Oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘ini. Unda farzandlarning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi, munosib sharoitda tarbiya topishi eng muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, oilaviy munosabatlar buzilgan holatlarda voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minotiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq qariyb 11 mingta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilmoqda.Aliment shunchaki qonuniy majburiyat emas, avvalo, ota-onaning farzandi oldidagi burchidir. Shu bois aliment undiruvini ta’minlash bilan bir qatorda oilalarni yarashtirish va farzandlarni ota-ona mehridan bahramand qilishga ham qat’iy jalb etishga alohida e’tibor qilinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlari doirasida 1 700 dan ortiq tarafning o‘zaro yarashuviga erishilib, oilalar qayta tiklandi. Bu esa nafaqat bir oilaning, balki farzandlar taqdirining ijobiy tomonga o‘zgarishiga xizmat qiluvchi muhim natijadir.
Ijro harakatlari natijasida voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun 55 milliard so‘m miqdorida aliment mablag‘lari undirib berildi. Shu bilan birga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan qarzdorlarni ish bilan ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlashga ham e’tibor qaratilayotir. Tashkil etilgan mehnat yarmarkalari orqali 600 nafardan ziyod aliment to‘lovchi qarzdor doimiy ish joyi bilan ta’minlandi. Bu esa qarzdorlikni bartaraf etish bilan birga fuqarolarning mehnat qilib, farzandlari ta’minotida o‘z mas’uliyatini ado etishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Joriy yilda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan qarzdorlarning 341 nafari ma’muriy, 29 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Shu tariqa qonunbuzarlik uchun jazo muqarrarligi ta’minlanyapti.
Byuro organlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasi doimiy nazoratda. Aliment undiruvini ta’minlash, qarzdorliklarni bartaraf etish, qarzdorlarni ish bilan ta’minlash va oilalarni yarashtirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Zero, farzand ta’minoti har bir ota-onaning nafaqat qonuniy, balki ma’naviy va insoniy burchidir. Farzand manfaati yo‘lida qilingan har bir harakat esa jamiyatning ertangi kuniga qo‘yilgan muhim qadamdir.
Shuhrat MAHMUDOV,
MIB viloyat boshqarmasi katta inspektori,
Akmal LAPASOV,
Bosh prokuratura boshqarma prokurori