--

MUSTAQILLIK TO‘YLARI BARDAVOM

MUSTAQILLIK  TO‘YLARI  BARDAVOM
Chop etilgan 24 July, 2026

Davlatimiz mustaqillikka erishgan-ligining 35 yillik bayrami mamlakatimiz bo‘ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratay-lik!” shiori ostida qizg‘in nishonlanadi.Shuni mamnuniyat bilan e’tirof etish joizki, tarix uchun qisqa davr hisoblansa-da, ortda qolgan 35 yil davomida ozod va obod Vatanimizda olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yurtimizni jahon tanidi. Sportda, san’atda, ilm-fanda, iqtisodiyotda va boshqa sohalarda dunyo miqyosida faxrlansak arzigulik yutuqlarga erishdik. Eng muhimi, tinchlik barqaror, diyorimizning sarhadlari mustahkam, qo‘shni davlatlar bilan havas qilarli darajada do‘stlik aloqalari o‘rnatilgan, shaharlarimiz va qishloqlarimiz tanib bo‘lmas darajada yangicha qiyofa kasb etmoqda, yurtdoshlarimizning ongida o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsatdi, turmush farovonligi quvonarli darajada o‘zgarib bormoqda.
Eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan barcha hududlarda bo‘lgani kabi Yangiyer shahrining mahallalarida “Mustaqillik to‘yi” festivali ko‘tarinki ruhda shanba, yakshanba kunlari oqshom paytlarida maroqli va mazmunli tarzda tashkil etilayotir.
Shaharda o‘tkazilayotgan “Mustaqillik to‘yi” festivalining birinchi kungi tadbirlarida O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, falsafa fanlari doktori, professor, shoira Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston Kinoarboblar uyushmasi a’zosi, aktrisa Oygul Abdurahmonova, O‘zbekiston Kinoarboblar uyushmasi a’zosi, kinoaktyor Shavkat Komilov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Isroil Saidumarov va Sardor Bekmurodov ishtirok etib, o‘zlarining san’atlarini namoyish etgan holda yangiyerliklarning ko‘ngillarini xushnud qilishdi.
Festivalning dastlabki tadbirlari doirasida Yangiyer shahar “Kelajak markazi”da “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari”, Guliston davlat universitеtining Ijtimoiy fanlar fakultetida “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Yangiyer” sanatoriysida jamiyatda milliy birdamlik va ijtimoiy hamkorlik muhitini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etganlarning quvonchlari cheksiz bo‘ldi.
Festival doirasida Abdurahmon Jomiy nomli mahallada barpo etilgan “Yoshlar bog‘i”, shu mahallada joylashgan Yangi O‘zbekiston massivda barpo etilgan yopiq futbol maydonining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirlarda Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi rahbari Abdushohid Abduqodirov, shahar madaniyat bo‘limi vakillari, mahallalarning raislari rahbarligidagi “Mahalla yettiligi” a’zolari va faollar ishtirok etishmoqda. Aholi gavjum bo‘lgan maydonlarda jo‘shqin qo‘shiqlar yangrab, o‘yin-kulgi avjiga chiqqanida keksa-yu yoshlar quvonchli lahzalarda behad zavqlanishib, hozirdanoq dillarida bayram sururini his qilishmoqda.
Temur Malik, Jomiy, Bobur nomli, “Davlat-obod”, “Shodiyona”, “Ma’rifat”, “Yuksalish”, “Binokor”, “Shukrona”, “Fazilat”, “Navro‘zobod” va “Yangiobod” mahallalarida oqshomgi bazmlarda Yangiyer shahar 4-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi vakillari Farruh Shahobidjonov, Behro‘z Narzullayev va Abdulla Aliqulovlar tomonidan namoyish qilingan konsert dasturlari davralarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
Oqshomgi tadbirlar davomida hamshaharlarning dillariga ma’rifat ziyosini tarqatish maqsadida shahar Axborot kutubxona markazi mas’ul xodimi Oybek Boboyev tomonidan uyushtirilgan kitoblar savdosi alohida ahamiyat kasb etayotir. Ota-onalar birin-ketin farzandlarini yetaklab kelib, o‘zlari va farzandlari uchun badiiy kitoblarni xarid qilishayotgani mamlakatimizda kitob targ‘iboti ijobiy natijalarni ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.
—Shu kunlarda istiqlol bayramimizga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz,—deydi “Ma’rifat” mahallasi fidoyilaridan biri, shahar kengashi deputati Gulnora Boymirzayeva. — Qarang, ko‘chalarimiz obod, hovlili va ko‘p qavatli uylar sifatli ta’mirlanib, o‘zgacha chiroyga ega bo‘ldi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash uchun davom ettirayotgan sa’y-harakatlarimiz o‘zining samarasini bermoqda. Odamlarimizning ko‘zlaridan payqash mumkinki, ko‘ngillariga ayyom sururi allaqachon kirib kelgan. Bugungi tadbirni hamjihatlik bilan o‘tkazmoqdamiz.

Oqshom paytlarida salqin damlarda tashkil etilayotgan ko‘ngilochar tadbirlar yangiyerliklarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, mustaqil diyorda yashayotganliklari uchun shukronalik bildirishga undab, porloq kelajakka bo‘lgan ishonchlarini yanada yuksaltirmoqda.
Hasan ABDUVOHIDOV
Suratlarda: tantanali tadbirlardan lavhalar.

Hasan ABDUVOHIDOV
Hasan ABDUVOHIDOV
Ma'sul Kotib