21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni arafasida viloyatimiz ko‘chalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi yozuvlar, peshlavha hamda reklamalarga yana nazar tashladik. O‘zbek tilida nom qo‘yish imkoniyati bo‘lsa-yu nega xorijiy atamalarga ehtiyoj ortib bormoqda? Bu shunchaki tadbirkorning didi va tanlovi bilan bog‘liq masalami yoki davlat tiliga munosabatimizni ham ko‘rsatadimi?
Bugun ko‘chalarimizda “Barbershop”, “Decor”, “Garden flowers” kabi nomlarni uchratamiz. Ayrim tadbirkorlar bunday nomlar mijozlar e’tiborini ko‘proq tortadi, deb hisoblashadi. Ammo zamonaviylikni faqat xorijiy so‘zlar bilan bog‘lash qanchalik asosli? Axir, o‘zbek tilida ham mazmunli, jarangdor va xaridor e’tiborini tortadigan nomlar yaratish mumkinku. Buning uchun til imkoniyatlaridan foydalanish, ijodkorlik va nom tanlashga mas’uliyat bilan yondashish kifoya. Aks holda xorijiy atamalar nufuz belgisi sifatida qabul qili-nib, o‘zbekcha nomlar ikkinchi darajaga tushib qolishi mumkin.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasida reklama tiliga doir talablar belgilangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi lozim. Boshqa tillardagi tarjimalardan foydalanish esa qonunchilikda belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari va boshqa nomlarga oid huquqiy istisnolar ham mavjud. Shu bois xorijiy nomlarning barchasini qonunbuzarlik, deb baholash to‘g‘ri emas. Muhimi, har bir holatning qonuniyligini aniqlash va reklama matnlarida davlat tili talablariga rioya etilishini ta’minlashdir.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadjon Nishonovning ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida 1 795 ta reklama o‘rganilgan. Shundan 500 dan ortig‘i peshlavha, e’lon va reklamalarning davlat tilida rasmiylashtirilishiga taalluqli bo‘lgan. Faoliyat davomida reklama qonunchiligi buzilishiga oid 112 ta, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilmasligi bilan bog‘liq 10 dan ortiq holat aniqlangan. Mutasaddilarning qayd etishicha, kamchiliklar tushuntirish ishlari orqali bartaraf etilgan.
Guliston shahrida ham reklama va yozuvlardagi kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulrazzoq Quvvatovning ta’kidlashicha, 2026-yil so‘nggi 3 oyining birinchi choragida 45 ta, ikkinchi choragida esa 64 ta reklamadagi xato va kamchiliklarni tuzatish hamda yozuvlarni yangilash ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, 2024-yildan buyon joy nomlarini tartibga solish yuzasidan ham muayyan ishlar bajarilgan. Jumladan, shahardagi 23 ta mahalla va 524 ta ko‘cha nomi qayta ko‘rib chiqilib, xato va kamchiliklar bartaraf etilib, nomsiz ko‘cha va mahallalarga nomlar berilgan, ikkita nomsiz qabriston “Qarapchi” va “Musofirobod” deb nomlangan.
Raqamlar muayyan ishlar bajarilayotganini ko‘rsatsada, muammoning oldini olish masalasi ham dolzarb. Axir peshlavha o‘rnatilgach, uni qayta tuzatishdan ko‘ra, nom tanlash va rasmiylashtirish jarayonidayoq tegishli talablarni tushuntirish samaraliroq emasmi? Tadbirkorlar nom tanlab, tegishli ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlaridayoq davlat tili masalasiga ham yetarlicha e’tibor qaratishlari lozim. Bunda mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, qonuniy talablarni sodda va tushunarli tarzda yetkazish muhim.
Xo‘sh, tadbirkorlarni xorijiy nomlarni tanlashga nima undayapti? xorijiy nomlar haqiqatan ham mijozlarni ko‘proq jalb qiladimi yoki bu shunchaki o‘z-o‘zidan shakllangan qarashmi? Aholi va tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma davomida shu masalaga ham e’tibor qaratdik.
Suhbatdosh tadbirkorlardan biri xorijiy nomlar zamonaviy ko‘rinishi va mijozlar e’tiborini tortishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, nomning qisqa va esda qolarli bo‘lishi biznes uchun muhim. Biroq boshqa bir suhbatdosh esa nom tanlashda uning qaysi tilda ekanidan ko‘ra, faoliyat mazmuniga mosligi va xaridor uchun tushunarli bo‘lishi muhimligini bildirdi.
Aholi vakillaridan biri esa savdo shoxobchalaridagi o‘zbekcha nomlarni ma’qul ko‘rishini, chunki bunday yozuvlar xizmat turini tezroq anglashga yordam berishini aytdi. Yana bir suhbatdoshning fikricha, xaridor uchun nomning tildan tashqari xizmat sifati va tadbirkorning munosabati ham muhim. Demak, xorijiy nomning o‘zi mijozlarni ko‘paytiradi, degan qarashni hamma uchun birdek to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.O‘zbekcha nom tanlash zamona-viylikka zid emas. Aksincha, tilimizning boy imkoniyatlaridan foydalanib, mazmunli va jozibador nomlar yaratish mumkin. Buning uchun tadbirkorlar ham, reklama bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ham davlat tiliga shunchaki rasmiy talab sifatida emas, kundalik faoliyatning tabiiy qismi sifatida qarashi kerak.
21-oktyabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Bu sana munosabati bilan tilimizning nufuzi haqida gapirish bilan birga uning kundalik hayotimizdagi o‘rnini ham tahlil qilish zarur. Ko‘chalar, peshlavhalar va rekla-malardagi yozuvlar davlat tiliga bo‘lgan hurmatimizni oshiradigan mezonlardan biridir.
Davlat tilining nufuzi bayramlarda aytilgan balandparvoz so‘zlar bilan emas, kundalik hayotimizdagi amaliy munosabat bilan belgilanadi. Peshlavhalarda xorijiy nomlar ko‘payib, o‘zbekcha muqobillar e’tibordan chetda qolayotgan bo‘lsa, demak, masalaga faqat nazorat nuqtayi nazaridan emas, dunyoqarash va mas’uliyat nuqtayi nazaridan ham qarash vaqti kelgan. Qonun buzilganidan keyin yozuvni tuzatish—chora, uni boshidanoq to‘g‘ri rasmiylashtirish esa madaniyatdir. Shunday ekan, davlat tilini himoya qilish faqat mas’ul idoralarning emas, nom tanlayotgan tadbirkorning ham vijdoniy mas’uliyatidir. O‘z tiliga munosabatini bittagina peshlavhada namoyon eta olmagan jamiyat uning nufuzini qanchalik yuksaltira olarkin?
Sevinch MURODOVA
ZAMONAVIYLIK NIQOBI…
Chop etilgan
21 октябр, 2026
23
Teglar::