Har bir mahallaning o‘ziga xos insonlari bo‘ladi. Ular rasmiy lavozim egallamasa-da, halol mehnati, odamlarga manfaat keltirayotgan xizmati bilan el hurmatini qozonadi. Mirzaobod tumanining “Bog‘iston” mahallasida yashovchi Saodat Ayitqu-lova ana shunday fidoyi insonlardan biri.
Ko‘p yillardan buyon Saodat opa har kuni tong saharda o‘zining ishonchli hamrohiga aylangan skuterida mahalla ko‘chalarini aylanadi. Signal ovozini eshitgan xonadonlardan xaridorlar chiqadi. Chunki ular yaxshi biladiki, Saodat opa olib kelgan sut, qatiq, qaymoq tabiiy, yog‘li va sifatli. Bugun u nafaqat “Bog‘iston” mahallasi, balki yana bir necha qo‘shni mahalla aholisini ham tabiiy sut mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Bu mehnat ortida katta mas’uliyat va matonat mujassam. Har kuni erta tongdan ish boshlash, mahsulotni o‘z vaqtida yetkazish, xaridorlar ishonchini oqlash oson emas. Ammo halol mehnat qilgan inson uchun eng katta mukofot odamlarning ishonchi va duosidir. Shu bois mahalla ahli Saodat opani hurmat qiladi, uni intiqlik bilan kutadi.
Saodat opa to‘rt nafar qiz va bir nafar o‘g‘ilning mehribon onasi, yetti nafar nevaraning suyukli buvisidir. U farzandlari kelajagi uchun tinmay mehnat qiladi. Ayniqsa, qizlaridan biri oliygohda kontrakt asosida tahsil oladi. Sa’y-harakat, ona mehri va mas’uliyat shu farzandlar iqboli uchun.
Saodat opaning yana bir ibratli jihati — xushmuomalaligidir. U xaridorlarni doimo ochiq chehra, shirin so‘z bilan kutib oladi. Mahsulot sifati bilan bir qatorda muomala madaniyati ham muvaffaqiyatning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan uning mehnat faoliyati ko‘pchilikka namuna bo‘la oladi.
Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Saodat opa kabi mehnatkash insonlarning hissasi beqiyos. Ular o‘z oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, odamlarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab, iqtisodiy faollikning oshishiga ham xizmat qilmoqda.
Mehnat insonni ulug‘laydi, halol rizq esa xonadonga baraka olib kiradi. Saodat Ayitqulova ana shu hayotiy haqiqatni o‘z mehnati bilan isbotlab kelayotgan insonlardan biridir.
Biz ham Saodat opaga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, ishlariga baraka va xaridorlari yanada ko‘payishini tilaymiz. Chunki halol mehnat qilgan insonning yo‘li hamisha fayzli va barakali bo‘ladi.
Adolat AXMADJANOVA