--

“SAHNA VA SADO”

“SAHNA VA SADO”
Chop etilgan 30 сентябр, 2026

Ko‘pchilik san’at muxlislari odatda viloyat teatriga sahna asarlarini ko‘rish uchun kelishadi. Lekin bu gal ular bu yerga spektakl emas, balki konsert tomosha qilish uchun tashrif buyurishdi. O‘tgan shanba kuni teatrning estrada-simfonik orkestri jamoasi muxlislarga “Sahna va sado” deb nomlangan konsert dasturini tuhfa etdi.
— Bugun viloyat teatr hayotida unutilmas kun, — dedi boshlovchi, O‘zbekis-tonda xizmat ko‘rsatgan artist Sharif Jumayev. – Bundan 51 yil avval xuddi shu sanada, ya’ni 1975-yil 26-sentyabr kuni teatr jamoasi tomoshabinlarni birinchi marta tomoshaga chorlagan va ilk marta parda ochilgan edi. Bu dargoh musiqali drama teatri deb nomlangan bo‘lsa-da ko‘p yillar davomida orkestr bo‘lmagani bois spektakllar uchun musiqalar avvaldan yozib olinib, sahnaga chiqarilardi. Endi teatr o‘z simfonik orkestriga ega. Ayni paytda Dilmurod Tojiboyev (u ayni paytda teatr direktori ham sanaladi) rahbarligidagi simfonik orkestr faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgacha ko‘plab musiqali sahna asarlari muxlislar e’tiboriga havola qilindi. Ushbu asarlarning premyeralari taniqli dramaturglar va teatrshunoslar tomonidan e’tirof etildi.
Konsert dasturi retro ohanglar hamda zamonaviy kuy-qo‘shiqlardan tuzilganligi bilan e’tiborni tortdi. Konsert dasturi teatrning iste’dodli aktyorlari va xonandalari Shuhrat Abdullayev va Ra’no Hayitova ijrosidagi “Otmagay tong” qo‘shig‘i boshlandi.Shundan so‘ng xushovoz xonanda O‘tkir Isoqov O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov ijro etgan qo‘shiqlarni maromiga yetkazib kuyladi. Dastur yosh ijrochilarning chiqishlari bilan davom etdi. Dilbar ohanglar, sho‘x qo‘shiqlar serjilo raqslarga ulanib, muxlislarga xush kayfiyat ulashdi.
Sahnada O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqova va boshqa taniqli san’atkorlarning qo‘shiqlari mahorat bilan ijro etildi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda muxlislarga bir nechta musiqali spektakllar (drama va komediyalar) ko‘rsatildi. Konsert dasturidan o‘rin olgan “Mehrobdan chayon”, “Maysaraning ishi”, “Arshin-mololon” va boshqa sahna asarlaridan olingan parchalar, ularda yangragan qo‘shiqlar tomoshabinlarga zavq-u shavq bag‘ishladi.
Xolida ESHONQUL qizi
Suratda: Mashhura To‘rayeva qo‘shiq kuylamoqda
Muallif olgan surat.

Teglar::