--

OSIYO MAYDONIDA SIRDARYO IMZOSI

OSIYO MAYDONIDA SIRDARYO IMZOSI
Chop etilgan 13 октября, 2026

Bir viloyatning sportdagi salohiyatini namoyon etish uchun ba’zan o‘nlab raqamlar emas, birgina natijaning o‘zi kifoya. Viloyatimiz vakillarining Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Qit’aning eng nufuzli sport musobaqalaridan birida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan 22 nafar sirdaryolik sportchi erishgan yutuqlar vohamiz sportining imkoniyatlari va katta marralarni zabt etishga qodirligini ko‘rsatdi. Eng muhimi, bu muvaffaqiyat ortida medallargina emas, yillar davomidagi mehnat, iroda va g‘alabaga bo‘lgan ishonch mujassam.
Osiyo o‘yinlari shunchaki sport musobaqasi emas. Bu — qit’aning eng kuchli atletlari bellashadigan, har bir soniya, har bir harakat va har bir ochko hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan katta sinov. Bunday maydonda muvaffaqiyat qozonish uchun iste’dodning o‘zi yetarli emas. Muntazam mashg‘ulot, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik, murabbiylar tajribasi hamda musobaqa bosimiga bardosh berish qobiliyati ham zarur. O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 396 nafar sportchi qatnashgan muso-baqada mamlakatimiz vakillari 70 ta medal — 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida beshinchi o‘rin qayd etildi. Bu natijada viloyatimiz sportchilarining ham munosib hissasi bor. Ular 1 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimiz sportchilari respublika miqyosida medallar jamg‘arish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan.
Bu o‘rinda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat – hududimizning xalqaro musobaqadagi natijasi viloyatning hududi yoki aholi soni bilan emas, sportchilarning tayyorgarligi va erishgan yutuqlari bilan o‘lchanayotganidir. Katta sportda imkoniyatlar ko‘lami muhim, biroq undan qanday foydalanish, mavjud salohiyatni natijaga aylantirish undanda muhimroq.
Sirdaryolik sportchilar Osiyo o‘yinlarida akademik eshkak eshish, yengil atletika, qilichbozlik, futbol, kurash va velosport kabi yo‘nalishlarda qatnashishdi. Bu esa viloyatda sportning birgina turi emas, turli yo‘nalishlar bo‘yicha ham mahoratlilar yetishib chiqayotganini ko‘rsatadi.Akademik eshkak eshish bo‘yicha natijaga erishish uchun kuch va chidamlilik bilan birga harakatlarning mutlaq uyg‘unligi talab etiladi. Qayiqda jamoaviy suzishda bir sportchining xatosi butun jamoaning natijasiga ta’sir qilishi mumkin. Yengil atletikada esa har bir urinish, masofa va soniya sportchining uzoq tayyorgarligi uchun mezonga aylanadi. Qilichbozlikda tezkor qaror va aniq harakat, kurashda kuch bilan birga taktika, futbolda esa individual mahorat va jamoaviy hamjihatlik hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Demak, bu natijalar turli sport maktablari, turlicha tayyorgarlik usullari va o‘ziga xos mahorat talab qiladigan yo‘nalishlar bir maqsad — O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonda baland ko‘tarish yo‘lida birlashganini anglatadi.
Viloyatimiz sportining bugungi natijalarini faqat qo‘lga kiritilgan medallar yoki egal-langan o‘rinlar bilan baholab bo‘lmaydi. Muhimi, erishilgan yutuqlarni qay darajada davom ettira olishimiz, bugungi chempionlar ortidan yangi avlod sportchilarini yetishtirib chiqarishimizdir. Shu sababdan yosh iste’dodlarni erta aniqlash, sport maktablarida ular bilan tizimli ishlash, murabbiylar salohiyatini oshirish va sportchilarga munosib tayyorgarlik sharoitlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Zero, xalqaro maydondagi barqaror muvaffaqiyat tasodifan yuzaga kel-maydi, balki izchil mehnat, puxta tayyorgarlik va uzluksiz izlanish samarasidir.
Ayniqsa, xalqaro maydonda tajriba orttirgan sportchilarni yosh avlodga namuna sifatida
ko‘rsatish, ularning mashg‘ulotlari va hayot yo‘lini keng
targ‘ib etish muhim. Chempionning g‘alabasi faqat uning shaxsiy muvaffaqiyati bo‘lib qolmasligi, boshqa yoshlarning ham sportga qiziqishini uyg‘otishi kerak.
Sirdaryolik sportchilarning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki viloyatda katta sport uchun salohiyat mavjudligini ko‘rsatdi. Endigi vazifa — bu salohiyatni yanada rivojlantirish, erishilgan natijalarni tasodifiy muvaffaqiyat emas, barqaror an’anaga aylantirish. Zero, xalqaro musobaqada ko‘tarilgan bayroq ortida nafaqat sportchining shaxsiy orzusi, balki uning oilasi, murabbiyi, yurti va unga ishonch bildirgan insonlarning umidi ham turadi.
Har bir medal ana shu ishonchning o‘ziga xos ifodasidir.
Viloyatimiz sportchilari Yaponiyadan medallar bilan qaytishgan bo‘lsa, bu natija viloyat sporti oldiga yangi marralarni ham qo‘yadi. Endi gap faqat bugungi muvaffaqiyatni nishonlashda emas, uni ertangi avlod uchun mustahkam poydevorga aylantirishda. Chunki haqiqiy g‘alaba bir marta shohsupaga ko‘tarilish emas, o‘sha shoh-supaga qayta-qayta chiqishga qodir sport tizimini yaratishdir.
Sevinch MURODOVA

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR
Теги::

Читайте также

Смотреть все