--

MAHALLANING MUSTAHKAM QAL’ASI

MAHALLANING  MUSTAHKAM  QAL’ASI
Chop etilgan 15 августа, 2026


Mahalla — azaldan milliy qadriyatlar, mehr-oqibat va hamjihatlik maskani bo‘lib kelgan. Bugun Yangi O‘zbekistonda ushbu dargohning ma’naviy muhitini yanada mustahkamlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, oila muqaddasligi, vatanparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini qaror toptirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Mahalla faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 7-29-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyatidagi imom-xatiblari tomonidan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mahallalarda “Yurt tinchligi va taraqqiyotiga mening hissam”, “Oila muqaddas dargoh”, “Sog‘lom turmush tarafdorimiz”, “Dunyo va din odobi”, “Ommaviy madaniyatning halokatli ta’siri”, “Isrofgarchilikning oldini olaylik” kabi dolzarb mavzularda uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va suhbatlar muntazam tashkil etilmoqda.

Shuningdek, “Mahallada obodlik va mehr-saxovat” oyligi doirasida, tozalik va ozodalik, to‘y-tantanalar, ma’rakalarni ixcham va me’yor asosida o‘tkazish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, farzand tarbiyasi, oilada o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunga qadar mazkur yo‘nalishda 118 ta ma’rifiy uchrashuv va suhbat tashkil etilib, ularda 2520 nafar aholi vakillari qamrab olindi.

 — Mahallada tinchlik bo‘lsa, yurtda barqarorlik mustahkam bo‘ladi, —deydi  O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakili Xabibullo  Zokirov. — Inson qalbiga ezgulik urug‘ini sepish, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, isrofgarchilikka qarshi kurashish bugun har bir imom-xatibning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Biz har bir xonadonga ma’rifat, shukronalik va ahillik muhitini olib kirishga intilayapmiz.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida ham keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Imom-xatiblar, imom noiblar va hojilar hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, profilaktik hisobda turuvchi, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar holidan muntazam xabar olinib, ularga moddiy yordam hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Bu xayrli tashabbuslar faqat moddiy ko‘mak bilan cheklanmay, balki ehtiyojmand insonlarning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash, ular o‘rtasida tinchlik, shukronalik, ilm-ma’rifatni targ‘ib qilish, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash, oilaviy ajrimlarning oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Bugun mahallada o‘tkazilayotgan har bir ma’rifiy uchrashuv, har bir samimiy suhbat, har bir xayrli amal jamiyat ma’naviy immunitetini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, ahil va hamjihat mahalla — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng ishonchli tayanchi hisoblanadi.

Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI
Теги::