--

O-BU-NA (DUR)

O-BU-NA (DUR)
Chop etilgan 15 October, 2026

Obunaning yana bir mavsumi. Yana rejalar, topshiriqlar, mas’ullar va hisobotlar. Tashkilotlarga muayyan miqdorda obunani rasmiylashtirib bering, deyiladi. Tashkilot rahbarlari esa “Obunada ham reja bo‘ladimi ekan?” deyyishdi. Nega bo‘lmasin? Boshqa vazifalarda reja belgilanadi-yu, obunada nega reja belgilanmasin.

So‘nggi yillarda “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sirdarya” gazetalari mazmun va sifat jihatidan yangilanib, respublika va hudud hayotini yoritish, dolzarb muammolarni ko‘tarish, tahliliy, tanqidiy materiallar tayyorlashga alohida e’tibor qarat-moqda. Nashrlar sahifalarida odamlarning dardu tashvishlari, jamiyat-dagi o‘zgarishlar, yechimini kutayotgan masalalar va insonlar taqdirlari o‘z ifodasini topmoqda. Gazetalarni o‘quvchilar qo‘liga borib yetishi uchun ham izchil harakatlar davom etmoqda. Hududiy va xalqaro memorandumlar imzolandi. Tahririyat qoshida muzey tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlari kuchaytirildi. Yosh muta-xassislar ishga olindi.  

Biroq tahririyatdagi bu yangilanishlarga rahbarlarning muno-sabati o‘zgardimi? Gazetaning mazmunini boyitish, o‘quvchiga manfaatli materiallar taqdim etish qanchalik muhim bo‘lsa, rahbarlarning nashrlarga befarq bo‘lmasligi, ularni o‘qishi, sahifalarda ko‘tarilayotgan masalalarga e’tibor qaratishi ham shunchalik ahamiyatli. Afsuski, ayrim hollarda obunaga munosabat ahamiyatsizdek ko‘rinadi. Har qanday nashr rahbarning stoliga yoki tashkilotning umumiy xonasiga yetib borishi bilan emas, o‘qilishi, muhokama qilinishi va unda ko‘tarilgan muammolarga munosabat bildirilishi bilan o‘z vazifasini bajaradi. Shu ma’noda gazetalarga obuna bo‘lish bilan birga gazetaga haqiqiy ehtiyoj va mutolaa muhitini shakllantirishga ham e’tibor qaratish vaqti keldi. Vaholanki obunaning asl maqsadi gazetani o‘quvchiga yetkazishdir.

Viloyatimizga Erkinjon Turdimov rahbarlik qilgan davrda gazetalarga ham jiddiy e’tibor qaratildi. Viloyat hokimi o‘rinbo-sarlari, tashkilot rahbarlari oldiga gazeta o‘qish, maqolalar chiqarish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Obuna ko‘rsatkichlarini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar bo‘ldi. Vohamiz tarixi, buguni va kelajagi uchun muhim bo‘lgan bir necha kitoblarning nashr etilganligi nafaqat muallif yoki muayyan tashkilotlarning balki butun Sirdaryo xalqining ma’naviy-madaniy yuksalishiga xizmat qiladi, desak, xato emas. Ammo bugun viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqa tuzilma rahbarlari bilan birga xodimlarning gazeta o‘qishga undash, obunachilarni ko‘paytirish, jamoada mutolaa madaniyatini shakllantirish birinchi rahbarga bog‘liqmi ekan, degan fikr o‘ylantiradi. Har bir inson o‘z ma’naviy saviyasini yuksaltirish, xodimlarni ham bunga jalb etish uchun nahot topshiriq shart bo‘lsa?..

Bu savol kimnidir ayblash uchun emas, shakllangan tajribadan qanday xulosa chiqarishimiz kerakligini anglash uchun. Agar gazeta obunasi tashkilot rahbarining topshirig‘i bilan rasmiylashtirilgan bo‘lsa-yu, gazetalar xodimlarga yetkazilmagan, kutubxona yoki umumiy foydalanish joylarida o‘qish uchun sharoit yaratilmagan bo‘lsa, bunday obunaning jamoatchilikka nafini qanday baholaymiz?

Ayrim tashkilotlarga qadam ranjida qilganimizda gazetalarning taxlam-taxlam holatida javonlarda uyulib yotganligini ko‘rib, kayfiyatimiz buzilgani ham bor gap. Bitta gazeta chop etilgunga qadar qancha fidoyi insonlar zahmat chekishini o‘sha tashkilotlarning mas’ullari tasavvur ham qila olmaydilar. Qog‘ozdagi obuna gazetxon borligining kafolati emas. To‘g‘ri, har bir rahbarning zimmasida ko‘plab vazifalar bor. Hududni obod qilish, aholi bandligini ta’minlash, xizmatlar sifatini oshirish, muammolarga yechim topish — bularning barchasi muhim. Ammo rahbar jamoatchilik fikrini anglash, odamlarning dardu tashvishlarini eshitish va jamiyatdagi jarayonlarni kuzatish uchun ham axborotga muhtoj. Gazeta esa bu boradagi manbalardan biri. Shunday ekan, rahbar gazetani faqat obuna mavsumida eslasa, uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanyapti, deb bo‘ladimi?

Shu o‘rinda esllatib o‘taman. Tanish-bilishlarimizga, qarindosh-urug‘larimizga choyxo-nada osh beramiz. Buni mehmon-do‘stlik, hurmat va oqibat belgisi, deb bilamiz. Shunday ekan, yaqinlarimizga bir yillik gazetani obuna qilib berishni ham yaxshi odatga aylantirsak. Bu ham savob, ham yaxshi an’ana, ham hurmat, ham oqibat emasmi aslida?!..

Chunki obuna faqat tashkilotlar va rahbarlar zimmasidagi vazifa emas. U har birimizning mutolaaga munosabatimiz, xodimlarimiz, farzandlarimiz va yaqinlari-mizning ma’naviy dunyosiga befarq emasli-gimiz bilan ham bog‘liq. Gazetaga obuna bo‘lishni majburiyat sifatida emas, axborot olish, fikrlash va ma’naviy boyish ehtiyoji sifatida shakllantira olsak, obunaga munosabat ham o‘zgaradi. Rahbar xodimiga gazeta obuna qildirish bilan emas, avvalo o‘zi mutolaa qilishda ibrat ko‘rsatishi, maqolalarni muhokama qilishi va jamoada mutolaaga qiziqish uyg‘otishi bilan namuna bo‘lsa, natija boshqacha bo‘ladi. Ayrim hollarda tashkilot obuna bo‘lishga qaror qilgan, mablag‘ rejalashtirilgan, zarur hujjatlar tayyorlangan bo‘ladi. Ammo to‘lov o‘z vaqtida amalga oshmaydi. Nima uchun? Hujjatlarda kamchilik bormi? Mablag‘ ajratish va to‘lash tartibiga rioya qilinmaganmi? Yoki jarayon mas’ullarning beparvoligi tufayli cho‘zilyaptimi?

Bu savollar g‘aznachilik tizimi xodimlariga. Albatta g‘aznachilik xodimlarining vazifasi davlat mablag‘larining qonuniy va belgilangan tartibda sarflanishini ta’minlash. Agar hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, u ko‘rsatilishi va bartaraf etilishi kerak. Agar to‘lovni amalga oshirish uchun qonuniy asos mavjud bo‘lsa, jarayonning asossiz cho‘zilishiga ham yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Obuna bo‘lish boshqa, gazetaning haqiqiy o‘quvchisini shakllantirish esa boshqa masala. Bu jurnalistlarning ham doimiy dolzarb vazifasi. Mushtariy esa obunani qog‘oz sotib olish emas, axborot va fikr olish imkoniyati deb bilishi lozim. Zero, reja bajarilgani — ishning yakuni emas. Uning odamlarga qanday naf keltirgani muhim. Gazetaga obuna bo‘lish fikrga yo‘l ochishdir. Xo‘sh, bugun viloyat hokimligi mutasaddilari viloyatimizning bosh nashrlari bo‘lmish “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sirdarya” gazetalariga obunani munosib tashkil etib, o‘tgan yilda shakllangan an’anani davom ettiradilarmi? Jamiyatimiz ma’naviy saviyasini yuksaltirish, aholida mutolaa madaniyatini oshirish yo‘lida hududlar kesimida kelgusi yilda ham otaxon gazetalarimiz eng ko‘p adadli nashrlar qatoriga kirishida yanada jonbozlik ko‘rsatadilarmi?

Yoki... “O-bu-na-dur”, deya o‘zlarini go‘llikka solib, talmovsirab yuradilarmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

Bilganlar uchun obuna – dur, bilma-ganlar uchun o-bu-nadur, nimadur bolib qolaveradi.

Mavzuga yana qaytish sharti bilan...

Bahrom BOYMURODOV