--

BOLANING BOLALIGINI O‘GʻIRLAMANG

BOLANING  BOLALIGINI  O‘GʻIRLAMANG
Chop etilgan 31 July, 2026

Hozirgi kunda “repetitor” so‘zi, repetitorlik faoliyati ham hech kimga yangilik emas. Avvallari yuqori sinf o‘quvchilarigina oliygohlarga kirish uchun qaysidir fanlarni chuqur o‘zlashtirish maqsadida repetitorga borishardi. Bu albatta, ko‘proq o‘quvchining o‘z xohish va istagi bilan bo‘lardi.
Bugungi kunga kelib, fanlar bo‘yicha repetitor huzuriga qatnash, ularni tanlash ota-onaning izmida. Eng qizig‘i, oxirgi paytda hatto boshlang‘ich ta’lim va maktabgacha tarbiya tizimida ham bu faoliyatga qiziqish ortgan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: 5-6 (hatto 3-4) yoshli farzandlarini ham turli fanlar bo‘yicha pulli to‘garaklar, repetitorlarga majburlab olib borayotgan ota-onalar o‘g‘il yoki qizlarining murg‘ak yuraklarida qanday shirin tuyg‘ular, ilk orzulari borligini bilmay, bola hali o‘zi tasavvur ham qilmagan bilimlar olamining turli yo‘nalishlari, qirralari, murakkab teoremalarni o‘rganishga undashmoqda. Masalan, ayniqsa, hali o‘z ona tilini ham durust bilmagan kichkintoyning miyasiga o‘zga tillarni tiqishtirish to‘g‘rimikan? Balki bola qo‘shiq aytishni, raqsga tushishni,
rasm chizishni, sport turlari bilan
shug‘ullanishni suyar (bu yo‘nalish-lardagi to‘garaklarga farzandlarini jalb qilayotganlar, ularning yutuq-laridan faxrlanayotganlar ham ko‘p).
Aksariyat ota-onalarning esa maqsadlari bitta, farzandi hamma narsani tezroq va ko‘proq o‘rganib (hatto ingliz tilidan tashqari koreys, xitoy, yapon tillarini ham), tengdoshlaridan o‘zib ketib, eng zo‘r oliygohda yoki xorijdagi univer-sitetda bilim olsa, ishlasa. “Buning nimasi yomon?” dersiz. Albatta, yaxshi niyat yarim davlat. Hammaning bolasi o‘qib, o‘rgansin, yetuk inson bo‘lsin. Qizig‘i shuki, shu paytgacha hech kimdan, farzandim ma’naviyatli inson bo‘lsin, milliy qadriyatlarimizni o‘rgansin, deb repetitorga yuborayapman, degan gapni eshitganim yo‘q (bu albatta, mening shaxsiy fikrim).
Yana bir fikr. Turli davrlarda o‘rta maktablarda o‘qigan bolalar 1-sinfda qo‘liga daftar, ruchka tutib, alifboni o‘rgatgan  o‘qituvchisini butun umr yodlarida tutib, unga ta’zim qilib kelganlar. Bugungi bolalar-chi, ular birinchi o‘qituvchim, deyishganida kimni aytishadi? To‘g‘ri, bolaning ertaroq xat-savodi chiqishi, hisob-kitobni o‘rganishiga hech kim qarshi emas. Lekin ba’zilar buni me’yoridan oshirib yuborishayotgani sir emas. Bu bilan ular “jigarbandlarining bolaligini “o‘g‘irlashmayaptimikan?”, degan savol ham tug‘ilishi tabiiy.
Yaqinda bank sohasida ishlay-digan qizimga bir hamkasbi, “farzandingizni 4-5 yoshdan xorij tillarini o‘rgatadigan repetitorga yoki maxsus to‘garaklarga olib boring, u yerda yaxshi o‘rgatishadi, o‘qitishadi, alifboni, hisob-kitobni (matematikani), chet tilini o‘rganib maktabga borsa, qiynalmaydi”, - deganmish. Bu nazarimda, hali bolalik gashtini, zavqini surib ulgurmagan bolani erta ulg‘aytirib qo‘yishga o‘xshaydi. Buning
o‘rniga bola yoshiga munosib tarzda tasavvurini oshiradigan turli o‘yinlar, mashqlar bilan mashg‘ul bo‘lgani afzal. Ana shu o‘yinlar orqali ham bolada ko‘p narsa shakllanadi. Ota-onalar esa bolalar bog‘chasi dasturiga qanoat qilmay farzandlarini yuqoridagi kabi murakkab mashg‘u-lotlarga yetaklashadi. Albatta, hamma narsani erta boshlash, bolalarni bilimga undash yaxshi. Agar bola yoshidan o‘zib, hamma narsani o‘rganib, maktabga borsa, unda alifboni o‘rgatadigan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga na hojat?
Shu o‘rinda bizning bolaligimiz, o‘smirligimizga, ya’ni “repetitor” haqida tushunchaga ham ega bo‘lmagan davrga bir zumga qaytamiz. O‘sha paytlarda maktabda
olingan bilimlar bilan oliygohlarga kirganmiz, o‘z sohamiz bo‘yicha yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishgan-miz. Yoki u paytlarda maktab dasturlari mukammal, o‘qitilish darajasi baland bo‘lganmikan? To‘g‘ri, zamon o‘zgardi, mutaxas-sislar tayyorlashda talablar kuchaydi.

Hozirgi kunda o‘rta maktablarda dars berayotgan o‘qituvchilar oliygoh-lardagi kuchli talablar asosida o‘qib, qo‘llaridagi diplomlari bilan maktablarga borib dars o‘tayotgan bo‘lishsa, nega ular o‘quvchilarga mukammal darajada saboq berish-mayapti, shu bois “bitiruvchilar olgan bilimlari bilan oliy o‘quv dargohlariga kira olishmayaptimi?”, degan savollar tug‘ilishi tabiiy? Hozirgi kunda aksariyat o‘quvchilar maktablardagi darslarga erkin tarzda qatnab, yoki maktabdan keliboq bir nechta (o‘zlariga kerakli) fanlar bo‘yicha
repetitorga borishmoqda. Demak,
talab ikki hissa ko‘p, ya’ni ham maktabdagi o‘qituvchi, ham repetitor bergan topshiriqlarni bajarishadi. Bulardan tashqari, fan olimpiadala-rida qatnashish, til o‘rganish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro dasturlar asosidagi sertifikatlarga ega bo‘lish bitiruvchilarga oliy o‘quv dargohlariga kirish uchun tegishli imtiyozlar bermoqda. O‘quvchining o‘zida qiziqish, intilish bo‘lsa, u hammasiga ulguradi, ya’ni maktabda o‘qib, repetitordan qo‘shimcha saboqlar olish, oliygohga kirishga ko‘maklashadigan imtiyozli serti-fikatlarni qo‘lga kiritishga erishadi.
Yangi asrning boshlariga kelib
repetitorlik faoliyati yo‘lga qo‘yila
boshlandi. Bitiruvchi sinf o‘quvchi-larining ayrimlari asta-sekin repe-titorga qatnay boshladilar. Aksariyat o‘quvchilar esa maktabni tamomlab, orzulari sari intilib, o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha oliygohlarga kirardilar. Eng qizig‘i, repetitor qo‘lida qo‘shimcha saboq olgan bitiruvchilar orasida ham o‘qishga kirolmaganlar qancha edi. Demak, kafolatni na maktab, na repetitor bera oladi. Bir ayolni bilaman. qishloq maktabini a’lo baholar bilan tugatib, o‘sha yiliyoq poytaxtdagi nufuzli oliygohga (o‘sha paytdagi Toshkent politexnika institutiga) qabul qilindi va uni imtiyozli tugatdi. Salkam 40 yil o‘z sohasi bo‘yicha ishlab, nafaqaga chiqdi. Qishloqda o‘qigan bo‘lsa ham rus va ingliz tillarini yaxshi bilardi. Hozir maktabda o‘qiyotgan nabiralariga rus tili, matematika, geometriya, algebra va tarix fanla-ridan uy vazifalarini bajarishga yordam beradi. Shunda nabiralari, “buvijon, shuncha bilimingiz bilan nega maktabda dars bermaysiz, yoki repetitorlik qilmaysiz? Ayniqsa, rus tilini o‘qituvchimizdan ham yaxshi tushuntirasiz-ku”, deya so‘roqqa tutib  qolishadi.
Har bir oilaning, ayniqsa, bir nechta farzandi bo‘lsa, ularni alohida fanlar bo‘yicha repetitor qo‘lida o‘qitishga imkoni yo‘q.  Yana asosiy mavzuga qaytamiz. Farzandlarimiz  boshqalardan ko‘ra erta va ko‘proq puxta bilim olsin, deb ulardan ilk orzularini, bolalikning zavqu quvonchlarini tortib olmaylik. Maqolani tugatar paytimda bir tanish hamshira qo‘ng‘iroq qilib, shodligini shunday o‘rtoqlashdi:
— Opajon, yaqinda yetti yoshli qizimni maktabga borguncha vaqti
behuda o‘tmasin deb, arab tilini o‘rganish to‘garagiga, o‘n yoshli o‘g‘limni esa koreys tili bo‘yicha repetitorga olib bordim, til o‘rgan-ganlari yaxshi-da.
Ona o‘z niyatini amalga oshiribdi, lekin farzandlari-chi, hali kurtak
yozmagan orzulari, bolalik
quvonchlari-chi? Bularning o‘rniga u ona tilimizdagi qiziqarli ertak va hikoyalar jamlangan kitoblarni, milliy qadriyatlarimiz haqida tasavvur va ma’lumotlar beruvchi qo‘llanmalarni qo‘llariga tutqazsa, ayni muddao bo‘lardi, nazarimda.
Xolida PARDABOYЕVA