--

ISHONCH TAMOYILINING AMALDAGI IFODASI

ISHONCH  TAMOYILINING  AMALDAGI  IFODASI
Chop etilgan 20 September, 2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgust-dagi PQ-264-sonli qaroriga muvofiq “Tashabbusli budjet” jarayonida aholi va davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bilan birga ovoz berish bosqichida g‘olib bo‘lmagan, ammo hudud uchun dolzarb bo‘lgan loyihalarni Qonunchilik palatasi deputatlari vakolati doirasida moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etildi. Shu asosda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova o‘z saylov okrugiga kiruvchi Mirzaobod tumanidagi “Oqoltin” mahallasi aholisining yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq murojaat va tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

3 440 nafar aholi istiqomat qiladigan, 622 ta xonadon va 23 ta ko‘chani birlashtirgan mahallada ushbu loyiha “Tashab-busli budjet” ovoz berish jarayonida g‘olib bo‘lmagan bo‘lsa-da, hudud uchun dolzarbligi inobatga olinib, deputat vako-lati asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Deputat o‘rganishlari davomida aholi o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, ko‘chalarni shag‘allashtirib, yo‘llarni tekislashga harakat qilib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlar inobatga olinib, mahallaning eng serqatnov to‘rtta ko‘chasini to‘liq asfaltlashga qaror qilindi.

Jumladan, Sohilbo‘yi — 1 700 metr, Sohil bo‘yi-2 — 200 metr, Muazzam — 380 metr va Buyuk Turon — 400 metr. Ularning umumiy uzunligi 2 680 metrni tashkil etadi.

Ushbu yo‘llarni ta’mirlash va asfalt qoplama yotqizish ishlari uchun deputat vakolati doirasida 1 milliard 647 million 910 ming so‘m mablag‘ ajratildi.

Deputat Nodira Jonibekova mahallaga tashrif buyurib, loyiha doirasidagi ishlar bilan tanishdi, mahalla yettiligi, nuroniylar va aholi vakillari bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda mahalla ahli xalq vakiliga minnatdorlik bildirdi. Zero, mahallalar obodligiga qaratilgan bunday tashabbuslar xalq va davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, aholi murojaatlariga amaliy yechim topishning muhim ifodasidir.

“Adolat” SDP viloyat Kengashi matbuot xizmati

Тегlar::