Mirzaobod tumanidagi 532-safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini boshlanganda asosiy vazifa 100 nafar yoshni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni intizom va mas’uliyatga o‘rgatish edi. Bugun esa yig‘in yakunlandi. Bu o‘n kun yoshlar hayotida qanday iz qoldirdi?
“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasi bilan yoshlar o‘zlarini turli sinovlarda namoyon etdi. Faollar va g‘oliblar taqdirlandi. Tantanali marosim, konsert dasturi bilan yig‘in nihoyasiga yetdi. “Jasorat maktabi”ning asl yakuni bu emas. Chunki yoshlarni bir muddat harbiy tartibga moslashtirish mumkin. Lekin shu tartibni kundalik hayotga olib kirish, o‘z oldiga maqsad qo‘yish va unga erishish uchun mas’uliyatni his etish ancha murakkab vazifa.
Shu jihatdan yig‘in davomida yoshlarning qiziqishiga qarab kasbiy yo‘nalishlarga jalb etilgani alohida ahamiyatga ega. Startap, IT, santexnika va mebelsozlik bo‘yicha olingan dastlabki ko‘nikmalar endi amaliyot bilan mustahkamlanishi kerak. Belgilangan vazifaga ko‘ra, nazariy mashg‘ulotlardan keyin 20 kunlik amaliyot tashkil etilib, yoshlarni kafolatlangan ish o‘rinlari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Aynan shu jarayon “Jasorat maktabi”ning samaradorligini belgilay-digan muhim bosqichdir. Chunki kasb o‘rgangan yosh uni amalda qo‘llay olsa, o‘z mehnatidan daromad topsa, uning hayotga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Nazoratdagi yoshning o‘rniga o‘z kelajagi uchun javob beradigan yosh shakllanadi.
Yig‘in davomida har bir ishtirokchi o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdi. Kimdir jismoniy tayyorgarlikda, kimdir kasbiy qobiliyatda, boshqasi jamoa bilan ishlashda o‘zini namoyon etdi. Muhimi, ular o‘zida avval sezilmagan qobiliyatni kashf etish imkoniga ega bo‘ldi. Endi bu imkoniyatni yo‘qotmaslik kerak.
“Jasorat maktabi”da berilgan saboqlar kundalik hayotda davom etmasa, o‘n kunlik mehnatning ta’siri ham vaqt o‘tishi bilan susayishi mumkin. Aksincha, yosh ishli bo‘lsa, kasbini rivojlantirsa, sport bilan shug‘ullansa, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ysa – yig‘inning natijasi shunda namoyon bo‘ladi.
Zero, jasorat faqat harbiy maydondagi sinovlarda bilinmaydi. Uning eng katta sinovi – insonning o‘z hayoti oldidagi mas’uliyatidir. Qiyinchilikdan qochmaslik, halol mehnat qilish, kasb egallash, noto‘g‘ri yo‘lga ergashmaslik va kelajagini o‘z qo‘li bilan qurishga intilish – haqiqiy jasoratning o‘zidir.
Diyora ISMOILOVA
SINOV MAYDONIDAN HAYOT MAYDONIGACHA
Chop etilgan
5 сентябр, 2026
11
Teglar::