--

TOSHDAN TARIX O‘QIGAN OLIM

TOSHDAN TARIX O‘QIGAN OLIM
Chop etilgan 22 September, 2026

Asrlar davomida sukut saqlab yotgan bir parcha toshda butun bir davrning izi, odamzodning kechagi kuni, uning yashash tarzi, mehnati va orzulari yashiringan bo‘lishi mumkin. Arxeologning vazifasi esa ana shu sukutni buzish emas, balki uni tinglash, toshning tilini anglash va o‘tmishning bugungi avlodga aytmoqchi bo‘lgan gapini ochib berishdir. Toshnazar Omonjo‘lov ana shu tilni anglagan olimlardan biri edi.
Forishning qadimiy Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan Toshnazar Omonjo‘lov keyinchalik qadimgi tosh davrini tadqiq etgan arxeolog, tarix fanlari nomzodi, dotsent va ko‘plab shogirdlarga ustoz bo‘lgan olim darajasiga yetgan edi. Toshnazar ustozning ilm yo‘li ham bejizdan toshli zamindan boshlanmagan.
Usta Omonjo‘l ota xonadonida voyaga yetgan Toshnazar bolaligidan mehnatning qadrini anglab ulg‘aydi. Otasining hunari, oiladagi tarbiya va tug‘ilib, o‘sgan muhit unda izlanishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. 1968-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining tarix fakultetiga o‘qishga kirishi esa uning hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Talabalik yillarida tarixni faqat kitob-lardan o‘rganish bilan cheklanib qolmay, arxeologik ekspeditsiyalarda ishtirok etdi. Akademik Yahyo G‘ulomov kabi yirik olimlardan saboq oldi, tajribali arxeologlar bilan birga hamkorlik qildi. 1973-yilda institutni tamomlagach, Yahyo G‘ulomovning taklifi bilan Arxeologiya institutida faoliyatini davom ettirgani ham uning ilmiy yo‘lida yangi ufqlarni kashf etishda asos bo‘ldi.
1975-1987-yillarda Ukraina, Kavkaz, Janubiy Sibir va boshqa hududlarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalarida qatnashdi. Toshkent vohasidagi Ko‘lbuloq, Farg‘ona vodiysidagi Selung‘ur kabi qadimiy yodgorliklarni o‘rganish jarayonlarida ishtirok etib, Markaziy Osiyoning qadimgi tarixi va ilk madaniyatini tadqiq etishga o‘z hissasini qo‘shdi.
Arxeologiya katta sabr va sinchkovlikni talab qiladi. Tuproq ostidan topilgan har bir buyumning tarixiy qiymatini aniqlash, uni boshqa dalillar bilan taqqoslash va ilmiy xulosa chiqarish oson emas. Olimning faoliyati ham ana shunday uzoq davom etgan izlanishlar bilan bog‘liq.
1984-yilda “Toshkent vohasining muste davri yodgorliklari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgani uning ilmiy faoliyatidagi muhim natijalardan biri bo‘ldi. Keyinchalik to‘plagan tajribasi va bilimlarini yosh avlodga yetkazishga katta e’tibor qaratdi.
1988-yilda viloyatimizga ko‘chib kelgach, ustozlik yo‘nalishi yanada kengaydi. Guliston davlat universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1994-2001-yillarda “Umumiy tarix” kafedrasiga rahbarlik qildi. Jizzax davlat pedagogika institutida ham kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritdi, viloyatimiz o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimida mehnat qildi.
Uning uchun ustozlik faqat dars berish emas, tarixga qiziqadigan, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash edi. Yillar davomida orttirgan ilmiy tajribasini shogirdlariga yetkazib, tarix va arxeologiya yo‘nalishida o‘z maktabini shakllantirdi.
Olim 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lib, Rossiya, Ukraina, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro hamda respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda qatnashgan. 2004-yilda “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi” o‘quv qo‘llanmasini nashr ettirdi. Arxeologiya, fan tarixi, jahon sivilizatsiyalari va ibtidoiy madaniyat tarixi bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallar tayyorladi.
Biroq olimning merosini faqat ilmiy ishlari bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Viloyatimizda tarix va arxeologiya fanlarini rivojlantirish, yoshlarni bu sohaga qiziqtirish va shogirdlar tayyorlash borasidagi faoliyati ham muhim o‘rin tutadi. Bugun uning ilmiy ishlari bilan bir qatorda, ta’lim bergan shogirdlari ham bu mehnatning davomchilaridir.
Toshnazar Omonjo‘lovni yaqindan bilganlar uning kamtarligi, bosiqligi, talabchanligi va samimiyatini alohida ta’kidlashadi. Ilmiy unvon va lavozimlar ortidan insoniy soddalikni yo‘qotmagan. Bo‘sh vaqtlarida rasm chizishga qiziqishi esa uning ijodkorlikka moyilligidan dalolat beradi.

Oilada ham mas’uliyatli ota bo‘lgan olim uch nafar qiz va ikki nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazib, ularning barchasigaoliy ma’lumot olish imkonini yaratdi
Toshnazar Omonjo‘lovning umr yo‘li ilm izlanishdan kasbga, kasb esa ustozlik maktabiga aylangan hayot yo‘lidir. U toshlardan tarix izlarini o‘qidi, o‘tmishni tadqiq qildi va shu tarixni anglaydigan avlodni tarbiyaladi.
Sevinch G‘ANIYEVA

Тегlar::