Guliston shahri markazida qad rostlagan Alisher Navoiy haykali atrofi “Bilimdonlar maskani”ga aylantirilgan. Uning ro‘parasida joylashgan viloyat musiqali drama teatri esa ma’rifat va san’atni targ‘ib etadigan dargohdir. Biroq so‘nggi vaqtlarda bu go‘zal maskanlarning o‘zgacha “bilimdonlari”, o‘zgacha “ma’rifatparvar”lari ham paydo bo‘lgandek.
Bu holat, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi nuqtai nazaridan jiddiy ahamiyat kasb etadi. Zero, mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda ham yoshlarni sog‘lom turmush tarziga, ma’naviy barkamollikka va mas’uliyatli hayotga tayyorlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Keyingi yillarda hududlarimizda erta turmush va erta tug‘ruqning oldini olish, qizlarning ta’lim olishi, reproduktiv salomatligini muhofaza qilish hamda ularning hayotga ongli yondashuvini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda.
“Yangi Sirdaryo” gazetasining 7-iyuldagi 26-sonida birgina Sirdaryo tumani hokimligi Oila va xotin-qizlar
bo‘limi boshlig‘i Nilufar Gʻafuro-vaning “Vijdoningiz uyg‘oqmi?” sarlavhali maqolasi chop etilgan edi. Maqolada tumanda joriy yilning 5 oyi mobaynida 6 nafar
qizning erta ona bo‘lganligi qayd
etilgan. Ushbu voqealarning ildizi
mana shunday joylarda yetilmayot-ganligiga kim kafolat beradi?
Demak, ta’lim muassasalari, mahallalar, tibbiyot xodimlari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuv va davra suhbatlarida yoshlarga oila muqaddasligi, ma’naviy tarbiya va mas’uliyat haqida tushunchalar yetarli samara bermayapti.
Har bir insonning shaxsiy hayoti va his-tuyg‘ulari bor. Ammo shaxsiy munosabatlar jamoat odobi va milliy qadriyatlar hisobidan namoyon etilmasligi kerak. Ayniqsa, tarixiy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan maskanlarda.
Xalqimiz azaldan hayo, andisha va odobni yuksak qadriyat deb bilgan. Ko‘cha, bog‘, maydon va ma’rifat maskanlarida o‘zini tutish madaniyati ham milliy tarbiyaning ajralmas qismi sanalgan. Bugun esa ayrimlar “erkinlik” tushunchasini cheksizlik, deb qabul qilib, omma oldida bunday xatti-harakatlarni oddiy holga aylantirishga urinmoqda.
Bunday ko‘ngilsiz holatlar yoshu qarini befarq qoldirmaydi. Zero, mazkur hududlar shahar markazida joylashgan bo‘lib, turli manzillarni bir-biriga bog‘lab turuvchi serqatnov maskanlar hisoblanadi. Shu bois bu yerlardan deyarli har bir shaharlik va mehmonlar o‘tishadi.
Viloyat markaziga tashrif buyuruvchi yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlar ham mazkur maskanlarni tomosha qilishadi, ziyorat qilishadi. Ular markaziy maydondagi muhitga qarab, xalqimiz-ning madaniyati va ma’naviyati haqida xulosa chiqarishadi. Shu bois bu joylar o‘z nomi va maqomiga munosib maskanlar bo‘lib qolishi lozim.
Bu jarayonga befarq qarab bo‘lmaydi. Ta’lim
muassasalari, tashkilot va korxonalarda odob-axloq, jamoat joylarida o‘zini tutish madaniyatiga oid targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Demak, bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarur.
Ayniqsa, ushbu hududlarda va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda xizmat ko‘rsatayotgan mas’ul idoralar hamda jamoat tartibini saqlashga mas’ul xodimlarning shaxsiy namunasi va e’tibori muhim ahamiyat kasb etadi.
BILIMDONLAR MASKANIDAGI “BILIMDONLAR”
Chop etilgan
23 июл, 2026
14
Teglar::