Viloyatimizda aliment to‘lovchilarning soni bugungi kunda 10 ming 677 nafarni tashkil etadi. Viloyat MIB matbuot kotibi Shuhrat Mahmudov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aholi soniga nisbatan aliment to‘lovchilarning eng ko‘pi Guliston shahri va Sirdaryo tumanida qayd etilgan. Bu esa aynan ushbu hududlarda oilaviy nizolarni barvaqt bartaraf etish, yarashtirish va profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Joriy yilning birinchi yarmida voyaga yetmaganlar foydasiga 39 milliard so‘m aliment undirilgani yuzlab bolalarning ta’minoti yo‘lidagi muhim natijadir. Quvonar-lisi, 1 415 ta ijro ishida taraflar o‘zaro yarashtirildi. Har bir yarashuv ortida farzandning baxtini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, tashkil etilgan mehnat yarmarkalari orqali 462 nafar aliment qarzdori doimiy ish bilan ta’minlandi. Bu juda muhim ko‘rsatkich. Chunki qarzdorlarning katta qismi ishsizlik bilan bog‘liq. Ishi, daromadi bo‘lmagan odamdan alimentni o‘z vaqtida to‘lashni talab qilish oson, ammo buning imkoniyatini yaratish undan ham muhim. Bir oylik aliment puliga bolani butlash qiyin, afuski shu pulni topish ham ba’zi qarzdorlarga og‘ir kelmoqda. Masalan, joriy yil boshidan shu kunga qadar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 249 nafar shaxs ma’muriy, 18 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Qonun ustuvorligi ta’minlanishi shart. Farzand ta’minotidan qochish oqlanmaydi. Biroq qarzdorlarning barchasini bir xil mezonda baholab bo‘lmaydi. Ular orasida ishlashni istab, ammo munosib ish topa olmayotgan, qarzdorligi sababli xorijga mehnat qilish uchun chiqish imkonidan mahrum bo‘lgan fuqarolar ham bor. Ba’zan aynan ishsizlik oilaning buzilishiga sabab bo‘lsa, keyinchalik aliment qarzi bu muammoni yanada chuqurlashtiradi.
Afsuski, qarzdorlar orasida ayollar ham uchraydi. Hatto bir tom ostida yashab turib ham aliment to‘layotgan oilalar borligi muammo avvalo oilaviy munosabatlar va o‘zaro mas’uliyat bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Davlat tomonidan ham ijtimoiy himoya mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, “Aliment to‘lovlari” jamg‘ar-masi hisobidan olti oy davomida 17 nafar undiruvchiga 779 million so‘m to‘lab berildi. Biroq hech bir jamg‘arma ona mehri va otalik mas’uliyatining o‘rnini bosa olmaydi.
Aliment masalasiga faqat qarzdor va undiruvchi nuqtai
nazaridan qarash yetarli emas. Bu bandlik, oilani mustahkamlash, yarashtirish va farzand manfaatini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq masaladir. Aliment to‘lovchilar soni jamiyatning ma’naviy sog‘lomligini ham muhim ko‘rsatkichidir. Uni kamaytirish barchamizning vazifamiz. Ajrimdan keyingi choralar emas, uning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim. Ota-onalar nizosida arqonning uzun uchi hamisha bolaning nozik bo‘yniga o‘raladi. Ana shu zanjirni uzish esa barchamiz-ning fuqarolik burchimizdir.
Marjona SHUHRAT qizi