--

YERGA EGALIK—DAROMADGA EGALIK

YERGA EGALIK—DAROMADGA EGALIK
Chop etilgan 13 October, 2026

Sayxunobodda samarasiz bog‘larni yangilash, suvni tejash va yerdan unumli foydalanish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish iqtisodiy taraqqiyotning muhim shartlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, suv taqchilligi tobora dolzarblashayotgan bir sharoitda har bir qarich yerning imkoniyatini ishga solish, samarasiz bog‘larni yangilash, bo‘sh maydonlarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish nafaqat iqtisodiy manfaat, balki bugungi kunning muhim talabidir. Unumdor yerni qarovsiz qoldirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanmaslik esa nafaqat oila daromadiga, balki jamiyat manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Jumladan, Sayxunobod tumanidagi “Olimjon Mashhura hamkor” fermer xo‘jaligining samara-dorligi past bo‘lgan 4 gektarlik olma bog‘i o‘rniga olxo‘ri ko‘chatlari ekilmoqda. Bu, avvalo, mavjud yer maydonidan yanada unumli foydalanish, bog‘dorchilikda iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan qadamdir. Zero, qishloq xo‘jaligida eskirgan yoki kam hosil berayotgan bog‘larni o‘z vaqtida yangilash, iqlim va bozor talablariga mos ekinlarni tanlash fermer xo‘jaliklari daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Tumanda zamonaviy texnologiyalarga asoslan-gan bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Sirdaryo bog‘rog‘lari” MCHJ tomonidan 30 gektar maydonda “Avatar” navli uzum ekilgan. Yangi texnologiyalar asosida barpo etilgan mazkur uzumzorda suvni tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yondashuv qo‘llanilmoqda. Shu bois intensiv bog‘lar va zamonaviy uzumzorlar tashkil etishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, har bir gektardan olinadigan hosil va sarflanayotgan resurslar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Tumandagi yana bir tajriba “Baxmal lider chorvador” MCHJ issiqxonasida gidroponika usulda pomidor yetishtirilmoqda. Bu usul tuproqsiz muhitda ozuqaviy eritmalar yordamida o‘simliklarni parvarishlash imkonini beradi. Texnologiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali suv va ozuqa moddalaridan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish jarayonini nazorat qilish mumkin.
Yerdan samarali foydalanish haqida so‘z borganda bu jarayonni faqat yirik fermer xo‘jalik-lari yoki zamonaviy issiqxonalar faoliyati bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Aslida har bir xonadonning tomorqasi, bog‘i va hatto daraxtlar orasidagi bo‘sh maydon ham qo‘shimcha daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Sayxunobod tumani “Ittifoq” mahallasida yashovchi Hayitali Ahmedovning xonadonidagi bog‘ bunga misol bo‘la oladi. U o‘z xonadoni hududida 10 sotix yer maydonida intensiv usulda “Pink ledi” navidagi olma ko‘chatlarini ekib, ularni parvarishlash bilan shug‘ullanmoqda. Buning o‘ziyoq tomorqaga oddiy yer maydoni emas, balki oila farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi iqtisodiy imkoniyat sifatida qarash kerakligini anglatadi.
Hayitali aka bog‘ parvarishi bilan cheklanib qolmaydi. Bahorda daraxtlar orasidagi maydon-lardan unumli foydalanib, kartoshka va sarimsoq piyoz yetishtiradi. Bu orqali bir maydon-dan bir nechta turdagi mahsulot olish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va mahalliy bozorlarni mahsulot bilan ta’minlashga hissa qo‘shish mumkin.
Albatta, bunday usulni har qanday bog‘da shu tarzda qo‘llab bo‘lmaydi. Ekin turini tanlashda daraxtlarning yoshi, soyalanish darajasi, tuproq holati va suvga bo‘lgan ehtiyoj hisobga olinishi lozim. Ammo agrotexnik talablarga amal qilingan holda bog‘ oralaridan foydalanish oilaviy xo‘jalik samaradorligini oshirishning maqbul yo‘llaridandir.
Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar yerga egalik qilishning haqiqiy mazmunini namoyon etadi. Yerga egalik faqat undan foydalanish huquqiga ega bo‘lish emas, balki uni asrash, parvarishlash va imkoniyatlarini ishga solish mas’uliyatini ham anglatadi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham faqat davlat idoralari yoki ishlab chiqaruvchilarning vazifasi emas. Bu jarayonda har bir fermer, tomor-qa egasi, tadbirkor va fuqaroning o‘z o‘rni bor. Kimdir bir gektar yerda bog‘ barpo etadi, kimdir issiqxonada mahsulot yetishtiradi, yana kimdir o‘z tomorqasidagi bo‘sh maydondan unumli foydalanadi. Ana shu sa’y-harakatlar birlashganda ular iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini mustahkamlaydi.
Zero, yerning qadri undan olingan hosilda, mehnatning qadri esa uning samarasida namoyon bo‘ladi. Boqimandalikdan voz kechib, tashabbus ko‘rsatgan, mavjud imkoniyatlarni qadrlagan va har bir qarich yerga mas’uliyat bilan yondashgan inson albatta natijaga erishadi. Eng muhimi, yerni qarovsiz qoldirmaslik, uning har bir imkoniyatni ishga solish va bugungi mehnat orqali ertangi farovonlikka zamin yaratish har birimizning hayotiy tamoyilimizga aylanishi kerak.
Xurshida NISHONOVA

Xurshida NISHONOVA
Xurshida NISHONOVA
BO‘LIM MUHARRIRI