--

“O‘zimning yangi hayotimni boshlashim kerak...”

“O‘zimning yangi hayotimni boshlashim kerak...”
Chop etilgan 16 October, 2026

Ilgari qo‘rqardim... hozir esa o‘zim eplay olaman. Lyudmila Lopatinaning bu so‘zlarida o‘zi bosib o‘tgan yo‘lning izlari bor. Qo‘rquvdan ishonchgacha, boshqalar yordamiga ehtiyoj sezishdan mustaqil harakat qilishgacha bo‘lgan yo‘l. Bu yo‘l oson kechmagan. Uning bolaligi, ulg‘ayish yillari va bugungi orzulari haqidagi hikoyani tinglar ekansiz, inson taqdirida qanchadan-qancha aytilmagan gaplar, ko‘rinmas iztiroblar va hali ro‘yobga chiqmagan umidlar borligini his etasiz. Sirdaryo tumanidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar “G‘amxo‘rlik” markazida har bir insonning qadr-qimmati, qobiliyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratiladi. u yerda ayollarga tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda jamiyatga moslashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda markazda 273 nafar ayol doimiy istiqomat qiladi. Ularning parvarishi va salomatligini ta’minlash uchun 186 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Yashovchilarning qiziqish va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tikuvchilik, kashtachilik, pazandachilik, rasm chizish, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik hamda turli qo‘l mehnati mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda 132 nafar ayol mehnat terapiyasiga jalb etilgan. Bu mashg‘ulotlar shunchaki vaqtni mazmunli o‘tkazish vositasi emas, balki ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, kundalik hayot ko‘nikmalarini rivojlantirish va mehnati orqali o‘z imkoniyatlarini his etishiga xizmat qiladi. Shuningdek, markazda sportga ham alohida e’tibor qaratilib, 61 nafar ayollar stol tennisi, shashka, yengil atletika va armrestling bilan shug‘ullanmoqda.

Lyudmila Vitalyevnaning hayot yo‘li ana shu imkoniyatlar inson taqdirida qanday o‘zgarishlar yasashi mumkinligini ko‘rsatadi. 1990-yil 22-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan Lyudmila tug‘ilganidan so‘ng onasi tomonidan tug‘ruqxonada qoldirilgan va Go‘daklar uyiga topshirilgan. To‘rt yoshida jismoniy va ruhiy rivojlanishidagi o‘ziga xosliklar sabab Toshkent shahridagi 2-sonli bolalar “Muruvvat” uyiga o‘tkazilgan. Voyaga yetgach, 2008-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi ayollar “Muruvvat” uyiga joylashtirilgan va u yerda 12 yil yashagan. 2019-yilda Lyudmila opa Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga qabul qilingan. Keyingi yillarda uning holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, 2024-yildagi tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, avvalgi tashxisi qayta ko‘rib chiqilgan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, u muloqotga kirisha oladi, o‘ziga to‘liq xizmat ko‘rsatadi va kundalik yumushlarni mustaqil bajara oladi. Bugun Lyudmila opa mehnat terapiyasi mashg‘ulotlarida faol qatnashadi. Tikuvchilik va biserdan turli buyumlar yasashga qiziqadi. Shuningdek, kichik tibbiy xodimlarga bemorlarni parvarish qilishda yordam beradi. O‘qish-yozishni o‘rganishga, shashka va tennis kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga ham qiziqishi uning yangi ko‘nikmalarni egallashga intilayotganidan dalolat beradi. Lyudmila opa bilan olib borilgan psixologik suhbatlarda uning mustaqil bo‘lish istagi kuchli ekani, o‘z orzu va maqsadlariga erishish uchun harakat qilishga tayyorligi namoyon bo‘lgan. Uning uchun mustaqillik — shunchaki istak emas, balki o‘z hayotini o‘zi boshqarish sari tashlangan muhim qadamdir.

— Yoshim 36 da. Endi o‘z shaxsiy hayotimni boshlashim kerak. Hozir orzularim bor, oldimga maqsadlar qo‘yganman. Shularga intilyapman, — deydi Lyudmila opa. Bu so‘zlar ortida yillar davomida to‘plangan armonlar bilan birga kelajakka bo‘lgan umid ham mujassam. Uning mustaqil hayotga intilishi esa to‘g‘ri yondashuv, psixologik ko‘mak va muntazam qo‘llab-quvvatlash naqadar muhimligini ko‘rsatadi.

“G‘amxo‘rlik” markazida mehnat terapiyasini rivojlantirish, yashovchilarning qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnati natijasini qadrlashga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, mehnat terapiyasi orqali tayyorlangan buyumlar va chizilgan rasmlar Navro‘z bayramida tashkil etilgan inklyuziv auksionda namoyish etilib, 33,5 million so‘mga sotilgan edi. Bu esa yashovchilarning ijodiy mehnati va qobiliyatlarini munosib qadrlash imkonini bermoqda.

Markazda oilaviy muhitga qaytish imkoniyatlarini o‘rganish ishlari ham olib borilmoqda. Yashovchilarni yaqinlari bilan muloqotda tutish uchun maxsus uchrashuv xonasi tashkil etilgan, zaruratga ko‘ra videomuloqot orqali ham suhbatlashish imkoniyati yaratilgan. 2026-yil davomida besh nafar yashovchi oilasiga qaytarilgan. Shuningdek, ayrim ayollarni kichik hajmli uylarga joylashtirish va mustaqil hayotga bosqichma-bosqich tayyorlash rejalashtirilgan. Bunday yondashuv insonning faqat bugungi ehtiyojlarini qondirish bilan cheklanmay, ertangi hayotiga ham yo‘l ochadi. Har bir yashovchining imkoniyati va ehtiyojini hisobga olgan holda ish olib borish, uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Lyudmila opa misolida ham buning ahamiyatini ko‘rish mumkin. Uning o‘qish-yozishga, sportga, mehnat mashg‘ulotlariga qiziqishi va mustaqil bo‘lishga intilishi kelajak sari tashlangan qadamlaridir. Zero, inson hayotida mehr va e’tibor ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin. Ba’zan o‘z qobiliyatiga ishonish, mehnatining natijasini ko‘rish va kelajak uchun maqsad qo‘yishning o‘zi yangi hayotga boshlovchi kuchga aylanadi.

“Endi o‘zimning yangi hayotimni boshlashim kerak.”

Diyora ISMOILOVA

Diyora ISMOILOVA
Diyora ISMOILOVA
Reporter