Mustaqilligimizning 35 yilligi
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” g‘oyasi asosida nishon-lanadi. Shu munosabat bilan “Mahal-lada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilinib, hududlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bu vazifalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berildi.
Ayni kunlarda viloyatimizda o‘z navbatida Sirdaryo tumanida ham mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat tashkilotlari mahallalarga biriktirilgan, rahbarlar har kuni hududlarga chiqib, aholi bilan uchrashishmoqda, muammolarni o‘rganishmoqda.
Ammo ayrim odamlarning o‘z mahallasiga bo‘lgan munosabati ijobiy emasdek tasavvur uyg‘otadi. Ilgarilari mahallada hashar bo‘ladi, degan xabarning o‘zi kifoya edi. Hech kimni alohida chaqirishga hojat qo‘lmasdi. Yoshu-qari qo‘liga ketmon, belkurak yoki supurgi olib chiqar, ariqlar tozalanar, ko‘chalar tartibga keltirilar, daraxtlar oqlanardi. Hashar oddiy mehnat jarayoni emasdi. U odamlarni jipslashtiradigan qadriyat edi. Qo‘ni-qo‘shnichilikni mustahkamlaydigan an’ana edi. Yoshlarga tarbiya, kattalarga hurmat maktabi edi. Afsuski, bugun ana shu an’ana so‘nib borayotgandek. Ayrimlar hasharga chiqish o‘rniga turli bahonalarni ro‘kach qilishadi. Yana kimdir uyi atrofini tozalashni ham boshqaning vazifasi deb biladi.
Nahotki o‘zimiz yashab turgan xonadon atrofini, ko‘chamizni, arig‘imizni begona odam kelib, tozalab bersa? Nahotki shundan uyalmasak? Har bir inson o‘z xonadoni atrofining tozaligiga mas’ul bo‘lmas ekan, obodlik yuzasidan o‘zgarish bo‘lmaydi.
Bu o‘rinda “Mahalla yettiligi” barcha mas’uliyatni zimmasiga olishi lozim!
Mahalla raisi faqat hujjat rasmiylash-tirish yoki yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklanmasligi kerak. U nuroniylar bilan birgalikda mahallada jamoatchilik fikrini shakllantirishi, odamlarni bir maqsad atrofida birlashtirishi lozim.
Nuroniylar har bir ko‘chada obro‘-e’tiborga ega insonlar sifatida yoshlarga ibrat ko‘rsatib, hashar va obodonlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lishlari kerak.
Xotin-qizlar faoli xonadon bekasi mahallaning ham bekasi ekanini ayollarga tushuntirishi, farzand tarbiyasi avvalo ozodalik va poklikdan boshlanishini keng targ‘ib qilishi zarur.
Yoshlar yetakchisi esa, yoshlarning faqat tadbirlarda emas, balki mahalla hayotida ham faol ishtirok etishiga erishishi, ularda mahallaga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishi kerak.
Profilaktika inspektori, hokim yordamchisi va boshqa mas’ullar ham bu ishlarga faqat nazoratchi emas, targ‘ibotchi va tashkilotchi sifatida yondashsagina natija bo‘ladi. Odamlarni majburlab emas, tushuntirib, targ‘ibot qilib, birlashtirish mumkin.
Bugun ayrim mahallalardagi asosiy muammo mablag‘ emas, uyushqoqlikning, birdamlikning, hamjihatlikning susayib borayotganida. Odamlar ongida “Mening mahallam” degan tushuncha tobora yo‘qolib borayotgandek. Vaholanki mahalla – bitta katta xonadon. Uning obodligi hammaga birdek daxldor. Mustaqilligimizning
35 yilligini munosib kutib olishni istasak, avvalo atrof-javonibimizni toza va ozoda holga keltirishimiz shart. Uyimizda to‘y qilsak ham avvaldan barcha joyni saranjom-sarishta qilganimizdek, muqaddas ona Vatanimizning har bir mahallasi, har bir ko‘chasi va har bir ostonasini ham shunday mehr, e’tibor va mas’uliyat bilan asrashimiz kerak. Eng muhimi, har bir insonda “Bu mahalla meniki, uning obodligi uchun men ham mas’ulman”, degan tuyg‘uni shakllantirishimiz lozim. Zero, obod Vatan obod mahalladan, obod mahalla esa uyushgan, mas’uliyatli va birdam aholidan boshlanadi.
Obodlik masalasiga Muhtaram Yurtboshimiz e’tibor qaratayotgan bir paytda, nahotki o‘z ostonamiz, o‘z ko‘chamiz, o‘z mahallamiz tozaligiga o‘zimiz mas’ul bo‘la olmasak?
Xulosa barchamizdan!
Bahrom BOYMURODOV
OSTONAMIZNI BEGONALAR TOZALAMASIN
Chop etilgan
30 July, 2026
4
Tags::