--

Mehnat mevasi

Mehnat mevasi
Chop etilgan 12 августа, 2026

Bog‘ mehrni, hosil esa ilmni yaxshi ko‘radi “Bir tup daraxt ekkan odam yurtga umid ekkan bo‘ladi”

Mamlakatimizda bog‘dor-chilikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, intensiv texnologiyalarni joriy etish bora-sida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo har qanday islohotning haqiqiy samarasi uni amalga oshirayotgan insonlar mehnatida namoyon bo‘ladi.

Guliston tumani Mevazor mahal-lasidagi “Mirzacho‘lmevafayz” fermer xo‘jaligi ana shunday manzillardan biri. Bu yerda yetmish yoshni qarshilagan Abdulla bobo Abdurazzoqovning mehnati tufayli bir vaqtlar tashlandiq bo‘lgan maydon bugun serhosil uzumzorga aylangan.
2016-yilda qarovsiz, tashlandiq holga kelgan yer maydonini uzumzorga aylantirish oson kechgani yo‘q. Yerning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq tarkibini o‘rganish, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish va har bir ko‘chatni parva-rishlash katta mehnat va sabr talab qildi. Oson bo‘lmagan bu yo‘l yillar davomidagi mashaqqatli mehnat evaziga o‘z mevasini berdi. Bugun uzumzorda “Avatar”, “Mersedes”, “Kelinbarmoq”, “Xusayni”, “Rizamat ota”, “Kishmish” kabi navlar hosilga kirib, oftob nurida durdek tovlanadi.
— Bog‘ mehrdan barpo bo‘ladi, — deydi Abdulla bobo kamtarona.
Ushbu birgina jumlada bog‘bon-ning butun hayot falsafasi mujassam. Chunki mehr bo‘lmagan yerda daraxt
ham, hosil ham, baraka ham bo‘l-maydi.
Biroq mehrning o‘zi ham yetarli emas. Uzumchilik yuksak bilim va aniq hisob-kitob talab qiladigan sohadir.
Fermer xo‘jaligining agronomi Salimjon Boltabayev bu haqda shunday deydi:
— Uzumni kuzda ko‘mishdan oldin va bahorda ochilgandan keyin dorilash, mineral hamda organik o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berish, toklarni to‘g‘ri shakllantirish, sho‘rlanish, zang, chirish va zamburug‘li kasal-liklarga qarshi muntazam kurashish zarur. Har bir agrotexnik tadbir o‘z vaqtida bajarilsa, hosil ham sifatli, ham mo‘l bo‘ladi.
 Bu fikrlar zamonaviy bog‘dor-chilikning eng muhim qoidasini anglatadi. Yuqori hosil tasodif emas, balki ilmga asoslangan mehnat samarasidir.
Jumladan, bir yil avval “Avatar” navi “Xusayni” naviga payvand qilingan bo‘lib, bu yil ilk hosili pishib yetildi. Bu esa navlarning moslashuvchanligini oshirish, mahsulot sifati va iqtisodiy samaradorlikni yuksaltirishda payvandlash texnologiyasining ahamiyati katta ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
 Abdulla boboning fikricha, O‘zbekiston bog‘dorchilik bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Biroq sohada raqobatbardoshlikni yanada oshirish uchun ilm-fan bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, xorij tajribasini o‘rganish va yuqori malakali mutaxasislar tayyorlash muhim.
— Bog‘bon doimo o‘qishi, o‘rga-nishi va izlanishi kerak. Ilmdan uzilgan odam yerdan ham uziladi, — deydi u kishi.
 Bu fikr har bir fermer uchun dasturulamal bo‘lishi muhim.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, bog‘da mehnat tajribasi avloddan avlodga o‘tmoqda. Endigina
15 yoshga to‘lgan Elbekjon agronom Salimjon Boltabayevdan uzumchilik sirlarini o‘rganmoqda. Demak, bu yerda nafaqat uzum, balki kelajak mutaxassislari ham yetishmoqda.
Bugun mazkur uzumzordan yiliga qariyb 200 million so‘mlik daromad olinmoqda. Bu raqam faqat iqtisodiy samarani emas, balki yerdan oqilona foydalanish, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish va agrotexnologiyalarga amal qilishning amaliy natijasini ham ko‘rsatadi.
Ko‘pchilik Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanini uzumchilik maktabi sifatida e’tirof etadi. Ammo Sirdaryo zaminida ham undan qolishmaydigan, ayrim jihatlari bilan o‘rnak bo‘ladigan uzumzorlar shakllanayotgani quvonarli. Bu esa viloyatda bog‘dorchilik madaniyati yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Yerga mehr bersangiz — baraka qaytaradi, ilm bersangiz — hosil qaytaradi, mehnat qilsangiz — faro-vonlik qaytaradi. Abdulla bobo Abdurazzoqov barpo etgan uzumzor ana shu hayot haqiqatining yorqin isbotidir.
Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::