--

DUNYO TAJRIBASI ENDI O‘ZBEKISTONDA

DUNYO TAJRIBASI ENDI O‘ZBEKISTONDA
Chop etilgan 23 июл, 2026

O‘zbekiston futbolida so‘nggi yillarda eng ko‘p e’tibor qaratilayotgan yo‘nalishlardan biri — bolalar va o‘smirlar futbolini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishdir. Shu nuqtayi nazardan qaralganda mamlakatimizda Ispaniyaning mashhur “Barcelona” klubining rasmiy xalqaro akademiyasi — “Barca Academy”ni tashkil etish bo‘yicha boshlangan muzokaralar nafaqat sport, balki kelajak avlod tarbiyasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda zamonaviy futbol faqat maydondagi natija bilan emas, balki iqtidorlilarni qanchalik erta aniqlash, ularni to‘g‘ri metodika asosida tarbiyalash va professional muhitda kamolga yetkazish bilan baholanadi. Dunyoga Lionel Messi, Neymar, Lamin Yamal kabi yulduzlarni taqdim etgan La Masia tizimi aynan shu jihatlari bilan mashhur.
Agar mazkur loyiha amalga oshsa, o‘zbekistonlik yoshlar xorijga chiqmasdan turib, xalqaro darajadagi mashg‘ulot uslublari, zamonaviy futbol falsafasi va yuqori saviyadagi tayyorgarlik jarayonlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa kelajakda milliy terma jamoalarimiz uchun raqobatbardosh futbolchilar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Biroq har qanday nufuzli brend-ning mamlakatga kirib kelishi o‘zi bilan katta mas’uliyatni ham olib keladi. Akademiya faqat nom bilan emas, mazmun bilan ham o‘zini oqlashi zarur. Infratuzilma, malakali mahalliy murabbiylarni tayyorlash, saralash jarayonining shaffofligi va iqtidorli bolalar uchun teng imkoniyat yaratish kabi masalalar loyihaning haqiqiy samarasini belgilaydi.
E’tiborli jihati shundaki, Markaziy Osiyoda birinchi rasmiy “Barca Academy” Qirg‘izistonda tashkil etilgan bo‘lsa, endi O‘zbekiston ham mazkur xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa mamlakatlar o‘rtasida sog‘lom raqobat va hamkorlik muhitini yanada kuchaytirishi mumkin.
Keyingi vaqtlarda futbol sohasida xalqaro tajribani jalb qilishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda. Xususan, avvalroq Namangandagi futbol maktabini Niderlandiyaning mashhur “Ajax” akademiyasi boshqaruviga berish rejasi ham e’lon qilingan edi. Bu kabi qadamlar mamlakatimizda futbol tizimini yanada isloh qilish va uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, bugun qabul qili-nayotgan qarorlar ertangi o‘zbek futbolining qiyofasini belgilaydi. Agar xalqaro tajriba mahalliy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashsa, “Barca Academy” nafaqat yangi akademiya, balki yurtimiz futbolining yangi taraqqiyot bosqichiga aylanishi mumkin.

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Teglar::