Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi farovonligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va iqtisodiyotda tejamkorlikni ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgan bir paytda quyosh panellaridan foydalanish nafaqat dolzarb ehtiyoj, balki har bir xonadon uchun manfaatli imkoniyatga aylanmoqda.
Zero, quyosh bepul va tuganmas tabiiy manba. Undan samarali foydalanish orqali xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatish va qo‘shimcha daromad olish mumkin. Muhimi, bu jarayon oila budjetiga yengillik yaratish bilan birga mamlakat energetika tizimi barqarorligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Viloyatimizda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lami kengayib, aholi, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan quyosh panellarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Energosavdo” filiali Sirdaryo bo‘linmasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Rustam Anarkulovning ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon viloyatdagi 287 ta aholi xonadonida umumiy quvvati 2 830 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Shuningdek, 460 ta ijtimoiy soha obyekti, davlat idorasi va tadbirkorlik subyektida umumiy quvvati 18 221 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari ishga tushirilgan. Bu raqamlar hududda muqobil energiya manbalaridan foydalanishga bo‘lgan e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Har bir o‘rnatilgan quyosh paneli bu energiya tejamkorligi sari tashlangan qadam, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikka qo‘shilgan hissadir.
Guliston tumani “Ishonch” MFY hududidagi Navro‘z ko‘chasida istiqomat qiluvchi Yakub Avezov ana shunday imkoniyatdan samarali foydalanayotgan fuqarolardan biri. U o‘z xonadoniga 10 kilovatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib, elektr energiyasini tejash va ortiqcha elektr quvvatini davlatga sotish orqali daromad olishni yo‘lga qo‘ygan.
Uning aytishicha, quyosh panellari nafaqat oila xarajatlarini kamaytirish, balki qo‘shimcha daromad manbaini yaratish imkonini ham bergan. Xonadonidagi quyosh qurilmalari orqali har oyda taxminan bir million so‘mlik elektr energiyasini davlatga sotishga erishmoqda.
— Quyosh panellarini o‘rnatib, uning samarasini ko‘rganimdan keyin bu ishning qanchalik foydali ekaniga amin bo‘ldim. O‘zimdagi natijani ko‘rgan qo‘shnilarim ham qiziqish bildira boshlashdi. Natijada o‘n nafar qo‘shnim ham o‘z xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatishdi, — deydi Yakub Avezov. Yaxshi tashabbus shaxsiy manfaat bilan cheklanib qolmaydi. Bir oilaning ijobiy tajribasi boshqalarni ham izlanishga, yangilikka intilishga va tejamkorlikka undaydi.
Quyosh panellarining muhim afzalliklaridan biri — ularning uzoq muddat xizmat qilishi. Sifatli panellar ishlab chiqaruvchining texnik talablariga muvofiq o‘rnatilib, muntazam nazorat va parvarish qilinsa, odatda 20–25 yil va undan ortiq muddat davomida elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Yana bir muhim jihatlardan biri shundaki, quyosh energiyasi atrof-muhitga zararli chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi. Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish orqali an’anaviy energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyojni pasaytirish, tabiiy resurslarni asrash va kelajak avlod uchun toza muhitni saqlashga hissa qo‘shishi mumkin.
Xurshida NISHONOVA