--

YANGI LOYIHALAR VA INVESTISIYALAR

YANGI LOYIHALAR VA INVESTISIYALAR
Chop etilgan 23 September, 2026

Sirdaryo viloyatida so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan izchil islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va ishbilarmonlik muhitining tobora yaxshilanishi xorijiy sarmoyalar oqimiga ham sezilarli turtki berdi. Natijada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmi yildan-yilga oshib, 2020 yilda 208,5 million dollar bo‘lgan ko‘rsatkich 2025 yilga kelib 905,1 million dollarga yetdi. Ya’ni, so‘nggi 5 yil ichida viloyat iqtisodiyotiga jalb etilgan investisiyalarni o‘zlashtirish hajmi 4,3 barobarga oshdi.
Shuningdek, investisiya faolligining yuqori sur’atlari keyingi davrlarda ham izchil davom etmoqda. Xususan, 2025 yilda o‘sish sur’ati avvalgi yilga nisbatan 199 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki 6 oyligida rejadagi 584,8 million dollarga nisbatan amalda 906,7 million dollar (155 foiz) xorijiy kapital o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkichlar viloyatning investisiyaviy jozibadorligi tobora ortib, xorijiy sarmoyadorlar uchun yangi imkoniyatlar makoniga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Viloyatda investisiya muhitini yanada rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini barpo etish, aholi bandligini ta’minlash borasida Investisiya dasturi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish maqsadida 2026 yilda umumiy qiymati 578,9 million dollar bo‘lgan 379 ta muhim loyihadan iborat manzilli dastur shakllantirildi. Ushbu loyihalarni to‘liq amalga oshirish evaziga hududda 10 149 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunga qadar umumiy qiymati 132,6 million dollarlik 282 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 3 418 nafar fuqaro doimiy hamda daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.
Hududlarda foydalanishga topshirilgan istiqbolli va yuqori texnologiyali tashabbuslar allaqachon o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, Sardoba tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “ZOMIN PACK KING” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 36 milliard so‘m bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlari uchun maxsus va zamonaviy qadoqlar ishlab chiqarish loyihasi tashkil etildi. Bu orqali mahalliy mahsulotlarni eksportga tayyorlash va saqlash sifati oshirilib, 30 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Sirdaryo tumanidagi “Diyor Design Decoration” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 40 milliard so‘mlik zamonaviy devor gulqog‘ozlari (oboi) ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Korxonada sifatli, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, 10 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.
Albatta, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, belgilangan rejalarni to‘liq va sifatli bajarish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yil yakuniga qadar yana 432 million dollarlik 192 ta yirik va muhim loyihani ishga tushirish hamda qo‘shimcha 7 692 ta yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Faxriddin KUSHAKOV,
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari

Тегlar::