaobod tumanida “Fish Like Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan 5,5 milliard so‘mlik loyiha ham shular jumlasidandir. Intensiv baliqchilik, naslchilik va ekoturizmni birlashtirgan zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan. Bu esa sohaning faqat oziq-ovqat yo‘nalishida emas, balki turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan ham integrat-siyalashayotganidan dalolat beradi.
Sohadagi yana bir muhim yangilik Boyovut tumanida yangi “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi loyiha-sining boshlanganidir. Ushbu yirik infratuzilma obyekti baliqchilik xo‘jaliklarini kafolatli suv bilan ta’minlash, suv tanqisligi xavfini kamaytirish hamda intensiv texnologiyalarni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu islohot-larning barchasi yagona maqsadga — aholi dasturxonini arzon, sifatli va ekologik toza baliq mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan.

Sirdaryoda baliqchilik zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan istiqbolli iqtisodiy yo‘nalishga aylan-moqda. Bu esa nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi, balki eksport salohiyatini oshirish, qishloq hududlarining iqtisodiy taraqqiyotiga kuchli turtki beradi.

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Teglar::