Yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot, har bir tashabbus har bir inson turmush tarzini yaxshilashga, uning kundalik hayotiga quvonch va farovonlik olib kirishga xizmat qiladi. Sirdaryo tumanida davom etayotgan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat” oyligi doirasida — mahallalarni obod qilish, aholining dardu tashvishlariga sherik bo‘lish va eng muhimi, mehnatsevar oilalarning namunali tajribasini ommaga tanitish orqali jamiyatda halol mehnat madaniyatini kuchaytirish ko‘zlangan. Muhtaram Yurt-boshimiz tashabbusi bilan mahallalarining har biriga tashkilot va korxona rahbarlari biriktirilgani bu jarayonni nafaqat tezlashtirdi, balki unga aniq mas’uliyat va samimiy yondashuv baxsh etdi. Tumanning bir qator mahallalarda qisqa muddat ichida ko‘chalar va
ariq-zovurlar tozalanib, daraxt-larga shakl berildi, devorlar oqlandi. Bu tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarish bo‘lsa-da, uning ortida
ehtiyojmand oilalarning muam-molarini o‘rganish, tomorqalarni tartibga keltirish va takroriy ekin ekish uchun amaliy yordam ko‘rsatish kabi chuqurroq ishlar
turibdi. Zero, haqiqiy obodon-chilik faqat ko‘cha-ko‘yning tozaligi bilangina emas, balki har bir xonadonning farovonligi bilan o‘lchanadi.
Ana shunday farovon xonadon-lardan biri “Elobod” mahallasining “Yengilmas” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Akram Abbazovlar oilasidir. Ayoli Sonya opa o‘z mahallasiga chinakam ibrat maktabini namoyish etmoqda. 25 sotix maydonga qurilgan
zamonaviy issiqxonada limon, apelsin, mandarin va bulg‘or qalampiri yetishtirish, shu bilan birga chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanish oilaga barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda barpo etilgan yigirmadan ortiq mevali daraxtlar bog‘i esa ayni damda mevalarga to‘lib-toshib, ko‘zni quvontirmoqda.
Bu xonadonda tabiat ne’matla-ridan oqilona foydalanish, tinimsiz mehnat qilish, o‘z samarasini ko‘rmoqda.
“Bosh” ko‘chasidan yurar ekanmiz, har bir xonadonning saranjom-sarishtaligi ko‘zga tashla-nadi. 35-uydagi Tugal aka Abladze xonadoni bu borada alohida o‘rin tutadi. 75 yoshli onasi, ayoli hamda bir o‘g‘il-qizining mehribon otasi bo‘lgan Tugal akaning yillar davomida bir mashg‘ulot sifatida ko‘rilgan hobbisi — noyob zotli kabutarlar parvarishi — bugungi kunda oilaning asosiy daromad manbalaridan biriga aylangan. Qushlar uchun alohida uychalar barpo etilgan bo‘lib, bu noyob kabutarlar nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda ham talabgorlarini topmoqda. Shu bilan birga u qo‘ychilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi, tomorqasidagi issiqxonada esa pomidor va bulg‘or qalampiri yetishtiradi. Kabutarlar sotuvidan oyiga kamida 25 million so‘m daromad olsa, issiqxonadan esa yiliga o‘rtacha 30-40 million so‘m mablag‘ oila budjetini boyitib turibdi. Bu — sevimli mashg‘ulotni daromad manbaiga aylantirish mumkinligining yorqin isbotidir.
Tumanning “Quyosh” mahalla-sidagi “Tashabbus” ko‘chasida yashovchi To‘qin aka Jangirovlar xonadoni ham e’tiborga loyiq. Ikki qiz va bir o‘g‘ilni tomorqadan olingan daromad hisobidan oliy ma’lumotli qilib voyaga yetkazgan To‘qin aka bugun yetti nevarasining quvonchi bilan yashamoqda. Ayoli o‘qituvchilik qiladi, o‘zi esa 5 sotix maydondagi issiqxonada yiliga ikki marta hosil olib, minglab ko‘chat ekadi. Faqat shu yilning o‘zida pomidordan 18 million so‘m sof daromad olgan bo‘lsa, umumiy hisobda tomorqadan yiliga 40-50 million so‘mgacha mablag‘ ishlab topadi. Bunga qo‘ychilikdan olinadigan foyda ham qo‘shilsa, xonadon farovonligining sabablari yanada oydinlashadi.
“Bog‘cha” ko‘chasidagi Saidazim bobo Sindarovlar xonadoni esa butunlay boshqa bir olamni — go‘zallik va estetika olamini — o‘zida mujassam etadi. Darvozadan hovliga, hovlidan ko‘chaga qadam qo‘yishingiz bilanoq ko‘z oldingizda ochiladigan yashillik, xuddi Shveytsariya tabiatini eslatuvchi manzara kishini hayratga soladi.
Ko‘plab davlatlarni ko‘rgan Saidazim bobo o‘sha yurtlardan olib kelgan noyob ko‘chatlarni o‘z hovlisiga ekkan — jumladan, shakli anjirga o‘xshab ketuvchi g‘aroyib anjir-shaftoli daraxti kishini beixtiyor lol qoldiradi. Olma, olxo‘ri, behi, o‘rik, uzum, nok, anjir — bu yerda deyarli barcha mevalarni topish mumkin. Qirq uch yil davlat idorasida halol xizmat qilgan bobo endilikda farzandu nevaralari bag‘rida tinch-totuv umr kechirmoqda, hovlisi esa nafaqat mo‘l hosil, balki ruhiy his-tuyg‘ular manbaiga aylangan.
Bu to‘rt — Abbazovlar, Abladzelar, Jangirovlar va Sindarovlar oilalari misolida ko‘ramizki, ularning har biri o‘zicha noyob yo‘l tanlagan. Kimdir issiqxonachilikka, kimdir kabutarchilikka, kimdir esa go‘zallik va manzaralilikka intilgan. Biroq ularni birlashtiruvchi umumiy jihat bor — bu halol mehnat, tinimsiz izlanish va tomorqadan unumli foydalanish madaniyatidir. “Mahallada obodlik va mehr-saxovat” oyligi “doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari aynan mana shunday fayzli maskanlarni ko‘paytirishga, ularning tajribasini keng tarqatishga xizmat qilmoqda. Zero, har bir mahalla o‘zining mehnatkash xalqiga tayanar ekan, farovon va obod kelajak sari qo‘yilgan qadamlar tobora ishonchli bo‘lib boraveradi.
Diyora ISMOILOVA
Shohjaxon Sharipov
olgan suratlar