--

OR NOMUSNI ASRAYLIK

OR NOMUSNI ASRAYLIK
Chop etilgan 19 августа, 2026

Biz qayerda xato qilyapmiz?

Tun. Shahar uyquga cho‘mgan. Bir xonadonda bola kulgisi eshitiladi. Yana bir xonadonda ona ertangi kun uchun farzandining maktab kiyimlarini tayyorlamoqda. Qaysidir uyda ota farzandini bag‘riga bosib, shirin tushlar tilaydi. Har bir xonadonda hayot davom etmoqda. Kimdir ertangi kun tashvishida, kimdir farzandining kelajagi haqida o‘yda. Kimdir oilasi bag‘rida xotirjam.
Ammo shu tun bag‘rida, odamlar uyquda ekan, kimlardir nafs quliga aylanib, or-nomusni pulga ayirbosh-lamoqda...
Viloyatimizda joriy yilning olti oyida qo‘shmachilik qilish, fohisha-xona tashkil etish va saqlash bilan bog‘liq 62 ta jinoyat aniqlangan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘r-satkich 53 ta edi. Bir yilda 9 taga ko‘paygan.
Nega bunday joylar ko‘paymoqda? Demak, ularning paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan talab ham mavjud. Qayerda talab bo‘lsa, taklif ham paydo bo‘ladi. Shunday ekan, bu holatni faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar hal qilishi kerak bo‘lgan muammo sifatida qarash to‘g‘ri emas?
Aslida, bu faqat qonunchilik yoki jazo choralaridan izlanmasligi kerak. Chunki jamiyatdagi har qanday ma’naviy illatning ildizi inson tarbiyasi, uning qarashlari va qadriyatlarga munosabatidan ham oziqlanadi.
Shu o‘rinda yana bir jiddiy xolatga e’tibor qarataylik. Joriy yilning olti oyida viloyatimizda 2310 ta nikoh qayd etildi. Shu davrda 865 ta oila ajrashgan. Bu ajrimlar nikohlar soniga nisbatan 37,4 foiz ekanini anglatadi. Oddiyroq aytganda, har 100 ta nikohga 37 ta ajrim to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim hududlarda raqamlar yanada jiddiy.
Guliston shahrida 342 ta nikoh-ga 203 ta ajrim to‘g‘ri kelgan — 59,3 foiz. Yangiyer shahrida 124 ta nikohga 70 ta ajrim — 56,4 foiz. Oqoltin tumanida 104 ta nikohga
55 ta ajrim — 52,8 foiz. Boyovut (27,4 foiz), Xovos (24,7 foiz) va Mirzaobod (23,6 foiz) tumanlarida ajrimlar nisbatan kam qayd etilgan bo‘lsa-da, bitta oilaning parokanda bo‘lishi ham katta fojeadir.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda viloyatda 6778 ta nikoh va 1573 ta ajrim qayd etilgan. Ajrimlar ulushi 23,2 foizni tashkil etgan edi. Joriy yilning olti oyida esa bu ko‘rsatkich 37,4 foizga yetdi. Ya’ni, bir yilga yetmay turib, ajrimlar ulushi 14,2 foizga oshgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq har birimizni jiddiy mulohaza yuritishga undaydi.
To‘g‘ri har bir ajrimda kimningdir mas’uliyatsizligi, kimningdir xiyonati, yana kimningdir moddiy qiyinchiligi, tushunmovchiligi yoki o‘zaro hurmat-ning yo‘qolishi kabi turlicha sabablar turibdi.
Ayrim oilalarda muammo bir uzr bilan hal bo‘ladi. Biroq hech bir taraf bunga bo‘yni yor bermaydi. Dimog‘dorlik qiladi. Ayrimlarida o‘zaro ishonch yo‘qolgan. Ba’zilarida moddiy qiyinchiliklar munosabatlarni og‘irlashtiradi. Yana kimdadir oila mas’uliyatini yelkasiga olishga tayyor emas.
Ammo bir oilaning buzilishi jamiyatning muammosidir. Oila faqat birga yashash emas. Oila — ishonch, sadoqat, mas’uliyat, kechirish, sabr va bir-birini tushunishdir. Shundagina jamiyat ham sog‘lom bo‘ladi. Afsuski, ba’zan biz oilaning qadrini uni yo‘qotish arafasiga kelgandagina anglaymiz. bu beparvoligimiz esa katta muammolarga aylanadi. Biz esa oqibat bilan kurashib qolaveramiz. Ya’ni, oila buziladi — ajrim qayd etamiz. Jinoyat sodir bo‘ladi — fosh etamiz. Fohishaxona aniqlanadi — chora ko‘ramiz.
Ammo bu holatlarga olib kela-yotgan ildizlar haqida yetarlicha o‘ylamaymiz? Farzandimiz kimdan o‘rnak olyapti? U oila deganda nimani tushunyapti? Uning ongida halol mehnat qanday qadrlanmoqda? U inson qadri, ayol sha’ni, erkak mas’uliyati, sadoqat va or-nomus mohiyatini anglab ulg‘ayayaptimi?
Bu savollarni faqat maktab, mahalla yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlariga tegishli emas. Chunki tarbiya avvalo xonadonda boshlanadi. Ota-onaning har bir so‘zi, har bir xatti-harakatidan boshlanadi. Davlat qonun bilan kurashadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatni aniqlaydi va aybdorni javobgarlikka tortadi. Ammo ma’naviy illatlarning oldini olish faqat qonun bilan hal bo‘ladigan masala emas.
Shu o‘rinda qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish va saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar sonining 62 taga yetgani bilan ajrimlarning 865 ta bo‘lganini, albatta, bir-biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab bo‘lmaydi. “Ajrimlar ko‘paygani uchun fohishaxonalar ko‘paydi” yoki “fohishaxonalar ko‘paygani uchun
ajrimlar ortib bormoqda”, degan
xulosaga raqamlarning o‘zi asos
bo‘la olmaydi. Ammo bu ikki holat bizga jamiyatda oila, sadoqat, or-nomus, halollik va inson qadri-
ning tobora tushib ketayotganligi-dan dalolat berayotganday? Masala faqat jinoyatni aniqlash yoki ajrimni qayd etishda emas. Masala — bu holatlarga olib keladigan muhitni shakllantirmaslikda. Negaki, ularda insonning oila va or-nomus degan sharqona qadriyatlarga munosabati masalasi bor. Shuning uchun bugun biz “ayb kimda?” deb emas, “bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimani o‘zgartirishimiz kerak?” deb so‘rashimiz lozim. Zero, or-nomus sotilmaydigan, sadoqat qadrlanadigan, halol mehnat ulug‘lanadigan va oila muqaddas sanaladigan jamiyatdagina farzandlarimiz kelajagi haqida xotirjam gapira olamiz.
Biz qayerda xato qilyapmiz? Javobni o‘zimizdan izlash vaqti keldi!
Bahrom BOYMURODOV,
Maqola viloyat hokimligi axborot
xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

Теги::

Читайте также

Смотреть все