--

PENSIYA MIQDORINI NIMA BELGILAYDI?

PENSIYA  MIQDORINI  NIMA  BELGILAYDI?
Chop etilgan 24 сентября, 2026

Nega ayrimlar yuqori, bosh-qalar esa kam pensiya oladi? Pensiya miqdorini nima belgilaydi?

“Pensiyamning miqdori pensiyaga chiqqan kunimda emas, mehnat qilgan yillarimda qabul qilgan qarorlarimga bog‘liqligini oldinroq bilganimda...”

Pensiya tayinlanganidan keyin bunday gaplarni tez-tez eshitish mumkin. Lekin suhbat odatda boshqa savollar bilan boshlanadi. Kimdir “Umrim mehnatda o‘tdi, pensiyam shuginami?” deydi. Yana biri: “Biz

birga ishlaganmiz, nega unga ko‘proq chiqqan?” deb so‘raydi. Boshqasi esa: “Yuqori maosh olganman, nega hamma oylik maoshim hisobga olinmadi?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Pensiya qanday hisoblan-gani tushuntirilgach, ko‘pchilik “Buni 

oldinroq bilganimda ehtimol mehnat faoliyatimga boshqacharoq yondashgan bo‘lar edim...”, deydi.

O‘ylantiradigan jihat inson kam pensiya olganidan emas, uning miqdori mehnat faoliyati davomida qabul qilgan qarorlariga bog‘liqligini juda kech anglaganidan afsuslanadi. Agar rasmiy ish haqining ahamiyatini oldinroq bilganida, ehtimol yuqoriroq rasmiy maoshli ish izlagan bo‘lardi. “Konvertda” olingan oylikning ertangi pensiyaga ta’sir qilishini anglaganida esa, balki bunga rozi bo‘lmasdi. Mehnat staji va ish haqi haqidagi ma’lumotlarini vaqti-vaqti bilan tekshirib borganida, ehtimol bugun arxivma-arxiv yurishga ham hojat qolmasdi. Bu savollarga aniq javob yo‘q. Ammo haqiqat pensiya haqidagi eng muhim qarorlar pensiya yoshiga yetganda emas, mehnat faoliyati davomida qabul qilinadi.

Bu faqat ayrim fuqarolarning emas, ko‘pchilikning duch kelayotgan muammosi. Buni Pensiya jamg‘armasiga 2025-2026-yillarda kelib tushgan murojaatlar tahlili ham tasdiqlaydi. Murojaatlarning qariyb uchdan biri (30,6 foizi) pen-siya miqdori kamligi va uni qayta hisoblash masalalariga oid. Yana 18,3 foizi pensiya tayinlash, 13,2 foizi esa ish stajining ayrim davrlari hisobga olinmagani bilan bog‘liq.

Pensiya haqida so‘z ochilsa, ko‘pchilikda “Uzoq yillar ishladim, demak, pensiyam ham yuqori bo‘ladi”, degan qarash keng tarqalgan. Shuning uchun qabullarga kelgan fuqarolarning aksariyati ham suhbatni aynan shu savoldan boshlaydi. Biroq pensiya miqdori faqat ish stajiga emas, pensiya hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqiga ham bog‘liq. Boshqacha aytganda, inson qancha yil ishlagani muhim, ammo o‘sha yillarda unga rasman qanday ish haqi hisoblangani ham pensiya miqdoriga bevosita ta’sir qiladi.

Yaqinda qabulga kelgan bir fuqaro qariyb qirq yil shoshilinch tibbiy yordam tizimida ta’mirlovchi bo‘lib ishlaganini aytdi. “Shuncha yil ishlab, pensiyam shuginami?” Pensiya qanday hisoblangani tushuntirilgach, u endi pensiyasi haqida emas, mehnat faoliyati davomida qabul qilgan qarorlari haqida gapira boshladi.

Yana bir savol deyarli har kuni takrorlanadi: “Biz birga ishlaganmiz, nega unga ko‘proq chiqqan?” Bu savolning tug‘ilishi tabiiy. Axir ikki inson bir korxonada, bir lavozimda, bir necha yil yelkama-yelka ishlagan bo‘lishi mumkin. Biroq pensiya miqdori faqat ish stajiga bog‘liq emas. Rasmiy hisoblangan ish haqi, hisobga olingan mehnat staji, ayrim imtiyozlar va axborot tizimlarida shakllangan ma’lumotlar ham hisobga olinadi. Shuning uchun birga ishlagan ikki hamkasbning pensiyasi ham bir xil bo‘lmasligi mumkin.

Call-markaz tahlili fuqarolar eng ko‘p pensiya tayinlash tartibi, pensiya hisob-kitobi, to‘lovlar va proaktiv xizmatlar bo‘yicha ma’lumot so‘rayotganini ko‘rsatadi. Bu esa pensiyaga oid eng muhim savollar ko‘pchilik uchun hali ham tushuntirishga muhtoj ekanini anglatadi.

Yuqori maosh olgan fuqarolar “Nega yuqori olgan oylik maoshlarimning hammasi pensiya hisoblashda inobatga olinmadi?”, deydi. Buning sababi tushunarli. Ko‘pchilik pensiya hisoblashda mehnat faoliyati davomida olgan barcha ish haqi to‘liq hisobga olinadi, deb o‘ylaydi.

Pensiya hisoblashda butun mehnat faoliyati davomidagi ish haqi emas, so‘nggi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi eng maqbul ketma-ket 60 oylik ish haqi asos qilib olinadi.

Masalan, shartli ravishda Mavluda Aliyeva ism-familiyali o‘qituvchini olaylik. U 35 yil davomida maktabda ishlagan va so‘nggi yillarda oyiga o‘rtacha 8 million so‘m miqdorda rasmiy ish haqi olib turgan. U pensiya 

ham aynan shu miqdordan hisob-lanadi, deb o‘ylagan. Aslida esa pensiya hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq qismi inobatga olinmaydi. Demak, Mavluda opaning 8 million so‘mlik ish haqi to‘liq emas, balki qonunchilikda belgilangan yuqori chegara doirasida hisobga olinadi.

Bu qoidalarni pensiya tayinlan-gandan keyin bilish bilan mehnat faoliyati davomida bilish o‘rtasida katta farq bor. Agar inson ularni oldinroq bilsa, rasmiy ishlash, rasmiy ish haqi va kelajakdagi pensiyasiga ta’sir qiladigan qarorlarga boshqa-charoq qaraydi. Chunki ertangi pensiya, pensiya yoshiga yetganda emas, mehnat faoliyati davomida qabul qilingan qarorlar asosida shakllanadi.

Afsuski, ko‘pchilik yuqori-dagi kabi savollarga javobni pensiya tayinlangandan keyin izlaydi. Yaxshi tomoni shun-daki, bugun bu qarorlarni vaqtida qabul qilish uchun imkoniyat bor. Har bir fuqaro my.gov.uz portali orqali o‘zining raqamlashtirilgan mehnat staji, hisoblangan rasmiy ish haqi hamda Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga o‘tkazilgan majburiy badallari haqidagi ma’lumotlarni tekshirishi mumkin. Agar ma’lumotlarda xatolik yoki kamchilik aniqlansa, uni mehnat faoli-yati davomida bartaraf etish ancha oson. Bu esa ertangi pensiyaga ta’sir qiladigan muhim qarorlarni kech emas, o‘z vaqtida qabul qilish imkonini beradi.

Bugun har insson aynan shu savolni berishi kerakdir: “Ertangi pensiyam uchun men bugun nima qilyapman?”

Dilmurod SADULLAYeV,

Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i


Теги::

Читайте также

Смотреть все