--

TAJRIBA VA SHIJOAT UYG‘UNLASHUVI

TAJRIBA VA SHIJOAT UYG‘UNLASHUVI
Chop etilgan 25 сентября, 2026

Viloyat musiqali drama tetatrida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan sohada faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar, o‘quvchi va talaba yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Otabek Musayev, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Dilobar Kattabekova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Bahodir Hamidjonov hamda tizim xodimlari qatnashdilar.

Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning fikr va tashabbuslarini o‘rganish uchun. Shu bois bu uchrashuvlarni norasmiy tarzda “Tajriba va shijoat” deb atagan bo‘lardim. Chunki katta avlodning hayotiy tajribasi yoshlar uchun muhim saboq bo‘lsa, yoshlarning shijoati va intilishi bizga yangi kuch bag‘ishlaydi, dedi Otabek Musayev.

Tadbirning o‘ziga xos jihati teatr sahnasidagi spektakl bilan uyg‘unlashtirilganida bo‘ldi. O‘zbekiston Davlat satira teatri tomonidan qirg‘iz yozuvchisi va dramaturgi Maar Bayjiyevning “Duel” novellasi asosida sahnalashtirilgan “Qalbim sohili” spektakli namoyish etildi. Sahnada uch inson ijrosi, ammo har bir tomoshabin o‘z hayotidan nimanidir topishi mumkin bo‘lgan uch xil taqdir. Spektakl hayot sinovlari, insonning qarorlari, irodasi va o‘zligini asrash masalalarini o‘rtaga tashladi. Sahnadagi voqealar tugagan bo‘lsa-da, ularning savollari tomoshabin qalbida davom etdi. Chunki yaxshi spektakl parda yopilishi bilan tuga-maydi. U tomoshabinning xayolida davom etadi. Kishi uyiga qaytar ekan, o‘zidan so‘raydi. Men shunday vaziyatda qanday qaror qilardim? Men tanlagan yo‘l to‘g‘rimi? Orzularim uchun yetarlicha harakat qilyapmanmi?” “Men o‘zligimni yo‘qotmasdan maqsadimga yeta olamanmi?” Shu ma’noda “Qalbim sohili” spektakli uchrashuvning oddiy badiiy qismi emas, balki uning ma’naviy davomiga aylandi.

— Bugungi uchrashuv biz uchun qiziqarli va mazmunli o‘tdi. Otabek Musayev bilan ochiq suhbat davomida ko‘plab savollarimizga javob oldik. “Qalbim sohili” spektakli ham inson hayoti, tanlovi va mas’uliyati haqida o‘ylashga undadi. Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun tajribali insonlar bilan bevosita muloqot qilish imkonini beradi, — deydi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktabi-internati o‘qituvchisi Sarvar Umarqulov.

“Tajriba va shijoat” uchra-shuvini bir tadbir doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydi. Bu avlod-lar suhbati, bu tajribaning yoshlikka uzatilgan qo‘li,bu shijoatning tajribadan kuch olishi. Va, ehtimol, bugun teatr zalida o‘tirgan yoshlar orasida ertaga madaniyat, san’at, sport yoki turizm sohasida katta iz qoldiradigan insonlar bordir. Negaki, yoshlarning qalbida yangi savollar, yangi g‘oyalar va yangi qadamlar boshlandi. Balkim, inson hayotidagi eng muhim sahna ham aynan shu yerdan o‘z qalbidan boshlanar.

Marjona MIRZABEKOVA

Marjona MIRZABEKOVA
Marjona MIRZABEKOVA
Репортер
Теги::