--

NOMIMIZ KITOBDA QOLSIN...

NOMIMIZ  KITOBDA  QOLSIN...
Chop etilgan 30 сентябр, 2026

Qarsaklar yangradi...
Zalda odam ko‘p. Qator-qator o‘tirgan o‘quvchilar, talabalar, turli tashkilot va muassasalardan taklif etilganlar. Kimdir zalga shunchaki kelgan, kimdir kelishi so‘ralgani uchun, yana kimdir tadbirda ishtirok etishi kerakligi aytilgani bois shu yerda.
Ekranda, javonlarda kitob. Yon-atrofida uning muallifi va tadbir tashkilotchilari.
Notiq taqdimoti bo‘layotgan kitob haqida emas, uning muallifi haqida so‘zlardi. Zalda o‘tirganlar bosh irg‘ab, ma’qullagancha quloq solishadi.
Bizda doim shunaqa bo‘ladi. Biror kitobning taqdimoti bo‘lsa, kitob haqida emas, muallif haqida so‘z boradi. Negaki, kitobni aksariyat hollarda hech kim o‘qimagan bo‘ladi. Aslida muayyan kitobning taqdimoti bo‘lishi uchun, avvalo, u kitob mushtariylar tomonidan o‘qilgan bo‘lishi kerak. O‘quvchi o‘qisin, o‘ylasin, undan ta’sirlansin yoki e’tiroz bildirsin. Shundan keyingina haqiqiy fikrlar to‘qnashuvi paydo bo‘ladi. Kimdir asarning yutug‘ini aytsin, kimdir kamchiligini ko‘rsatsin, yana kimdir muallif ilgari surgan g‘oyaga munosabat bildirsin. Shundagina taqdimot haqiqiy adabiy muloqotga aylanadi. Bizda esa ba’zan taqdimotning o‘zi ham zo‘rma-zo‘raki tus olib qoladi. O‘quvchilar, talabalar jamlanadi. Zal to‘ldiriladi. Tadbir o‘tkaziladi. Kimdir so‘zga chiqadi, kimdir she’r o‘qiydi, kimdir muallifning mehnatini e’tirof etadi.
Ba’zan kitob taqdimoti kitobxonlar bilan emas, zalni
to‘ldirish uchun yig‘ilgan odamlar bilan o‘tkazilayot-gandek taassurot qoldiradi. Aslida esa kitob taqdimotiga odam yig‘ish emas, kitob o‘qiydiganlarni yig‘ish muhim.
Tadbir tugadi. Ammo kitob qachon o‘qiladi?
Kitob taqdimotining asosiy qahramoni muallif emas, kitobning o‘zi bo‘lishi kerak. Muallifga hurmat boshqa, asarga talabchan munosabat boshqa. Muallifni hurmat qilgan holda uning asariga tanqidiy baho berish mumkin. Chunki chin adabiy muhitda maqtovning o‘zi yetarli emas. Asar haqida jiddiy, xolis va asoslangan fikrlar ham bo‘lishi lozim.
Kitobning taqdimoti — muallifni sharaflash marosimi emas. U asarning o‘quvchi oldidagi imtihoni bo‘lishi kerak. Shunda muallif ham o‘ylaydi. Qaysi fikr o‘quvchiga ta’sir qildi, qayeri bahs uyg‘otdi, qaysi fikri qabul qilinma-di? Balki qaysidir kamchiligi ko‘rsatiladi. Balki muallif keyingi asarida shu tanqiddan xulosa chiqarar. Adabiyot ham shunday o‘sadi. Har bir yangi kitobning chiqishi bilan qarsaklar yangrayversa... Kitob qachon o‘qiladi va qachon u haqida mulohaza yuritiladi?
Bugun Sirdaryoga daxldor kitoblar ko‘paymoqda. Bu, albatta, yaxshi. Viloyatning tarixi, buguni va kelajagiga doir kitoblar — o‘tmish bilan ertangi kunni bog‘lovchi muhim ko‘prik. Ular qancha ko‘p bo‘lsa, hududning ma’naviy tarixi shuncha boyib boradi. Biroq kitob ko‘payishining o‘zi hali adabiyot va ma’naviyat yuksaldi, degani emas. Kitob ham saralanishi, tahrir qilinishi, xolis nigohdan o‘tishi kerak. Shu ma’noda viloyat hayoti, tarixi va madaniyatiga oid asarlarni ko‘rib chiqadigan, xatolarini ko‘rsatadigan, uslubi va mazmuniga baho beradigan, haqiqatan nashrga loyiq asarlarni saralaydigan tahrir hay’ati bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Chunki bugun pul to‘lab, kitob chiqarish imkoniyati kengaygan. O‘z kitobini o‘zi nashr ettirib, shoir, yozuvchi, ijodkor degan nomni olish qiyin emas. Ammo kitob chiqarish bilan haqiqiy kitob yaratish o‘rtasida farq bor. Nashr etish imkoniyatining kengayishi ijod erkinligi uchun yaxshi. Ammo shu erkinlik bilan birga mas’uliyat ham bo‘lishi kerak. Har bir yozilgan matn kitob shakliga keldimi, adabiy yoki tarixiy qimmatga ega bo‘lishi lozim. Shuning uchun kitobni chop ettirishdan oldin unga xolis ko‘z bilan qaraydigan, “bu joyini tuzatish kerak”, “bu fikrni dalillash zarur”, “bu asar hali pishmagan”, deydigan muharrir va mutaxassislar kerak.

Bu muallifni kamsitish emas. Aksincha, uning mehna-tiga bo‘lgan hurmatdir. Ayrim hollarda esa homiylik asosida nashr etilgan kitoblar sarflangan mablag‘dan ikki baravar qimmatga sotilayotganini ko‘ramiz. Albatta, kitob narxiga nashriyot xarajatlari, tahrir, bosma, muqova, tarqatish va boshqa sarflar ham qo‘shilishi tabiiy. Ammo narx bilan uni yaratishga sarflangan mablag‘ o‘rtasidagi bunday katta tafovut o‘quvchini tabiiy ravishda o‘ylantiradi. Bu kitob haqiqatan ham o‘quvchi uchun yaratildimi yoki undan daromad olish maqsad qilinganmi? Zero, kitob muallifning shaxsiy mulki bo‘lishi mumkin, ammo u nashr etilganidan keyin jamiyatning ma’naviy mulkiga aylanadi. Demak, uning sifati uchun mas’uliyat ham faqat muallifning zimmasida emas.
Yuqoridagi kabi hollarda nomimizda kitob bo‘lganidan ko‘ra, kitobda nomimiz qolgani afzal emasmi?
Bahrom BOYMURODOV

Teglar::