Aholini ijtimoiy himoya qilish, ehtiyojmand fuqarolar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada pensiya va nafaqalarni belgilangan tartibda tayinlash, ularni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda ijtimoiy to‘lovlarni tayinlash tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, “Yagona milliy mehnat tizimi” hamda “Ijtimoiy reyestr” elektron platformalarining joriy etilishi fuqarolardan turli ma’lumotnomalarni yig‘ish zaruratini kamaytirdi. Ayrim to‘lovlarning elektron bazadagi ma’lumotlar asosida fuqaroning arizasisiz, proaktiv tarzda tayinlanishi esa tizimning qulayligini oshirdi.
Ijtimoiy to‘lovlar miqdori ham bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. 2024-yil aprel oyida 621 ming so‘m bo‘lgan yoshga doir nafaqa 2026-yil 1-iyul holatiga 983 ming so‘mni tashkil etdi. Nogironlik nafaqasi 800 ming so‘mdan 1 million 83 ming so‘mga, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi hamda bir nafar a’zo uchun boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi 621 ming so‘mdan 878 ming so‘mga oshdi. “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarga moddiy yordam miqdori esa 380 ming so‘mdan 450 ming so‘mga yetkazildi.
Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashda bolalar nafaqasi ham muhim o‘rin tutadi. 2026-yil 1-iyul holatiga 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘m to‘lanmoqda. Oiladagi ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun 118 ming so‘mdan belgilanmoqda.
Yangiyer shahrida ham mazkur yo‘nalishda ishlar izchil davom ettirilmoqda. 2024-yil aprel oyida 1 247 nafar fuqaroga nafaqa to‘langan bo‘lsa, 2026-yil sentabr holatiga ushbu ko‘rsatkich 1 309 nafarga yetdi. Jumladan, 7 nafar fuqaro I guruh ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq nogironlik, 276 nafar II guruh nogironlik, 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, 509 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 101 nafar boquvchisini yo‘qotganlik, 269 nafar yoshga doir, 110 nafar parvarishlash, 24 nafar yakka yolg‘iz fuqaro, 10 nafar patronat hamda 2 nafar oilaviy bolalar uyida yashovchi fuqaro sifatida nafaqa olmoqda.
Ijtimoiy to‘lovlarni o‘z vaqtida yetkazish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarning mablag‘lari bank kartalariga belgilangan muddatlarda o‘tkazilmoqda. Naqd shaklda to‘lov oluvchi keksa yoshdagi hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarga esa sayyor xizmatlar orqali mablag‘lar xonadonlarida yetkazib berilmoqda.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mahallabay ishlash tizimi orqali ehtiyojmand fuqarolarni aniqlash, ularning ijtimoiy holatini o‘rganish va tegishli yordam bilan qamrab olish imkoniyati kengaymoqda. Bu esa ijtimoiy himoyaning manzilliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimining asosiy vazifasi — fuqaroga ortiqcha ovoragarchiliksiz, o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda ko‘mak yetkazishdir. Zero, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi, avvalo, uning aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun qanchalik qulay va manzilli ishlashi bilan belgilanadi.
G‘. Ismoilov,
Yangiyer shahar "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi Ijtimoiy To'lovlar sho'basi mudiri.
Pensiya va Nafaqalarni o'z vaqtida tayinlash va to'lash
Chop etilgan
30 сентябр, 2026
25
Teglar::