Ustozning hattoki qadam tashlashi ham tarbiyadir, deganlari bejiz emas. Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, xalq ta’limi a’lochisi Zulfira Ahmedovadan har kungi ish rejasi, kun tartibi haqida suhbatlashdik.
—Har kuni soat 07.30 da ish joyimda bo‘laman, — deydi u. — Dastlab yotoqxonada yashaydigan 150 nafar boladan xabar olaman, tarbiyachilardan bolalarning salomatliklarini so‘rayman, xonalarni, oshxonani ko‘zdan kechiraman, keyin maktab ostonasida o‘quvchilarni kutib olaman. Ularning tashqi ko‘rinishlari – maktab libosida ekanliklari, qizlarning soch turmaklari-yu barmoqlari va quloqlariga taqqan taqinchoqlarigacha ko‘z tashlagach, xotirjam bo‘laman. Darslar boshlangach, yangi kun rejasini ko‘zdan kechiraman va sinfxonalarga — dars tahlillariga kiraman. Darslar tugagach, belgilangan tadbirlarni o‘tkazamiz. So‘ngra yotoqxonadan yana bir karra xabar olaman, o‘quvchilar bilan ozodalik haqida biroz suhbatlashib, maslahatlar beraman. Shu bilan ish vaqtim tugaydiyu uyga — oilam bag‘riga shoshilaman.
Mana, 42 yildirki, Zulfira Ahmedova aniq reja bilan ish tutishga o‘rgangan. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy ishlar yetakchisi sifatidagi 27 yillik faoliyatida bu narsa alohida o‘ringa ega. Sayxunobod tumanidagi ziyolilar oilasida tug‘ilib, o‘sgan Zulfira bolaligidanoq kasbi muhandis bo‘lgan otasi Gali (tatarchasiga Gʻali) aka va onasi — o‘zi ta’lim olgan 9-maktab kutubxonasi mudiri Gʻalima opaning o‘gitlarini qulog‘iga quyib, voyaga yetdi.
Ota farzandlariga hamisha tartibli, o‘z kasbiga fidoyi, mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgatgan. Qishloq ayollari o‘rtasida Gʻalima opa haqida gap ketganida bolalarining tanglayini kitob bilan ko‘targan, deyishardi. U o‘zi kutubxonachi bo‘lib ishlagani uchunmi, bolalari esini tanishi bilan qo‘llariga kitob tutqazib, — “Kitob o‘qisang, dunyoni taniysan, biliming ortadi. Hayotda hamma narsani yo‘qotishing mumkin, lekin olgan biliming, kitobdan o‘rganganlaring sen bilan qoladi”, deb nasihat qilardi. Shu bois kitobga mehr onadan; hayotga, yashashga, mehnatga, kasbiga sadoqatli, mas’uliyatli bo‘lish otadan o‘tganligini Zulfira bot-bot takrorlaydi.
Toshkentdagi Pushkin nomli rus tili va adabiyoti institutida tahsil olgan Zulfira dastlab maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bergan. Guliston shahriga kelin bo‘lib tushgach, oldin 14-umumta’lim maktabida ishladi, ko‘p o‘tmay viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish institutiga, so‘ngra xorijiy tillar litseyiga ishga taklif etishdi. Bu yerda ishlash Zulfira Ahmedovaning hayotida yangi sahifa ochdi. O‘zi rejalab yurgan yumushlar: o‘quvchilarning tarbiyasi, ularning ma’naviy dunyosini, tafakkurini boyitish, ma’na-viyatimiz ildizi bo‘lgan ajdodlarimiz merosi milliy qadriyatlarimizni o‘quvchilar qalbiga chuqur singdirish, ularni yot g‘oyalardan asrashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga kirishdi.
Darvoqe, bu yo‘nalishda faoliyat olib borish o‘qituvchidan alohida bilim, ko‘nikma, tajriba talab etganligi bois viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari bo‘yicha qayta tayyorlov kursida o‘qib, malakasini oshirdi va tegishli hujjatga ega bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida bilim maskanining bir necha marta nomi, yo‘nalishi o‘zgardi, lekin ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha rahbar o‘rinbosarining ish rejalari, ko‘zlagan maqsadlari ko‘lami kengaysa, kengaydiki, aslo kamaymadi. Zulfira hamisha har o‘quv yili boshidanoq ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi yangi loyihalar o‘ylab topadi, ularni amalga oshirishga bosh-qosh bo‘ladi. Uning tashabbusi bilan tashkil etilgan san’at, go‘zallik, gullar, amaliy san’at festivallari, turli ko‘rgazmalar, taniqli ijodkorlar, san’atkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvlar, to‘garaklardagi mashg‘ulotlar o‘quvchilarning darslarda olgan bilimlarini mustahkamlashga, mustaqil mushohada yuritishga, tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi. Bu yerda 380 nafar o‘quvchiga 40 nafar
o‘qituvchi turli fanlardan saboq beradi, 12 nafar tarbiyachi yotoqxonada yashayotgan 150 nafar bolaga ko‘z-u quloq. Yotoqxonadagi tartib-intizom, uyidan yiroqdan kelib o‘qiyotgan bolalarning yurish-turishi, ozodaligi, darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarning mazmunli o‘tishi, dars qilishlari, ovqatlanishlari va boshqa yumushlarni Zulfira Ahmedova tarbiyachilar bilan birgalikda e’tiborsiz, nazoratsiz qoldirishmaydi. Ota-onalar bolalarini ularning qo‘llariga ishonib topshirish-ganligini bir zum ham unutishmaydi.
Bugun bu bilim maskani haqida so‘z ketganda uning kechagi va bugungi yutuqlarini tilga olish joizdir. Bundan bir necha yillar avval xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internat deb nomlangan yillarda u BMTning ixtisoslashtirilgan muassasalaridan biri sanalgan YUNESKOga a’zo bo‘lgan. Bu shunday sharafli nomga ega bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi bilim maskani edi. Shuningdek, o‘tgan yillarda “Yil maktabi”, “Eng obod maktab” kabi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.
Bu dargohdan Zulfiya nomidagi Davlat mukofo-tining 5 nafar sovrindorlari yetishib chiqqan. Maktabni tamomlagan o‘quvchilar dunyodagi ko‘plab nufuzli oliy ta’lim dargohlarida tahsil olishdi va olishmoqda, faoliyat yuritishmoqda.
—2025-2026-o‘quv yilgi sarhisobi bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim maskanlari o‘rtasida “Eng namunali maktab” yo‘nalishida maktab-internatimiz viloyati miqyosida 1-o‘rinni, respub-lika miqyosida 5-o‘rinni egalladi. Joriy yilda maktabni tamomlagan 65 nafar bitiruvchining 42 nafari davlat granti asosida oliy o‘quv dargoh-larga qabul qilindi. Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, oliygohlarga kirgan yigit-qizlarning 18 nafari aynan tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv dargohlari talabalari bo‘lishdi, eng quvonchlisi, Nozima Sotiboldiyeva “El–yurt jamg‘armasi” tomonidan Avstraliyadagi nufuzli universitetga o‘qish grantini qo‘lga kiritdi. — deydi Zulfira Ahmedova quvonib.
Darvoqe, yuqorida tilga olganimizdek, o‘quvchilarning darslardan tashqari turli yo‘nalishlar bo‘yicha erishgan muvaffaqiyatlari ham anchagina. “Yosh kitobxon”, “Mutolaa elchilari”, “Mutolaa – za-
kovat kaliti” “Eko zakovat”, “Turon” o‘quvchilar teatri, “Zakovat” intellektual o‘yinlari va boshqa turli tanlovlarda maktab-
internat o‘quvchilari hamisha peshqadam. Gap ustoz va shogirdlar haqida ketganda Zulfirani shogirdga boy ustoz deyish mumkin. Ayni paytda viloyatdagi maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan ma’naviyatchi o‘qituvchi-larning 30 nafardan ziyodi uning shogirdlari sanaladi. Jamoada Nilufar Boyzoqova, Gulnora To‘ychiyeva, Jasur Mamadaliyev kabi shogirdlari bor. Demak, ustoz sochgan ma’naviyat urug‘lari o‘z mevasini bermoqda. Z.Ahmedovaning xizmatlari e’tirof etilgan. U “Eng yaxshi ma’na-viyat o‘qituvchisi” respublika tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Bir necha marta agentlikning faxriy yorliqlarini olgan. Har kuni tongda Zulfira Ahmedova kasbiga sadoqat, Vatanga muhabbat, ezgulikni joylab, otasi aytganidek, qalbida va qo‘lida bayroq bilan qadrdon dargohga otlanadi. Ana shu ruh kuni bo‘yi uni tark etmaydi.
—Maktab-internatning o‘z tartib-qoidasi bor, — deydi suhbatdoshimiz. — Har dushanba “Kelajak soatlari” o‘tiladi. Dastlab o‘quvchilar hovlida ko‘tarilgan yurt bayrog‘i ostiga jamlanadilar. Vatan madhiyasi yangragandan so‘ng dars boshlanadi. Turgan gap, bu darslarda asosan
ma’naviyat saboqlari o‘tiladi, so‘ngra o‘quvchi-larning orzularini, rejalarini tinglaymiz. O‘quvchilar mustaqil fikrlashni o‘rganadilar, eng muhimi, ular o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga tashqaridan emas, qadrdon dargohdagi ustozlari-dan javoblar olishadi. Qolaversa, har bir bolaning yuragida kichik mash’ala bor, ularni ezgulikka yo‘naltirish ham, so‘ndirish ham o‘qiuvchiga bog‘liq. Bolaning oppoq qog‘ozdek beg‘ubor qalbiga yaxshilik, mehr-muhabbat, go‘zallik
noyob tushunchalarning chizgilarini chizish bizning zimmamizda.
—Zulfira Galiyevna bilan bir jamoada ishlayotganimiz bilan faxrlanamiz, — deydi maktab-internat direktori Tursunboy Niyozov. — Ustozdan nafaqat o‘quvchilar, balki hamkasblari ham, ayniqsa, yosh o‘qituvchilar ko‘p narsalarni o‘rganishadi, ma’naviyat saboqlari har kuni hammaga kerak. Bilim maskanimiz jamoasi erishgan yutuqlarda Zulfira opaning xizmatlari katta. Ustozdagi boy tajriba, kuch-g‘ayrat, shijoat, Vatanga mehr-muhabbat, fidoyilikdan ibrat olsak arziydi.
Donishmandlar aytganlaridek, elni ma’rifat asraydi. Ma’rifatni esa ustozlar o‘rgatadilar va targ‘ib etadilar. Zulfira Ahmedova bu vazifani ortig‘i bilan uddalamoqda. Shuningdek, ustoz ikki farzandning onasi, 6 nafar nabiraning buvisi. U har kungi ish rejasini poyoniga yetkazib, uyiga qaytar ekan, uni intiq bo‘lib kutayotgan nabiralarini bag‘riga bosishni o‘ylab, ko‘ngli yayrab ketadi. Oldinda esa yangi loyihalar turibdi.
Xolida PARDABOYEVA
HAR BIR KUNI BIR KASHFIYOT
Chop etilgan
2 октябр, 2026
22
Teglar::