--

TASHXIS QOʻYGAN SAVOLLAR

TASHXIS QOʻYGAN SAVOLLAR
Chop etilgan 6 August, 2026

Viloyatimizda uzluksiz bir oy davom etgan “Salomatlik marafoni” navbatdagi shunchaki “tibbiy koʻrik” emas, balki aholi salomatligini chuqur tahlil qilishga qaratilgan amaliy jarayon bo‘ldi. Marafon davomida shahardagi to‘rtta oilaviy poliklinikaga navbatma-navbat bir haftadan vaqt ajratilib, har bir hudud aholisi keng qamrovli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Guliston shahar tibbiyot birlashmasi davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Baxtiyor Bayzakov bergan statistik ma’lumotlariga koʻra marafon davomida 17 123 nafar fuqaro tibbiy muassasalarga murojaat qilgan. Shundan 16 267 nafari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Bu aholining o‘z salomatligiga e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ammo eng muhim ko‘rsatkich boshqa raqamlarda namoyon bo‘ladi. Chuqurlashtirilgan tekshiruvlar natijasida 4 449 nafar fuqaro tor mutaxassislar ko‘rigiga yo‘naltirilgan. Ularning 4 326 nafari mutaxassislar qabulidan o‘tgan.
Tekshiruvlar davomida 2 674 nafar surunkali kasalligi bor bemor aniqlangani ham e’tiborli. Ularning 2 041 nafari ambulator davolanishga, 203 nafari esa statsionar davolanishga yo‘naltirilgan.
Bu raqamlar oddiy statistika emas. Ular kasalliklarning aksariyati odam o‘zini sog‘lom his qilib yurgan paytda ham organizmda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Agar “Salomatlik marafoni” tashkil etilmaganida, ehtimol, yuzlab fuqarolar o‘zidagi xastalik haqida yana uzoq vaqt bexabar qolishi mumkin edi.
Marafon doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan, 312 nafar kam ta’minlangan fuqaro hamda 162 nafar bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular orasida 41 ta turli kasallik aniqlangani profilaktik tadbirlarning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Xoʻsh, nega unda ko‘pchilik shifokorga faqat kasallik bezovta qila boshlagandagina murojaat qiladi? Nega profilaktik ko‘riklar odatiy hayot tarzining bir qismiga aylanmagan?
Aslida, har qanday kasallikni ilk bosqichda aniqlash uni davolashni osonlashtiradi, asoratlarning oldini oladi va ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Kech aniqlangan kasallik esa nafaqat bemor, balki butun sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham katta mas’uliyat va yukdir.
“Salomatlik marafoni” ana shu jihatdan muhim tashabbus bo‘ldi. Uning yakunlari shunchaki hisobot emas, balki aholi salomatligining bugungi holatini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichdir. Endi asosiy vazifa bu kabi tadbirlarni faqat aksiya sifatida emas, balki yil davomida uzluksiz davom etadigan profilaktik tizimga aylantirishdan iborat.
Zero, sog‘lom jamiyat kasallikni davolash orqali emas, uni vaqtida aniqlash va oldini olish orqali barpo etiladi.
Sevinch NIYOZBEK QIZI

Sevinch G‘ANIYEVA
Sevinch G‘ANIYEVA
MUXBIR