Kuz-qish mavsumi yaqinlashgani sari aholi xonadonlarida isitish moslamalaridan foydalanish, elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani nazorat qilish, mo‘rilarni tozalash va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki sovuq kunlarda e’tiborsizlik yoki oddiy ko‘ringan nosozlik ham inson hayoti, salomatligi va mol-mulkiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan, Boyovut tumanidagi mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, kuz-qish mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish va mo‘rilarni o‘z vaqtida tozalashning ahamiyati tushuntirilmoqda.
Aslida, yong‘inning oldini olish faqat yong‘in o‘chirish vositalarini tayyor holatda saqlash yoki yong‘in sodir bo‘lganda tezkor harakat qilish bilangina cheklanmaydi. Eng samarali yondashuv — xavfni u yuzaga kelmasidan oldin aniqlash va bartaraf etishdir.
Xususan, mo‘rilarning qurum bilan to‘lib qolishi, elektr simlarining eskirishi, tarmoqlarga ortiqcha yuklama tushishi, isitish uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish kabi holatlar jiddiy xavf manbai hisoblanadi. Shu bois xonadonlarda profilaktik tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazish va aholining bu boradagi mas’uliyatini oshirish muhimdir. Boyovut tumani “Ijodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, 500–600 nafar kishiga mo‘ljallangan dehqon bozorida ham yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bozor aholi gavjum bo‘ladigan, savdo-sotiq jadal kechadigan maskan. Bunday joylarda elektr tizimidagi kichik nosozlik yoki xavfsizlik qoidalariga beparvolik qisqa vaqt ichida jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli bu yerdagi profilaktik tadbirlar nafaqat savdogarlar, balki bozorga keluvchi xaridorlar xavfsizligi uchun ham muhimdir.
Bozor hududiga 360 darajali kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, jami 39 ta do‘konning elektr tizimi ko‘zdan kechirilib, nosoz qismlarini almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, har bir do‘konni o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Elektr ta’minoti tizimidagi transformator simlari ham ta’mirlanmoqda. Yong‘in o‘chirish avtomobillari bemalol harakatlanishi va zarur paytda hodisa joyiga to‘siqsiz yetib borishi uchun maxsus sariq chiziqlar chizilgan. Do‘konlar oldidagi ortiqcha rastalar olib tashlangan.
Bu kabi choralarning ahamiyati shundaki, yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda har bir daqiqa, hatto har bir soniya hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Biroq xavfsizlikni faqat texnik vositalar bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Savdogarlar va bozor ma’muriyatining mas’uliyati, belgilangan qoidalarga muntazam amal qilinishi ham bu borada muhim omillardan hisoblanadi.
Bozor ma’muri Madamin Bobobekovning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlar, eng avvalo, insonlar hayoti va xavfsizligini asrashga qaratilgan.
— Eng muhimi, insonlar hayotini, ularning xavfsizligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz, — deydi Boyovut tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi profilaktika katta inspektori, katta leytenant Otabek Anorqulov. — Agar noxush holat sodir bo‘lsa, jabr ko‘radiganlar orasida o‘z yaqinlarimiz ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun doimo hushyor bo‘lishimiz, xavfsizlik qoidalariga beparvo qaramasligimiz kerak.
Darhaqiqat, xavfsizlikka mas’uliyat bilan yondashish har bir insonning burchidir. Zero, yong‘inning oldini olishga qaratilgan bugungi chora ertangi kun osoyishtaligiga xizmat qiladi. Tumandagi profilaktik tadbirlar faqat savdo obyektlari bilan cheklanmayapti. Uchturg‘on mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylarda ham aholi bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Uchrashuvlarda yong‘in xavfi yuzaga kelganda, shuningdek, zilzila sodir bo‘lganida qanday harakat qilish kerakligi haqida ma’lumot berilmoqda. Aholiga favqulodda vaziyatlarda sarosimaga tushmaslik, xavfsiz evakuatsiya yo‘nalishlaridan foydalanish va belgilangan xavfsiz hududlarga chiqish tartibi tushuntirilmoqda. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda evakuatsiya yo‘laklarini to‘sib qo‘ymaslik, zinapoyalardan xavfsiz foydalanish, elektr jihozlarini nazorat qilish va yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish har bir xonadon egasining e’tiborida bo‘lishi lozim.
Kuz-qish mavsumida eng jiddiy xavflardan biri is gazi bilan bog‘liq holatlardir. Is gazi rangsiz va hidsiz bo‘lgani sababli uni insonning oddiy sezgi a’zolari orqali aniqlash qiyin. Shu bois gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan uskunalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, havo almashinuvini ta’minlash va mo‘rilarning holatini muntazam tekshirib borish zarur.
Eng muhimi, har bir xonadonda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, har bir insonda o‘z hayoti va yaqinlari taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish zarur.
Xurshida NISHONOVA