--

NAZM DAFTARIDAN

NAZM DAFTARIDAN
Chop etilgan 24 July, 2026

Rayhona Mamatqulova 2007-yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida tahsil olgan. Guliston davlat pedagogika instituti Tillarni o‘qitish fakulteti 2-bosqich talabasi.
Uning ijodidan namunalar “Yoshlik” jurnalida, “Ma’rifat va yoshlar”, “Oydin yo‘l”, “Guliston hayoti” gazetalarida chop etilgan. Yaqinda Zomim tumanida bo‘lib o‘tgan iste’dodli yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etib, qaytdi.
Rayhonaning yangi she’rlarini e’tiboringizga havola qildik.
Tahririyat

koʻk atirgullar
Endi bari mavhumdir, mavhum,
Yoʻllarimiz birmi yo ayro?
Jumboqman men, yechilmas tugun,
Hammasini ayladim vayron.

Gʻalatisan, derding jilmayib,
Balki xufton qildim dilingni.
Kitobimning ichiga qoʻyib,
Asrayman koʻk atirgulingni.

Sheʼr oʻqirding, sheʼrlar oʻqirdim,
Oʻzimizcha bitardik ashʼor.
Oʻsha iliq bahor kunlari
Meni ishqqa etdi giriftor.

Ilhom tuhfa etadi sogʻinch,
Bir kun baxtlar tutar qoʻllarni.
Eslamassan sen meni, lek men
Qoʻmsayman koʻk atirgullarni.


IQROR
Onajonim mening, eng chiroyligim,
Qirq bahor koʻrsa ham husni oyligim,
Bu ko‘hna dunyoda topgan boyligim,
Kaftingiz koʻzimga surganim boʻldi.

Dushvordir dunyoda yashamoq uzoq,
Bosgan qadamingda poylar bir tuzoq.
Omadim soʻrsangiz, omadim shu choq
Bu kun oʻn sakkizga kirganim boʻldi.

Dil qolib, daftarga sigʻmay qaydlarim,
Toʻxtamay oʻqidim yozgan baytlarim.
Ammo oʻz-oʻzimdan rozi paytlarim
Jimgina sukutda turganim boʻldi.


DUGONALAR ICHIDA
Bilingki, bir ziyo bor,
Parvonalar ichida.
Dunyo ichra dunyo bor
Dugonalar ichida.

Sal urushgani qancha,
Lab burishgani qancha,
Gap surishgani qancha
Dugonalar ichida.

Men ularni boricha,
Sevaman shu holicha,
Bolarining bolicha
Dugonalar ichida.

Sir daftarlar qatma-qat,
Hech kimga aytmang faqat.
Yashaydi pok muhabbat,
Dugonalar ichida.

Maʼno topmam, Rayhona,
Begonalar ichida.
Oʻrnim shu shoirona,
Dugonalar ichida.
Rayhona MAMATQULOVA