--

JAMILA INTILISHDAN CHARCHAMAYDI

JAMILA  INTILISHDAN  CHARCHAMAYDI
Chop etilgan 9 August, 2026

Jamilaning asl kasbi ona tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchisi, Jizzaxning Zomin tumanida 19 yil maktabda dars bergan. Keyin qo‘lidan bichish-tikish kelganligi bois bir necha yil Zomin badiiy buyumlar fabrikasida ishladi.

U boshiga tushgan sinovlarga bardosh berib, yolg‘iz o‘zi uy-joy qilishga, ro‘zg‘or tebratishga urindi, afsuski, hadeganda ishlari yurishavermadi. Shunda yaqinlari bilan maslahatlashib, xorijga borib, ishlashga ahd qildi. Uch nafar farzandini ham o‘zi bilan olib ketdi.

Jamila oilaviy sharoiti tufayli Rossiya Federatsiyasida 12 yil ishla-gach, yaqin-laridan yiroqda yurishga nuqta qo‘yib, Vatanga qaytdi... Lekin uning bu xulosaga kelishi oson bo‘lma-di. “Yurtimga qaytsam qiynalib qolmasmikanman, yolg‘iz o‘zim uch nafar farzandni tarbiyalay olaman-mi?”, degan o‘y-fikrlar unga tinchlik bermasdi. Ana shunday kezlarda u ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizda bo‘layotgan katta o‘zgarishlar ayniqsa, Prezidentimiz, tomonidan ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlarni, tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor berilayotganligini kuzatdi va  qaytishga ahd qildi. Ona yurtda ham shu ishni davom ettirish mumkinligiga, mehnat qilib hayotda o‘z o‘rnini topishiga, farzandlarini oyoqqa qo‘yishiga ishondi.

Jamilaning eng katta niyati uy olish edi. Niyati amalga oshdi. Xorijda ishlab, topgan mablag‘iga Mirzaobod tumanidagi namunali uylardan birini sotib oldi. 2015-yilni farzandlari bilan yangi uyda kutib olgan kuni dunyoda undan baxtli odam yo‘q edi. Chevarlik bilan shug‘ullanib, asta-sekin ro‘zg‘orning kam-ko‘stini butladi. Mahalladoshlaridan tushgan buyurtmalar soni ortib borardi. “Bog‘iston” MFY faollari Jamilaning kasb-kori, yaxshi chevarligidan xabar topib, uni yo‘qlab borishdi, kredit olib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini taklif etishdi. Shu tariqa mahallada yana bir tadbirkor ayol kashf etildi.

Jamila Rasulova aslida tadbirkorlikni xorijdayoq boshlab yuborgan, o‘rni kelganda o‘ziga hamkorlar ham topgan edi. MFY raisi Zaynab Abdujalilova unga bu borada yo‘l-yo‘riq, tavsiyalar berdi. Jamilani mahalla faollari qo‘llab-quvvatladi. Hayotda sinovlarga duch kelib, hamisha yo‘l topgan tavakkalchi ayol bankdan 30 million so‘m miqdorda kredit olib, 5 ta tikuv mashinasi sotib oldi. Ish boshlashdan avval bozorni o‘rgandi. Yaqindagina qizchalar uchun nimcha tikib yurgan chevar yotoqxona choyshablari to‘plami va ko‘rpa-to‘shaklarga talab borli-gini aniqlab, so‘ng astoydil ishga kirishdi, xaridorgir mahsulotlari bozorga chiqarildi. Buyurtmachilar ko‘paydi, talabgorlar ortdi. Rossiyadagi “Svetofor” firmasi bilan ham shartnoma tuzdi. Ayni paytda firmaning poytaxtdagi do‘konlariga mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Sirdaryoda - Mirzaobodda tikib, tayyorlangan mahsulotlarning xorijda ham xaridorlari borligidan barcha xursand. Shuningdek, yana boshqa joylarda ham uning mahsulotlariga qiziqish uyg‘onmoqda. Eng muhimi, tadbirkor uyda o‘tirgan bir necha nafar ayolni ish bilan band qildi. Jamila ularga matolarni bichib, tarqatadi. Chevarlar uylarida o‘tirib, tikishadi. Keyin ular tikkan mahsulotlar jamlanib, buyurtmachilarga yuboriladi. Bugun “Uzum” marketda ham sotuv yo‘lga qo‘yilgan.

— Kredit to‘lovidan qutulganmiz. Endi faoliyatimizni kengaytirish uchun namunali uyimiz hovlisidagi bo‘sh joyda tikuvchilik sexi uchun bino qurganmiz, u ishga tushgach, yana bir necha mahalladosh ayollar ishli bo‘lishadi,— deydi Jamila. – Eng quvonchlisi, ijtimoiy loyihalar dasturiga ko‘ra, 25 million so‘mlik vaucherni qo‘lga kiritdim va bu albatta, yangi maqsadlarga, qishloqda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Darvoqe, J.Rasulova berilgan ana shu imtiyozlardan unumli foydalanganligi uchun oilasi, farzandlarining kelajagini yaratishga imkon yaratdi. Ikkinchi qizi Laziza Rossiyada texnika universitetini tamomladi, o‘g‘li Umidjon esa, o‘sha oliygoh talabasi.

Ha, Sirdaryoda mustaqillik bergan imkoniyatlar, ayollar uchun yaratilgan imtiyozlar bois zamon bilan hamnafas bo‘lib, o‘z taqdirlarini yaratayotgan xotin-qizlar ko‘p.

Xolida PARDABOYEVA

Suratlarda: Jamila Rasulovaning uy sexida ish jarayonidan lavhalar.