--

TEXNIKUM XALQARO “PEARSON” DASTURIGA QO‘SHILDI

TEXNIKUM XALQARO “PEARSON” DASTURIGA QO‘SHILDI
Chop etilgan 18 августа, 2026

Sirdaryo kasb-hunar maktabi joriy o‘quv yilidan boshlab texnikum maqomini oldi. Shu asno ta’lim maskani hayotida olamshumul voqea ro‘y berdi. Texnikum Buyuk Britaniyaning “Pearson” kompaniyasi dasturiga qo‘shildi.
Bu nimani anglatadi? Mazkur kompaniya 200 dan ortiq mamlakat va hududlarga ta’lim xizmatlarini taqdim etadi. O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini xalqaro andozalarga moslashtirish maqsadida 2025-yil may oyida “Pearson” kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Dastlabki bosqichda loyiha mamlakatimizning 14 ta texnikumida yo‘lga qo‘yilmoqda. “Pearson” mutaxassislari tomonidan 150 nafardan ortiq kasbiy ta’lim o‘qituvchilari biznes, muhandislik, axborot texnologiyalari, mehmondo‘stlik kabi yo‘nalishlarda xalqaro standartlar asosida o‘qitildi. Sirdaryo tumani 1-sonli texnikumi ana shu 14 ta texnikumning biri sanaladi.
— Ta’lim muassasamizda xalqaro
dastur bo‘yicha tahsil olgan eng yaxshi bitiruvchilarga “Pearson” diplomlari beriladi, — deydi texnikum direktori Muhitdin Zaripov. — Ularning diplomlari 70 ta rivojlangan davlatda tan olinadi. O‘sha davlatlarga ishga borgan bitiruvchilarimiz mahalliy mutaxassislar bilan teppa-teng maosh olishadi. Agar oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish istagi bo‘lishsa, xohlagan davlatning oliygohlari eshiklari ular uchun ochiladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ham “Pearson” talablariga monand olib boriladi. Boz ustiga, ingliz tilida emin-erkin muloqot qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lishadi.
2026-2027-o‘quv yilida texni-kumga 9-sinf bitiruvchilari 9 ta yo‘nalish va 11-sinf bitiruvchilari esa, uch yo‘nalish bo‘yicha jami 480 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Shulardan 120 nafari xalqaro “Pearson” ta’lim dasturi bo‘yicha ta’lim oladi. Ushbu ko‘rsatkich yilma-yil oshib boradi va 2030-yilda texnikum o‘quvchilarini to‘liq qamrab oladi.
11-sinf bitiruvchilari dual ta’lim yo‘nalishida tahsil
oladilar. Ular 2 kun texnikumda nazariy bilimlar bilan qurollantiriladi. 4 kun korxonalarda ish o‘rganishadi. Har bir o‘quvchiga fanlarni qanday o‘zlashtirishidan qat’iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori yoki kasblar bo‘yicha respublika va xorijiy tanlovlarda g‘olib chiqqanlarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi. Bundan tashqari, texnikumni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilar o‘zlarining mutaxassisligiga mos bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha suhbat asosida to‘lov-kontrakt sharti bilan mamlakatimizning oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishlarini davom ettirishlari mumkin.
— “Pearson” dasturi bo‘yicha saboq beradigan peda-gog-muhandistlar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga 100 foiz ustama beriladi, — deydi texnikum direktorining ishlab chiqarish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Maxsatilla Tojixonov. — Maqsadimiz jahon mehnat bozorida o‘z o‘rnini topib ketadigan, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir.
AVVALGILARGA O‘XSHAMAS
Ta’lim-tarbiya jarayonini zamon talablari darajasida tashkillashtirish uchun albatta, zarur shart-sharoitlar yaratilishi talab etiladi. Ana shu maqsadda joriy yil texnikum binosi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Pud-ratchi tashkilot viloyat kapital qurilish boshqarmasi quruvchilari 2 milliard so‘mdan ziyod kapital mablag‘ni o‘zlashtirdilar. Laboratoriya, o‘quv-amaliyot xonalariga yangi jihozlar olib kelindi.
O‘n marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal naqliga amal qilib Maxsatilla Tojixonov bilan texnikum bo‘ylab sayohat qildik. Jamoa open (ochiq) byudjet tanlovida ishtirok etib, 1,5 milliard so‘m yutib olibdi. Ana shu mablag‘ evaziga texnikum hovlisida metallarga ishlov berish sexi qad rostlabdi. Sex xorijda ishlab chiqarilgan 2 milliard so‘mlik eng zamonaviy asbob-uskunlar bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish ta’limi ustasi Rustam Ravshanov kompyuter orqali metallga shakl berish jarayonini boshqarayotgan ekan.

—Bu uskunalar hali ko‘pgina ishlab chiqarish korxo-nalarida ham yo‘q, — deydi usta. — O‘quvchilarimizni mana shunday murakkab dastgohlar bilan muomala qilishga o‘rgatamiz. Ular texnikumimizni bitirgach, bemalol rivojlangan davlatlarda ham emin-erkin faoliyat olib borishlari mumkin.
Sexdan ustaxona tomon ko‘chdik. Ishlab chiqarish ta’limi ustasi Bahrom Djanikulov bu yerda metallarni payvandlashni uch turdagi uslubini bitta o‘zi bajardigan dastgohni ishlatib ko‘rsatdi.
Hovlida hashar yo‘li bilan sun’iy qoplamali stadion, avtomobillar servisi yo‘nalishida tahsil oladigan o‘quvchi-larning ulovlarda mashq qilishlari uchun avtodrom bunyod etilibdi.
Uzun — qisqa bo‘lib o‘quv korpusining ikkinchi qava-tidagi tikuv sexiga yo‘l oldik. Ishlab chiqarish ta’limi ustasi Nafisa Gafurova ishsiz xotin-qizlarni qisqa kurslarda kasb-korga o‘qitayotgan ekan. Yaqinda 11 nafar xotin-qiz tikuvchilik sertifikatlarini olib, mehnat quchog‘iga yo‘l olibdi. Navbatdagi guruhda mashg‘ulotlar qizg‘in borayotgan ekan. Sex 12 ta zamonaviy tikuv mashinkasi, 3 ta chok va gul bosuvchi mashinka, 1 ta trikotaj va cho‘zi-luvchan matolar bilan ishlashga moslashgan mashinkaga ega.
— Men “Adolat” mahallasida yashayman, — deydi Yuliya Kim. — 4 nafar farzandim bor. Uy bekasiman. O‘zim va farzandlarim uchun liboslar tikishni o‘rganish uchun bu yerga keldim.
Texnikumda yana to‘rtta harbiy qismning 119 nafar askar yigitlari ham 6 ta kasbga o‘qitilayotgan ekan. Xotin-qizlar va askarlarning o‘qishlariga tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi shafelik qilmoqda.
— Bu sa’y-harakatlarimizning zamirida byudjetdan tashqari mablag‘ topishdek ezgu maqsad mujassam, — deydi M. Tojixonov. — Qolaversa, yozgi ta’til payti ishlab chiqarish ta’limi ustalari ham mo‘maygina daromad ishlab olishadi. O‘qitishdan tushgan mablag‘ning 50 foizi ularning hamyoniga tushadi.
“YANGI O‘ZBEKISTON BUNYODKORLARI” TANLOVIDA SIRDARYOLIKLAR
ZO‘RLAR SAFIDA
Prezidentimizning tashabbuslari bilan o‘tgan hafta mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida ilk bor kasbiy mahorat milliy tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda 16 yoshga to‘lgan, 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, mahallalardagi band bo‘lmagan aholi, yoshlar qatlami 10 ta kasb bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Nufuzli tanlovda Sirdaryo tumani 1-son texnikumi o‘quvchilari 1 ta oltin,
1 ta kumush va 1 ta bronza medallariga ega chiqib, respub-lika miqyosida Samarqand viloyatidan keyin 2-o‘rinni band etishdi va 136 million pul mukofoti bilan qaytishdi.
— O‘quvchilar jamoamiz tanlovning tuman va viloyat bosqichlarida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi, — deydi Maxsitilla Tojixonov. — Tanlovning viloyat bosqichida payvandlash, modalar texnologiyasi, sartaroshlik kasblari yo‘nalishlari bo‘yicha birinchi, payvandlash (bu yo‘nalishda ham birinchi, ham ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritilgan), oshpazlik kasblari yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni band etdik. Tanlovning hal qiluvchi respublika bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.
Darvoqe, harakatda — barakat, deganlaridek, tanlovning respublika bosqichida payvandlash kasbi yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi ustasi Bahrom Djanikulovning shogirdi Umid Gadayboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ustozga 41 million 200 ming, shogirdiga esa 8 million 240 ming pul mukofoti berildi. Sartaroshlik kasbi yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqarish ta’limi ustasi Lola Qodirovaning o‘quvchisi Gulnora Musajonova kumush medalga musharraf bo‘ldi. Ustoz 32 million
960 ming, shogird 6 million 180 ming so‘m bilan siylandi. Yana bir ustoz-shogird Jo‘rabek Vohidjonov va Javohir Baratovlar payvandlash kasbi yo‘nalishi bo‘yicha bronza medaliga noil bo‘lishdi. Ustozga 24 million 720 ming, shogirdga 4 million 120 ming pul mukofoti berildi.
Direktor xonasida texnikum qo‘lga kiritgan yutuqlarni sarhisob qilib o‘tirgandik bo‘ychan bir yigit kirib keldi.
— Oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchimizning ustozi Bahrom Djanikulov mana shu yigit bo‘ladi. Mehnatlari evaziga nufuzli tanlovda 41 million 200 ming yutib oldi, — deydi Muhitdin Zaripov.
— Ushbu mablag‘ni qanday xarj qilmoqchisiz? — deya Bahromga yuzlanamiz.

— To‘y xarajatlari tayyor. Xodimimizning boshini ikkita qilamiz-da! —deya hazil qildi direktor.
Bahromjon sirli jilmayib qo‘ydi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Prezident sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy maho-rat milliy tanlovining taqdirlash marosimi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda shunday so‘zlar bor: “Men butun O‘zbekiston yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: xalqimizning sizlarga bo‘lgan yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlaning, yangi bilim hamda texnologiyalarni egallang, xorijiy tillarni o‘rganing va kasbingiz bo‘yicha eng ilg‘or mutaxassis bo‘lib yetishing!
Zero, yoshlikda olingan ta’lim va malaka bamisoli toshga o‘yilgan naqsh, kelajakdagi ulkan yutuqlar poyde-voridir”.
Tanlovda eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasi shakllantirilib, ular
“WorldSkills international” xalqaro kasbiy tanlov musoba-qasida yurtimiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 316-qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur tanlov endi har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Muhammadali AHMAD
Tasvirlarda: Tikuvchilik sexida Nafisa Gafurova ishsiz xotin-qizlarga qisqa kursda saboq bermoqda; Tanlovda oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchining ustozi Bahrom Djanikulov; Ishlab chiqarish ta’limi ustasi Rustam Ravshanov metallga ishlov berish sexida eng zamonaviy dastgohni boshqarmoqda; Tanlovga tayyorgarlik jarayonidan lavhalar.

Теги::

Читайте также

Смотреть все